"Oʻzbekiston Ipak yoʻlining porlab turgan marvarididir. Bu mamlakatning zamonaviy shaharlari - boy tarixga ega, jazirama quyosh ostida porlab turgan, ming yillar oldingi qadimiy Ipak yoʻli boʻylab sochilgan marvaridlar qadamjolaridir", deb yozadi nashr.
Maqolada mamlakat bagʻrida 8400 dan ortiq madaniy meros obyektlari joylashgani va ularning 209 tasi YUNESKO roʻyxatiga kiritilgani qayd etilgan. Oʻzbekiston boʻylab turli sayyohlik yoʻnalishlari, goʻzal tabiat maskanlari, milliy bogʻlar, togʻlar, choʻllar va oʻrmonlar, changʻi kurortlari, vinochilik va gastronomiya mavjudligi ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilinar ekan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Urganch, Termiz, Qoraqalpogʻistonning tarixiy obidalari Oʻzbekistonda tarixiy-maʼrifiy turizmning asosi hisoblanishi alohida taʼkidlangan.
Gazeta Samarqandni 2700-yildan ortiq tarixga ega boʻlgan tirik dunyo afsonasi sifatida taʼriflar ekan, koʻhna Rim va Bobil davrida mavjud boʻlgan ushbu shahar Oʻzbekistonning Janubiy-Sharqiy qismida joylashgani va Markaziy Osiyodagi aholi muqim yashaydigan eng qadimgi kentlardan biri hisoblanishini qayd etadi.
"Samarqand Xitoy va Oʻrta yer dengizi oʻrtasidagi Ipak yoʻlida joylashganligi sababli gullab-yashnagan va asrlar davomida Markaziy Osiyodagi eng buyuk shaharlardan biri boʻlib kelgan", deb yozadi nashr.
"Ipak yoʻlining porloq marvaridi" nomi bilan tanilgan shahar, 2500-yildan ortiq tarixga ega boʻlgan Oʻzbekistonning beshinchi yirik shahri - Buxoro afsonaga koʻra, Chingizxon qoʻshinlari Yevropaga qarshi yurishlari paytida Markaziy Osiyoni vayron qilganida Buxorodagi Kalon masjidini qoʻriqlayotgan baland minora u vayron qilmagan yagona inshoot edi", deb yozadi nashr.
Maqolada koʻhna va betakror Xiva haqidagi maʼlumotlar ham oʻz ifodasini topgan. Qadimiy devorlari, minoralari va loydan barpo etilgan noyob binolarga ega boʻlgan Xiva vohaning betakror tarixiy shahri ekanligi alohida taʼkidlangan.
"Oʻrta asr qalʼasi – Ichan qalʼada hamma narsa noyob koʻrinadi - oziq-ovqat, odamlar, nutq va hatto meʼmorchilik ham. Deyarli hamma narsa asl shaklida saqlanib qolgan. Koʻchalar tosh bilan qoplangan. Hamma joyda shaxmat donalari, minoralar, madrasa gumbazlari va masjidlarni koʻrish mumkin. Hatto zamonaviy binolar ham qadimiylikdan ilhomlangandek", deb yozadi gazeta.
Alohida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning madaniy merosi haqida juda koʻp yozish mumkin, ammo shuni taʼkidlash kerakki, oʻzbek milliy taomlari ham dunyodagi eng xilma-xil va rang-barang taomlar sirasiga kiradi. Gazeta oʻzbek milliy taomlarining xilma-xilligi va betakror taʼmiga ham alohida eʼtibor qaratgan.
Maqolada Oʻzbekistonda sayyohlar uchun logistikani osonlashtiradigan juda qulay transport infratuzilmasi yaratilgani, shu bois har bir sayyoh yolgʻiz, doʻstlari, oilasi yoki guruh boʻlib sayohat qilishi mumkinligi maʼlum qilingan.
"Eng mehmondoʻst mamlakatga xush kelibsiz", deb yozadi "Dagens Nyheter" kundalik gazetasi.