Dunyo bozorida oʻzbek ipagiga talab ortib boryapti

    Xalqaro hamkorlik 16 Noyabr 2021 2026

    15-noyabrda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov Pokiston davlatining xom ipak importi bilan shugʻullanadigan “Namal International” kompaniyasi rahbari Rajab Hussain bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda ipakchilik sohasidagi qulay investitsion sharoitlar va imkoniyatlar yaratilganligi, bu borada hali bozor toʻliq egallanmaganligi, sohaga tegishli ishlab chiqarish korxonalari 7 yil mobaynida erkin faoliyat koʻrsata olishi haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

    Tomonlar oʻzaro manfaatli boʻlgan hamkorlik shartlari, narxlarning bozor maydonidan kelib chiqqan holda belgilanish tartiblari haqida kelishib olishdi.

    Bahrom Sharipov: “Yurtimizda 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari mavjud boʻlib, shulardan 80% i oldindan toʻlov asosida buyurtma boʻyicha ishlaydi. Agar yuqori sifatli ipak mahsuloti sotib olishni istasangiz, buyurtma olgan fabrikalarga sifatni nazorat qiluvchi mutaxassis biriktirib qoʻyishingiz mumkin. Buning uchun biz sizga barcha shart-sharoitlarni sizga yaratib beramiz. Istasangiz shu yerda zavod qurib faoliyat yuritishingiz va ish oʻrni yaratishingiz uchun ham huquqiy ham moddiy yordam beramiz”, — deya taʼkidladi.

    Xorijiy mehmonlar qay darajada sifatli ipak mahsulotlari ishlab chiqarilganligini oʻz koʻzlari bilan koʻrishlari uchun yurtimizdagi pillani qayta ishlovchi korxonalarga taklif etildi. Uchrashuv soʻnggida hamkorlar uyushmaning shourumini koʻzdan kechirdi, deb xabar beradi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.