Darhaqiqat, ilm-fan rivojlanmagan joyda jamiyat ham taraqqiy qilmaydi. Ilm esa har bir sohada malakali yetuk kadrlar tayyorlash orqali yuksaladi. Shu bois ham mamlakatimizda taʼlim tizimi muttasil isloh qilinmoqda. Maktabgacha taʼlimdan to oliy taʼlimgacha boʻlgan jarayonga yangiliklar keng tatbiq qilindi. Taʼlim tizimi oldiga ulkan talablar qoʻyildi. Xususan, oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar xalqimiz uchun ayni muddao boʻlmoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbarining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tanishish jarayonida xayolimdan koʻp fikrlar oʻtdi. Uzoq yillar oliy taʼlim tizimi bir joyda depsinib turgani, buning oqibatida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati ham rivojlanishdan orqada qolgani haqida oʻyladim. Professor-oʻqituvchilar ish haqining kamligi, ilmiy izlanishlar olib borish uchun yetarli shart-sharoitlarning yoʻqligi, talaba yoshlarning yetarli bilim olishlari uchun moddiy texnik baza yetishmasligi va boshqa qator omillar oliy taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelgani rost.
Keyingi yillarda oliy oʻquv yurtlari faoliyati muttasil takomillashtirilayotgani, dunyoning yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikning keng yoʻlga qoʻyilayotgani, professor-oʻqituvchilar mehnati qadr topayotgani, kunduzgi taʼlim bilan bir qatorda sirtqi, kechki taʼlim tizimlarining yoʻlga qoʻyilgani, iqtidorli talabalar uchun tanlovlar oʻtkazilib, grantlar eʼlon qilinayotgani va boshqa koʻplab yangilanishlar natijasida oliy taʼlim tizimi sekin asta rivojlanish yoʻliga tushib bormoqda. Mazkur dargohda, oʻquv jarayonida talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan mantiqiy va innovatsion bilimlarni shakllantirish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari ilmiy-tadqiqot ishlarida, ishlab chiqarish tashkilotlarining muammolarining yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirilib borilishi hamda taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida ham bir qator amaliy ishlar qilingan. Ammo, hali sohada qilinishi lozim boʻlgan vazifalar nihoyatda koʻp.
Mamlakat rahbarining qarorida Samarqand davlat universiteti misolida har bir oliy oʻquv yurtida amalga oshirilishi shart boʻlgan chora-tadbirlar koʻrsatilgan, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Universitetga yurt rivojiga munosib hissa qoʻshgan davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berilishi nafaqat bu buyuk inson shaxsiga hurmat, balki ushbu oliy oʻquv muassasasi professor-oʻqituvchilari va talaba — yoshlari zimmasiga yuklanayotgan ulkan masʼuliyat hamdir. Universitet jamoasi oldida Sharof Rashidov nomiga munosib boʻlish, jamiyat rivojiga shu kishi kabi ulush qoʻshish vazifasi ham turibdi.
Kezi kelganda shuni ham aytishni istardimki, barcha oliy oʻquv yurtlariga ulugʻ ajdodlarimiz nomlari berilsa, bu shubhasiz, professor-oʻqituvchilarga va talabalarga motivatsiya boʻlib xizmat qilib, marralarni katta olishga, ulkan maqsadlar sari intilishga undardi.
Qarorda Samarqand davlat universitetini 2026-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kiritish vazifasi qoʻyilgan.
Ushbu vazifa ham barcha oliy oʻquv yurtlari uchun dasturilamal boʻlishi, taʼlim sifatini jahon darajasiga olib chiqish, xalqaro miqyosdagi kadrlar tayyorlash har bir universitetning asosiy maqsadlaridan biriga aylanishi kerak deb oʻylayman.
Universitet tarkibida agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi, Muhandislik fizikasi instituti, pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi, Universitetning Urgut filiali tashkil qilinishi mamlakatimizning malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Zero, bugun har bir soha rivojida professional yondashuvlarga zarurat sezilyapti. Bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi mutaxassislarga talab paydo boʻlyapti. Universitet tarkibida institutlar tashkil qilinishi oliy oʻquv yurti nufuzini yanada oshiradi, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlashga, talaba yoshlarga yanada chuqur bilim berishga xizmat qiladi.
Qarorda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib borilishi koʻrsatilgan. Darhaqiqat, biz jahon bilan hamnafas boʻlishni, oʻz kasbining mohir mutaxassislarini yetishtirishni xohlar ekanmiz, bunga kredit-modul tizimisiz erishish qiyin. Bu yangi tizim talaba yoshlarni oʻz ustida tinimsiz izlanishga, egallayotgan kasbi sir-asrorlarini puxta egallashlariga undaydi.
Qarorda qaysi institut qaysi muassasa bilan hamkorlik qilishi aniq va ravshan koʻrsatib oʻtilgan.
Bugungi kunda barcha oliy oʻquv yurtlari oldida yetakchi tarmoq va korxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish vazifasi turibdi. Bu taʼlim sifatiga xizmat qilish barobarida, oʻsha korxona va muassasalarning talab darajasidagi mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Umuman, qarorda ilgari surilgan har bir vazifa ulkan ahamiyatga molik. Men Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashning aʼzosi sifatida universitetda ulkan yangilanishlar boshlanayotganidan mamnun boʻldim. Oʻz ilmiy salohiyatimni mana shu yangilanishlarni amalga oshirishga bagʻishlashga ahd qildim.
Maqsuda XAJIYEVA,
Urganch davlat universiteti,
falsafa fanlari doktori, professor