El koriga yarayotgan tadbirkor

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 26-oktyabr sonida jurnalist Xolnisa Rahmonqulovaning “El koriga yarayotgan tadbirkor” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Rahmatulla Narziyev Forish tumanidagi ilgʻor tadbirkorlardan. 9-sinfda oʻqiyotganida otasi vafot etgach, roʻzgʻor tashvishi akaci qatori uning ham zimmasiga tushdi.

    U texnikumni bitirgach, avval non, keyin limonad sexida ishladi. Qandolatchilik mahsulotlari sexida mehnat qilgan kezlari sohaning sir-asrorini puxta oʻrgandi. Shu asnoda unda oʻz tadbirkorligini ochish gʻoyasi tugʻildi. Xonadonida qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sexini tashkil qildi. Mahalliy bozor uchun novvot, parvarda, nisholda, holva kabi shirinliklarni tayyorlab, yetkazib berardi. 2004-yilda ilk korxonasini tashkil etdi. Ayni paytda “Lazzat-kafolat” xususiy korxonasining rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

    — 2019-yilda uzumchilik klasterlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Prezident farmoni eʼlon qilingach, tumanda birinchilardan boʻlib, 10 ming gektar uzumzor barpo etishni reja qildik. Hozirga qadar 3,5 ming gektar yerga uzum ekkanmiz. Egat oralariga turli poliz ekinlari ekdik, yaxshi hosil berdi. Qovun-tarvuzni Xitoyga eksport qildik, pomidor, dukkakli ekinlar ham mahalliy bozorda xaridorgir boʻldi. Bundan tashqari, tomat, baliq-konserva zavodi tashkil qilganmiz, — deydi tadbirkor. — Yaqinda Namangan viloyatidan 300 oilani koʻchirib kelib, ish bilan taʼminladik. Bugungi kunda 80 nafar doimiy, 2 ming nafar mavsumiy ishchimiz bor, ularni transport, issiq ovqat bilan taʼminlaymiz. Ishchilarning 65 foizi yoshlar.

    Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, ishsiz yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu yil tadbirkorga tegishli yer maydonidan “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”dagi oilalarning 600 nafar farzandiga 50 sotixdan yer ajratildi. Ularning har biri 3 oyda 12 million soʻmdan daromad qildi.

    Tadbirkorning aytishicha, klasterlarning tashkil etilishi ancha afzalliklarni yuzaga keltirdi. Oʻtgan yili har bir ishchisi kamida 20 million soʻmdan daromad oldi. Tadbirkor bu yil uzumchilikni yanada kengaytirib, Forishda ishsizlikni qisqartirishni reja qilgan. Asosiy maqsadi — aholini ish bilan band qilish, chet elga ketish niyatidagilarni ish bilan taʼminlash.

    — Qishda ishchilar tok ekadi, qalamchalarini oʻzim tayyorlayman. Hozir 5 millionta koʻchatimiz bor. Ayni paytda tomchilatib sugʻorish ishlari ketyapti, ortidan tok ekiladi. Kuz-qishdan 1-maygacha ekin-tikin ishlari davom etadi, yerni tayyorlaymiz, — deydi Rahmatulla Narziyev. — Bugungi kunda sanoatbop uzum navlarini ekyapmiz, 3-4 yilda hosilga kiradi. Uzumchilikdan gektaridan kamida 15 tonna hosil olishni moʻljallayapmiz. Eksport uchun qayta ishlangan uzum mahsulotlari tayyorlaydigan mini zavod qurishni rejalashtiryapmiz. Unda kamida 20 nafar ishchi ishlaydi. Kelgusida 10 ming gektar yerda 10 mingdan kam odam ishlamaydi. Oʻz ustimda ishlashni, yangicha ish uslubi, innovatsion texnologiyalarni oʻrganishni va bularni tadbirkorlikka tatbiq etishni yaxshi koʻraman. 2019-yilda tajriba almashish uchun Xitoyga borib kelgan boʻlsam, 2020-2021-yillarda Rossiyadagi zavod va fabrikalar faoliyatini oʻrganib qaytdim. Tez orada Italiyaga boramiz. Mamlakatimizda koʻplab imkoniyatlar yaratilgan, yanada faol harakat qilish vaqti yetdi.
    Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida agrar soha rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Rahmatulla Narziyev “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

    — 1993-yildan beri tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelamiz. Toʻgʻri, oʻrni kelganda rosa qiynalganmiz, ammo mushkulliklardan boʻyin tovlamay, halol mehnat qilib keldik. Shunday yuksak mukofot bilan taqdirlandik. Buning ortida, albatta, halol mehnat yotibdi. Taqdirlangan kunim mukofotni “Ona, bu mukofot meniki emas, sizniki”, deb u kishiga berdim. Ishlasangiz, shu yerda ham ish koʻp, chetga chiqish shart emas. Mehnat qilgan odam kam boʻlmaydi. Chekkan zahmatimizu mehnatimizni hamma koʻrib turibdi. Bu eʼtirof menga katta kuch berdi.

    Tadbirkor 2017-yilda 200 million, 2019-yilda koʻchat uchun 2,5 milliard soʻmlik kredit oldi va bundan unumli foydalanib, oʻz vaqtida toʻlashga ham ulgurdi. Bu yil mahalliy aholidan yigʻilgan 14,5 tonna mayizni eksport qildi. Kelajakda bogʻdorchilik, xususan, uzumchilikni yanada rivojl antirish, mahalliy aholi ishsizligini qisqartirish kabi rejalari bor. Kelasi yildan Xitoy bilan mayiz eksporti boʻyicha 10 yillik shartnoma tuzishni moʻljallab turibdi.