Ipak yetishtirishning yangi usuli bir qator afzalliklarga ega. Kam joy talab qilgan holda koʻp va sifatli xom ashyo olish imkoniyatini beradi. Endilikda ipak qurti urugʻlari odatiy soʻkchaklarda emas, balki maxsus savatlarda, plyonka ostida boqilmoqda. Bu ozuqa miqdorini tejash, nobudgarchiliklarning oldini olish va erta hosil yetishtirish amallarida qoʻl keladi.
–Yangi usulda ipak qurti urugʻlari odatdagidan koʻra tez rivojlanmoqda,–deydi ”Yozyovon agropilla” MCHJ raisi Oyshaxon Ibragimova. – Masalan, 20 kvadrat metr joyda 15 qurti ipak qurti parvarishlab, 800-1000 kilogrammdan ortiq hosil olish mumkin. Ipak qurtlari maxsus savatlarda ustma - ust shaklda joylangani bois, ortiqcha joy, mehnat talab qilmaydi. Anʼanaviy usulda bir quti ipak qurtini parvarishlash uchun 65-70 kvadrat metr joy zarur boʻladi. Shu bois, har jihatdan tejamkor boʻlgan istiqbolli usulda hosil yetishtirish borasidagi ish tajribalarni ommalashtirishga eʼtibor beryapmiz. Pillachilik klasteri, kasanachi pillakorlar bilan hamkorlikda samarali ish usulning nazariy va amaliy jarayonlari bilan bosqichma bosqich tanishtirib boryapmiz. Eng muhimi, bu asosda ishlash istagida boʻlgan pillakorlar safi koʻpayib bormoqda.
Viloyatda “bir xonadonga bir quti ipak qurti” tamoyili asosida istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ommalashtirishga boʻlgan eʼtibor oshdi. Joriy mavsumda xorijdan olib kelingan 300 quti ipak qurti urugʻlari Vetnam texnologiyasi asosida parvarishlanmoqda.
–Ipak qurti yetishtirish xajmi va sifatini oshirish, qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib qilish muhim amallaridan, – deydi viloyat “Agropilla” MCHJ boshqaruv raisi Maqsudjon Qosimov.–Bu bir mavsumning oʻzida 3-4-martacha qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirish, aholi bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbaini shakllantirish imkoniyatini berdi. Birinchi mavsumning oʻzida 100 ming 820 nafardan ortiq aholi bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, 3 ta korxonada xom ashyoni chuqur qayta ishlash, 1 ta korxonani modernizatsiya qilish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2,7 mln. AQSH dollar miqdorida investitsiya jalab yetiladi.
Joriy yilda Fargʻona viloyatda 41 187 quti ipak qurtlarini parvarishlab, 2 389 tonna tirik pilla yetishtirish borasida ish olib borilmoqda. Shu kunga qadar 4968 nafar fermer xoʻjaliklari bilan 5 ta pillachilik klasterlari hamda 41 ming 187 nafar qurt boquvchilar oʻrtasida ichki mehnat shartnomalari tuzildi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekisiton» muxbiri.
Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.