Buyuk Britaniyaning “The Lancet” tibbiyot nashrida koronavirusdan soʻng bemorlarda hosil boʻladigan immunitetning himoya darajasiga doir tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Unda bayon etilishicha, olimlar 19 mamlakatda oʻtkazilgan 65 ta oʻrganish xulosalari yuzasidan keng miqyosli meta-tahlilni amalga oshirdi.
Yakunda COVID-19 ning oldingi shtammlaridan tuzalgan bemorlarda maʼlum muddat oraligʻida qayta kasallanish ehtimoli ancha pastligi maʼlum boʻldi. Ammo “omikron” xususida bunday xulosa qilib boʻlmaydi. Yaʼni koronavirusning hozirgi variantlariga chalinib sogʻayganlarda xastalikni qayta yuqtirish xavfi avvalgi shtammlar bilan qiyoslaganda 1,8 baravar yuqori.
Yana ham aniqroq aytsak, pandemiyaning dastlabki yillarida kasallikdan tuzalganlarning infeksiyadan himoyalanish darajasi 40 haftagacha 82 foizga teng boʻlgan. “Omikron”da esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 45,3 foiz, qirqinchi haftada 36,1 foizni tashkil etmoqda.
Shu sababli mutaxassislar immunitetni mustahkamlashning eng samarali va oqilona yoʻli koronavirusga qarshi toʻliq bosqichda hamda buster dozada emlanish ekanligini taʼkidlamoqda.