Elektron davlat xizmatlaridan kim koʻproq manfaatdor: davlatmi yoki xalq?

    Raqamlashtirish 22 Fevral 2021 3094

    Bugun elektron davlat xizmatlari portali qanchalik oʻzgardi? Sohadagi asl muammo nima: professional mutaxassislar yetishmasligimi, aholining onlayn xizmatlardan foydalanish malakasi sustligimi yoki tizim bilan bogʻliq boshqa davlat idoralarining oʻz vazifalariga masʼuliyat bilan qaramayotganimi?

    Shu kabi savollar bilan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining Operatsion va funksional jarayonlarni muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Nigʻmatilla Sharafutdinovga yuzlanamiz.

    – Siz faoliyat yuritayotgan boʻlim nima ishlar bilan shugʻullanadi? Elektron hukumatda uning oʻrni qanchalik muhim?

    – Operatsion va funksional jarayonlarni muvofiqlashtirish boʻlimi davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonidagi barcha vaziyat va holatlarni optimallashtirish, ortiqcha qadamlar, fuqarolardan talab etilayotgan maʼlumotnomalar, turli qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlarni aholi yoki tadbirkorlardan emas, balki davlat tashkilotlarining axborot tizimlaridan olib, elektron hamkorlik orqali toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etilishini yoʻlga qoʻyadi. Yaʼni maqsadimiz – fuqarolarga qulayliklar yaratib, ortiqcha sarsongarchilik, ovoragarchiliklarning oldini olishdir. Ushbu jarayonda koʻzga koʻrinmagan holda axborot tizimlarining oʻzaro hamkorligi boʻyicha texnik va texnologik yoʻriqnomalar ham tasdiqlanadi. Shuningdek, axborot tizimlari kerakli maʼlumotlarni tegishli soʻrovlarga muvofiq elektron koʻrinishda taqdim etadi.

    Boʻlimning asosiy vazifalariga Markazga kelib tushgan boshqa vazirlik idoralari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlari, maʼlumotlar bazasining texnik topshiriqlarini oʻrganish ham kiradi. Biz ushbu jarayonda yaratilayotgan axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazalarining kelgusida qaysi sohalarda qoʻllash mumkinligini ham inobatga olib qoʻyamiz. Keyinchalik ishga tushirilganda esa davlat xizmatlarini koʻrsatish, umuman fuqarolarga qanday qulayliklar yaratilishini eʼtiborga olamiz. Shu tariqa davlat xizmatlari koʻrsatilishida qaysidir qadamlar osonlashtiriladi yoki olib tashlanishi mumkin.

    Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlaridan kelib tushgan soʻrovlarni yoki Davlat xizmatlari agentligi bilan oʻzaro hamkorlikda tashkilotlarni oʻrganamiz. Hozir biznes jarayonlarini optimallashtirishda Davlat xizmatlari agentligi vakolatli organdir. Elektron davlat xizmatlarini yoʻlga qoʻyishda esa bizning Markaz hamda boʻlimimiz xodimlari ishtirok etishadi.

    – Tushunarliroq boʻlishi uchun misol keltirsangiz...

    – Masalan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilganda yoki biror xizmatdan foydalanish uchun ariza toʻldiriladi. Bunda fuqaroga tegishli asosiy maʼlumotlar JSHSHIR kiritilgach avtomat tarzda chiqib keladi. Yaʼni yashash manzili, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti va joyi kabi maʼlumotlar. Aslida bu tizim ishlashi uchun juda koʻp bosqichlardan oʻtilgan boʻladi. Misol uchun, fuqaroning yashash manzili Ichki ishlar vazirligining, shaxsning oʻziga tegishli maʼlumotlar Davlat personallashtirish markazining, STIRi – Davlat soliq qoʻmitasi axborot tizimlaridan olinadi. Xullas, barcha davlat tashkilotlariga tegishli axborot tizimlari integratsiya qilinganligi uchun ushbu maʼlumotlar Yagona portaldan foydalanganda fuqarolardan qayta-qayta soʻralmaydi.

    – Davlat tashkilotlari bilan ishlaganda muammolar ham yuzaga kelishi aniq. Bunday vaqtda qanday yechim topiladi?

    – Davlat tashkilotlari bilan ishlaganda, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga tayanamiz. Va ushbu hujjat doirasida oʻz taklif hamda talablarimizni beramiz. Agar masala yechimi juda murakkablashib, har xil yondashuvlar boʻlsa, tegishli bildirgi yoki maʼlumotnomalar tayyorlab, vakolatli organlar – AKT vazirligi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga kiritamiz. Muammo yechimi yuzasidan, lozim topilsa, tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilib, jarayonga tatbiq etiladi.

    – Sizning boʻlimingizda ham mutaxassislar yetishmasligi muammosi bormi?

    – Aynan bizning yoʻnalishda kadrlar kamligi juda ogʻirli nuqtamiz. Chunki bunday mutaxassislarni tayyorlovchi alohida oʻquv kurslari, taʼlim muassasalarida esa yoʻnalishlar yoʻq. Dunyo tajribasi oʻrganilganida ham biznes jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha kadrlarga ehtiyoj yuqori ekani maʼlum boʻldi.

    – Elektron davlat xizmatlarining yoʻlga qoʻyilishidan kim koʻproq manfaatdor: davlatmi yoki xalq?..

    – 2020-yilda butun dunyo qiyin ahvolda qoldi. Uning oqibatlarini esa haligacha koʻrib turibmiz. Pandemiya davrida masofadan ishlash bilan birga davlat xizmatlariga boʻlgan talab ham oshdi. Koʻp davlat tashkilotlari tomonidan talay xizmatlar shoshilinch ravishda, sinov tarzida tezkorlik bilan joriy qilindi. Yaʼni davlat xizmatlarini masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Bundan nimani koʻrish mumkin? Demakki, elektron xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, raqamlashtirish siyosatini har bir jabhaga yoʻnaltirishning iloji bor. Bundan xalq ham, hamkorlar ham, davlat tashkilotlari ham foydalanadi. Ortiqcha vaqt, mablagʻ sarfi kamayadi, qogʻozbozlik, byurokratiya yoʻqoladi. Fuqarolar yoki tadbirkorlik subyektlar sutkaning istalgan vaqtida, oʻziga qulay paytda ariza joʻnatishlari mumkin.

    Lekin bu oʻrinda davlat tashkilotlariga qoʻyiladigan talab, har bitta xizmatni oʻz maʼmuriy reglamentiga muvofiq, belgilangan muddatlarda koʻrib chiqishidir (ish kunida). Bu ham qulaylik boʻlib, ilgari ushbu arizani joʻnatish uchun fuqaro davlat tashkilotiga borishi, masʼul shaxsni kutishi, hujjatlarda kamchilik topilsa, yana qaytib ketishiga toʻgʻri kelardi. Keyin javobini olish uchun yana kelib-ketardi.

    Elektron koʻrinishida esa bunday ovoragarchiliklar yoʻq. Masofadan ariza toʻldirish jarayonida asosiy hujjatlar biriktiriladi. Ortiqcha hujjatlarni talab qilish yoki masʼul shaxslar tomonidan shartlar kiritish imkoniyati mavjud emas. Shuningdek, fuqaro davlat xizmatlarini olishda arizasining koʻrib chiqilishini har bir bosqichda kuzatib turishi mumkin. Bunda ariza koʻp hollarda bir nechta vazirliklar tomonidan koʻrib chiqiladi.

    – Bugungi kungacha nechta elektron koʻrinishdagi davlat xizmatlari amaliyotga joriy etilgan?

    – Shu kungacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portalida 210 dan ortiq elektron davlat xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda fuqarolarimiz elektron hukumat identifikatsiya tizimidan oʻtib, portalda mavjud barcha davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishlari mumkin. Ushbu jarayonda biz foydalanuvchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni oʻrganib, eng murakkabidan boshlab, har bitta xizmatga tegishli video yoʻriqnomalar ishlab chiqib, keng ommaga imkon qadar yetkazyapmiz. Yaʼni xizmatdan foydalanish qulay boʻlishi uchun har bitta bosqich boʻyicha oʻquv qoʻllanmalar joylashtirib boryapmiz.

    2021-yil rejalari xususida ham toʻxtalsangiz...

    – Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida aytib oʻtilgan, shu bilan birga “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq 2021-yilda elektron koʻrinishga oʻtkaziladigan davlat xizmatlari roʻyxati ishlab chiqildi. Unga 60dan ortiq davlat xizmatlari kiritildi. Hozircha bu oʻsha davlat xizmatlarining elektron koʻrinishga oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi. U tasdiqlanganidan soʻng bizning asosiy ishimiz boshlanadi. Yaʼni mavjud holatni oʻrganib chiqish, keyin uni elektron koʻrinishga oʻtkazish hamda koʻplab jarayonlar va bosqichlarni avtomatlashtirish boʻyicha harakatlar...

    Shuningdek, bu yilgi asosiy maqsadimiz – aholining axborot texnologiyalari, umuman, raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarini oshirish orqali Yagona portal foydalanuvchilarini koʻpaytirish hamda davlat xizmatlari sonini 300taga yetkazish. Xoʻsh, Yagona portal foydalanuvchilari qachon koʻpayadi, qachonki, biz joriy etayotgan xizmatlar talabgir boʻlsa. Bunga faqat fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan talab yuqori boʻlgan xizmatlarni joriy etib, ularning qulay, tushunarli va soddalashtirilishi orqali erishishimiz mumkin.

    Shohida Isroilova suhbatlashdi