Bu haqda DW nashri koʻrsatuv tayyorladi.
Kompaniya nafaqat ish bilan taʼminlash, balki Yevropa standartlari boʻyicha oʻqitishni ham taklif qiladi. Stajyorlar moliyaviy yordam oladi. Nashr allaqachon stajirovka oʻtayotgan oʻzbekistonlik yoshlardan biri bilan suhbatlashdi. Abbosjon Odilov hozirda uning daromadi oyiga 800 yevroni tashkil etishini, bu Oʻzbekistondagi oʻrtacha oylik maoshdan ancha yuqori ekanini aytdi. U Germaniyada ishlashning qiyinchiliklarini ham taʼkidlab oʻtdi.
«Punktuallik men uchun eng qiyini boʻlgan. Germaniyada hamma joyda, hamma narsa oʻz vaqtida boʻlishi kerak», — deydi u.
Papenburg asfalt va beton ishlab chiqarish bilan ham shugʻullanadi. Shuning uchun unda barcha resurslar bor, ammo ishchilar yetishmaydi. Natijada, 2020-yildan boshlab kompaniya 60 dan ortiq oʻzbekistonliklarni yuk mashinasi haydovchiligi uchun professional tarzda oʻqitishni oʻz zimmasiga oldi, deb taʼkidladi kompaniyaning kadrlar boʻlimi boshligʻi Angela Papenburg.
«Oʻzbekiston aholisining aksariyati yoshlar. Shuning uchun Oʻzbekistonning bir necha hududlarida ishsizlik aynan yoshlar orasida tarqalgan. Fikrimcha, bizning vaziyatda ular ham, biz ham yutamiz», — dedi u.
DW nashri Germaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida migratsiya kelishuvi borligi sabab, oʻzbekistonliklarning hujjatlarini rasmiylashtirish qiyin boʻlmasligini qayd etdi.
Kompaniyaning kelgusi rejalari orasida xodimlarni Oʻzbekistondayoq oʻqitish ham bor. Papenburg tashabbusi oʻzbekistonlik haydovchilarga xalqaro tajribani oʻzlashtirish, Yevropaning yetakchi davlatlaridan birida talab yuqori boʻlgan kasbni egallab, ishlash istiqbollarini ochadi, deyiladi xabarda.
Hozirgi kunda Germaniyada 70 ming yuk mashina haydovchilari yetishmayapti. Oqibatda buyurtmalar oʻz egalariga yetkazilmay qolyapti.