Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari bilan uchrashuv

    Saylov 24 May 2021 767

    Joriy yil 24-mayda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida Missiya ekspertlari - Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi A.Gromov va mazkur Byuroning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi M.Barker-Siganikovaning qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlari rejalashtirgan.

    YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

    YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjaev bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda ekspertlarga Byuroning 2019-yilgi parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi Yakuniy hisobotida taqdim etilgan tavsiyalarning amalga oshirilishi va joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari borasida ma’lumot berildi.

    Xususan, Yakuniy hisobotda o‘z aksini topgan tavsiyalarning maqbullari O‘zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilinib, saylovlarga oid milliy huquqiy bazani takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlar, saylov komissiyalari a'zolarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan seminar-treninglar, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamdaa izchillik bilan amalga oshirilayotgan boshqa ishlar berayotgan samaralar qayd etildi.

    Saylov sohasidagi islohotlar bilan tanishgan EBM ekspertlari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi hamda bo‘lajak saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirdilar, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.