Mamlakatimiz ipakchilik sohasida koʻp yillik boy tajriba, yuksak salohiyatga ega. Xalqimizning mazkur yoʻnalishda erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilgan. YUNESKO tomonidan oʻzbek shoyi matolari — atlas va adras tayyorlashning qadimiy texnologiyasi nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish roʻyxatiga kiritilgani buning amaliy tasdigʻi, dunyo hamjamiyatining yuksak eʼtirofidir.
Maʼlumotlarga koʻra, ipak qurti boqish zaminimizga Buyuk ipak yoʻli orqali IV asrda Chin yurtidan kirib kelgan. Yana baʼzi manbalarda xalqimizning ipakchilik tarixi taxminan 4 ming yil ilgariga borib taqalishi aytiladi. Demak, bu borada juda boy tajribaga egamiz. Shundan boʻlsa kerak, Oʻzbekiston hozirgi kunda “kumush tola” yetishtirish boʻyicha dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Vaholanki, 60 dan ortiq davlatlarda pilladan mahsulot ishlab chiqariladi.
Biroq bundan besh-oʻn yillar ilgari yetarli moddiy manfaatdorlik boʻlmagani sababli aholi orasida ipak qurti parvarishlashga ishtiyoq susaygan, oqibatda pilla yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash va eksport qilish koʻrsatkichlari keskin tushib ketgan edi. Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori tufayli mazkur soha rivojida tub oʻzgarishlar yuz berdi. Pillachilarning moddiy manfaatdorligi oshirilib, ularga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Uy sharoitida pilla yetishtirgan yurtdoshlarimiz daromad soligʻidan ozod qilinib, bir mavsum ishlagan davri pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga oʻtishi huquqiy jihatdan kafolatlandi. Bu pillachilik bilan shugʻullanib kelayotgan minglab opa-singillarimiz uchun juda katta ragʻbat boʻldi, albatta.
Prezidentimizning 2023-yil 24-fevraldagi “Ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur soha taraqqiyotida yana bir muhim qadam boʻldi. Unga koʻra, yuqori sifatli ipak mahsulotlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, respublika ipakchilik tarmogʻi korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini hamda ipakchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirishni taʼminlash, shuningdek, ipakchilik tarmogʻida ilmiy salohiyatni oshirish va tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlashda yirik ipakchilik korxonalari va zamonaviy laboratoriyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Oʻzbekiston tabiiy tolalar ilmiytadqiqot instituti Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tarkibiga oʻtkazilishi belgilandi.
Sohani yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida ipakchilik va tutchilik fakulteti tashkil etilib, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Toshkent shahri va Samarqand viloyatida joylashgan tegishli oliy taʼlim muassasalarining “Ipakchilik va tutchilik” hamda “Ipakchilik” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalari ushbu fakultetga oʻtkaziladigan boʻldi. Bu yuksak ishonch esa, oʻz navbatida, institutimiz jamoasi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Mazkur fakultetda zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash uchun olimlarimiz jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda. Fakultet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlash, ilmiy tadqiqot ishlari koʻlami va samaradorligini oshirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.
Qaror bilan 2023-yil 1-martdan 2026-yil 1-yanvargacha pillani qayta ishlash va ipak qurti urugʻini ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan bevosita ipak qurti boquvchilarga yetkazib berilgan har quti ipak qurti urugʻi uchun 120 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
2023-yil 1-apreldan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan oʻzlari ishlab chiqargan ipak mahsulotlarini eksport qilish operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning yagona muddati bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan 360 kun etib belgilandi. Shu yil 1-martdan esa xom ipakni eksport qilish tartibi soddalashtiriladi.
Institutimizning ipakchilik va tutchilik fakulteti, Oʻzbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti va Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining Marhamat tumanida joylashishi ham kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot va fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirishda hamkorlikni kuchaytirish, yosh olimlarimiz uchun qobiliyatlarini rivojlantirish va namoyon etish imkonini yanada oshiradi.
Chunki, birinchidan, mazkur tumanda pillakorlar tomonidan yetishtirilgan tirik pillalarni qabul qiluvchi va ularga dastlabki ishlov beruvchi korxona mavjud.
Ikkinchidan esa, tut urugʻchiligi va koʻchatchiligiga ixtisoslashgan “Ipak koʻchat klaster” fermer xoʻjaligi ham bor. U yerda tut daraxtlarining yangi nav va duragaylarini yetishtirish boʻyicha seleksiya ishlari olib borilyapti, jumladan, dunyoning 16 davlatidan keltirilgan 240 noyob tut navlari kolleksiyasi mavjud. Bugungi kunda tut daraxtini mikroklonal koʻpaytirish boʻyicha “In-vitro” laboratoriyasi faoliyat olib boryapti.
Bularning barchasi talabalarni oʻquv va ishlab chiqarish amaliyotini sifatli tashkil qilish hamda fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, professor-oʻqituvchilarni sohada mavjud muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarini sifatli olib borishlariga sharoit yaratiladi. “Ipak koʻchat klasteri”da yiliga 3 million tupdan ortiq tut koʻchatlari yetishtirilayotgani, koʻchatlarning qoʻshni Tojikiston va Qozogʻistonga eksporti yoʻlga qoʻyilganligi kelgusida ipakchilik sohasida mamlakatimizning jahon bozorida oʻz oʻrnini mustahkamlashiga zamin yaratadi. Ushbu jarayon yosh kadrlarning oʻz sohasiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, raqobatbardosh kadr boʻlib shakllanishiga imkon beradi.
Qarorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun berilgan yer uchastkalari atroflariga ihota sifatida, pilla xomashyosi yetishtirishda ozuqa oʻrnida foydalaniladigan tut daraxtlarini ekish amaliyotini huquqiy jihatdan mustahkamlash vazifasi koʻzda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida belgilangan vazifalar mamlakatimizda ipakchilik sohasi rivojini yuqori darajada yuksaltirish, hududlarda mavjud foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, aholi bandligini taʼminlash, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar tayyorlash va ularni eksport qilish hajmini oshirishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Komiljon KOMILOV,
Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori