E-commerce nima va unda qanday ishtirok etiladi?

    2022-yil 29-sentyabrda Prezident “Elektron tijorat to'g'risida”gi Qonunni imzoladi, u 2022-yil 31-dekabrda kuchga kiradi. Ushbu sanaga kelib boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazkur qonunga muvofiqlashtirilishi kerak.

    Rukndagi birinchi maqolada O'zbekiston elektron tijorat uyushmasi raisi Muzaffar A'zamov elektron tijorat nima ekani, sohada qanday muammolar mavjud ekani haqida so'z yuritadi.

    Elektron tijorat – tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tadbirkorlik faoliyati doirasida axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron savdo maydonchasi orqali tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan oldi-sotdisi (29.09.2022 yildagi O'RQ-792-son Qonun).

    Elektron tijorat odatdagi, aytaylik, an'anaviy tijoratdan atigi uchta jihati bilan farqlanadi.

    Birinchisi – bitimlar masofadan turib tuziladi.

    Ikkinchisi – onlayn bitimni yopish uchun odatdagisiga qaraganda ancha ko'p vaqt talab etiladi.

    Uchinchisi, fikrimcha, eng muhimi, – yashirincha, ya'ni soliq organlarida hisobga olinmay, mablag'larni inkassatsiya qilmay yoki ochiqchasiga, ya'ni qonuniy ravishda, qonunchilik talablariga rioya etib ishlaydigan biznes onlayn savdoda eng ko'p samaraga erishadi. Elektron tijorat ham shunday ishlaydi, bitta bitimni lozim darajada rasmiylashtira oladigan, boshqasini esa rasmiylashtira olmaydigan an'anaviy savdodan uning farqi shunda.

    Ma'lumot uchun: xalqaro marketpleyslardagi sotuvchilarning 50%idan ortig'i kichik va o'rta biznes vakillari hisoblanadi, tabiiyki, ushbu savdodan barcha soliqlarni to'laydi.

    Qonunchiligimizga ko'ra, elektron tijorat ishtirokchilari – elektron tijoratda tovarlarni (ulgurji yoki chakana) sotuvchi, xizmatlarni etkazib beruvchi yoki ishlarni bajaruvchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar, shuningdek elektron tijoratda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xaridori, iste'molchisi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar (O'RQ-792-son Qonunning 8-m.).

    Elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi o'zini o'zi band qilgan shaxslar ham elektron tijorat ishtirokchilari bo'lishi mumkin.

    Ayni paytga kelib e-tijorat.uz milliy reestrida 218 ta korxona ro'yxatdan o'tkazilgan, biroq bu elektron tijorat bilan shug'ullanuvchilarning juda oz qismini tashkil etadi. Biznesmenlar reyestrda ro'yxatdan o'tmasligining obyektiv sababi bor – muayyan tadbirkorlik subyekti elektron savdo bilan shug'ullanishini, qanday aylanmalar o'tishini, qanday tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni realizatsiya qilishini tez, oson va tushunarli tarzda aniqlash imkonini beruvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas.

    Ilgari Prezidentning 14.05.2018 yildagi PQ-3724-son qarori 8-bandida elektron tijorat subyektlarining milliy reestrini yuritish haqida ko'rsatma berilgan edi. Unga tovarlarni (xizmatlarni) elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotish hajmining kamida 80%ini tashkil etuvchi subyektlar kiritilgan. Milliy reyestrga kiritilgan ishtirokchilar 4% o'rniga 2% stavkada yagona soliq to'lovchilari deb hisoblangan.

    So'ng ushbu norma bekor qilingan, biroq uning o'rniga Soliq kodeksiga boshqa norma kiritilgan, unga ko'ra elektron savdoni amalga oshiruvchi soliq to'lovchilar odatdagi 15% o'rniga 7,5% stavkada foyda solig'ini (337-modda) va 4% o'rniga 2% stavkada yagona soliq to'lovini (467-modda) to'laydilar.

    Biroq, ko'p korxonalar ushbu reyestrda ro'yxatdan o'tmaydi va Soliq kodeksining ko'rsatilgan normalaridan foydalanmaydi, sababi soliq tekshiruvi davomida korxona hisobot davrida elektron savdo bilan shug'ullanganini isbotlay olishiga imkon beradigan NHH mavjud emas. Tadbirkor soliq tekshiruvi davomida soliq stavkasini pasaytiruvchi normani qo'llash asosliligini isbotlay olmasa, butun summani, shuningdek hisoblangan jarima va penyani to'lashga majbur bo'ladi, bu biznes o'z faoliyatini davom ettirishini tahdid ostiga qo'yadi.

    Natijada sohadagi 1-muammo va uning yechimini ko'rish mumkin. Muayyan korxona elektron tijorat ishtirokchisi deb hisoblanishini oson, tez va oddiy aniqlash, elektron tijorat bilan shug'ullanuvchi korxonalar aylanmalarining soliq va statistika hisobini yuritish imkonini beruvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish zarur.

    Ushbu hujjat bilan quyidagilar haqida baholovchi emas, balki ishonchli va dolzarb ma'lumotlarni olish mumkin bo'lgan usullar belgilanishi kerak:

    elektron tijorat bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining soni;

    ular hisobot davrida realizatsiya qilgan tovarlar, xizmatlar va ishlarning hajmlari;

    elektron tijorat ishtirokchilari qabul qilgan naqd va naqdsiz mablag'larning hajmlari;

    elektron tijorat ishtirokchilari to'lagan soliqlar va yig'imlarning hajmlari.