Janubiy Koreya, Vyetnam, Germaniyada esa aksincha, pandemiyaning yangi toʻlqini avjida. Masalan, Koreya Respublikasida kuniga oʻrta hisobda 340 ming yangi holat qayd etilyapti. 14-mart kuni bu koʻrsatkich yanada oshib, 362 mingdan ziyod bemorga koronavirus tashxisi qoʻyildi.

Xavotirli jihati, endi kasallikning yangi toʻlqini yer yuzi aholisining eng katta qismi yashaydigan Xitoyda ham boshlanmoqda. Bu yerda aniqlanayotgan yangi holatlar “omikron”ning VA.2 mutatsiyasini tashkil etyapti.

Xususan, mamlakatda oʻtgan kuni 1,5 mingga yaqin kishida ushbu variant aniqlandi. Birgina Szilin provinsiyasida 900ga yaqin odam infeksiyani yuqtirgan. Shanxay va Shenchjen shaharlarida ham xastalikka chalinganlar soni oshmoqda.

Shundan kelib chiqib Xitoy hukumati kasallik yanada keng tarqalmasligi uchun qatʼiy cheklovlarni joriy qilmoqda. Bemorlar bilan aloqada boʻlganlar majburiy karantinga olinyapti. Baʼzi hududlarda esa “lokdaun” eʼlon qilinayotir.

Shuningdek, VA.2 Yevropaning qator mamlakatlarida ham faol tarqala boshladi. Oqibatda Buyuk Britaniya, Belgiya, Shveysariya va Niderlandiyada soʻnggi kunlarda kasallanishlar soni yana oʻsa boshlagan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yangi shtamm “omikron”dan ham yuqumliroq. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan ogʻir asoratlar bilan kechishi mumkin. Ayniqsa, u bemorning oʻpkasini zararlashi kuzatilyapti.

Qolaversa, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qoʻyish birmuncha murakkab. U koʻp hollarda odatdagi PZR testlarida namoyon boʻlmaydi. Shu sababli VA.2 allaqachon “yashirin shtamm” nomini olgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.