“Durdonai Sharq” Oʻzbekistonda yashab ijod qilayotgan tojik ziyolilari – shoir, yozuvchilarining minbari boʻlib, shubhasiz, ikki qardosh – oʻzbek va tojik xalqlari maʼnaviyati, adabiyoti rivojiga ham xizmat qiladi.

Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyat boʻlimi tojik shuʼbasi rahbari, shoir, jurnal muharriri Asadulla Ismoilzoda Yangi Oʻzbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, turli millat va elatlar, xususan oʻzbek-tojik doʻstligini qadrlab, yangi jurnal bu yoʻlda koʻprik boʻlishiga umid bildirdi.

– “Durdonai Sharq” (“Sharq durdonasi”) adabiy, ilmiy va maʼrifiy jurnali birinchi soni nashrdan chiqdi, – dedi Asadulla Ismoilzoda. – Bu turdagi jurnal Oʻzbekiston taʼrixida birinchi marta tojik tilida chop etilyapti. Bu bizning kӯp yillik orzuimiz edi. “Durdonai Sharq” jurnali yilida toʻrt marotaba 120 betdan 70/108 formatida nashr etiladi.

Unda Oʻzbekistonda yashab ijod qiladigan ijodkorlarning ijod namunasi birinchi navbatda nashr etiladi va qolaversa, Sharq adabiyoti durdonalarini joylashtiramiz. Shu qatorda yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirib, ularning hikoya va sheʼrlarini berib boramiz. Adabiyotshunoslik, tilshunoslik, folklorshunoslik ruknlarimiz mavjud. Maʼnaviy va ijod targʻibotchilari uchun maxsus sahifalar bor.

Jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik ming yilliklar davomida shakllangani, kelajak avlod bundan boxabar boʻlishi lozimligi haqidagi soʻzlari bilan boshlanadi.