Ammo SOVID-19 dan soʻng organizmda hosil boʻladigan antitanalarning davomiylik muddati bor. Buyuk Britaniyaning “Lancet” tibbiyot nashrida eʼlon qilingan tadqiqot natijalari shunga bagʻishlangan. Ilmiy xulosalar 19 mamlakatda oʻtkazilgan 65 ta sinov va oʻrganishlar yakunlariga asoslanadi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu xastalikni boshdan kechirganlar yana koronavirusni yuqtirsa, ularda oʻlim yoki shifoxonaga yotqizilish xavfi bu dardga biror marta chalinmaganlarga nisbatan 88 foizga kamayadi. Ammo kasallik faol mutatsiyaga uchrashi bilan yangi shtamm va subvariantlar paydo boʻlmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, organizmdagi antitanalarning himoya darajasiga borgan sari salbiy taʼsir koʻrsatyapti.
Masalan, “omikron”dan avvalgi variantlarni yuqtirib, sogʻaygan bemorlarda bu koʻrsatkich bir oy ichida 85 foiz, 10 oydan keyin esa 79 foizni tashkil etgan. “Omikron” shtammida esa ushbu raqamlar bir oy ichida 74 foiz, 10 oydan keyin 36 foizga teng boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasiga koʻra, gibrid immunitet egalari (kasallikdan soʻng vaksina olganlar)ga koronavirus yuqish ehtimoli emlanmagan va SOVID-19ga chalinmaganlarga nisbatan kamida 95 foiz past boʻladi. Shu sababli mutaxassislar barcha aholi qatlami toʻliq bosqichda va buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.