Bu nomofobiya — “telefon kasalligi”ning alomatlari. Bugun dunyo olimlari mazkur kasallikni koʻplab dunyo mamlakatlarini maʼlum bir muddatga esankiratib qoʻygan, millionlab insonlarni hayotdan olib ketgan va yana millionlab kishilar salomatligida turli asoratlar qoldirgan, “asr vabosi” deb ham talqin etilgan COVID-19 dan ham xavfliroq deya baholanyapti. Bugun, afsuslar boʻlsinkim, nomofobiya kasalligi kundan-kunga qanotini kengroq ochib, parvozini balandlatyapti.
Uzoqqa ketmaymiz. Keling, oʻzimizdan boshlaymiz. Ertalab uyqudan uygʻonarkanmiz, birinchi boʻlib, mobil telefonimizni qoʻlimizga olamiz. Yuzimizni yuvar-yuvmas, uni titkilab, boʻlar-boʻlmas axborotlar bilan “miya xaltamiz”ni toʻldiramiz (miya xaltasi, afsuski, ortiqcha yoki boʻlmagʻur ovqatni chiqarvoradigan oshqozon emas).
Nonushtani yo tanovul qilamiz, yoki yoʻq. “Vaqtimiz” yetmaydi. Ertalabki rizqimizning yarmini yoki hammasini “telefonga yedirib”, ishga otlanamiz. Yoʻlda transportning raqamiga qaraymiz. Ammo yoʻlovchilarni eslay olmaymiz. Kattalarga, bolalilarga, yosh bolalarga joy bermaymiz.
Qadriyatlarimiz doirasida qilishimiz mumkin boʻlgan ishlarni bajarishimizga “telefon” ruxsat bermaydi. Agar qandaydir olamshumul voqea-hodisa sodir boʻlsa, darhol “telefonga” joylaymiz. Xotiraga ham ish qolmayapti chogʻi, “telefonning xotirasi bor”. Ishxonada hamkasblar bilan “telefon”dagi uzuq-yuluq, boʻlar-boʻlmas axborotlar haqida oʻzaro fikr almashamiz. Bu orqali oʻzimizni “zamon bilan(...mi telefon bilanmi) hamnafas” ekanligimizni isbotlaymiz(mi?).
Ishdan charchab, uyga kelgach, turmush oʻrtogʻimizning bugungi kuni qanday oʻtganligi bilan qiziqadigan savolimiz “falon kanaldagi” “falon” videoni yoki xabarni koʻrdingizmi? Hayratlarimizni oʻrtoqlashamiz. Farzandlarimiz “telefondan” boshini koʻtarsa, salom beradi yoki yoʻq. Qizigʻi, ularni salom bergan bermaganini biz ham eslolmaymiz. Juda eʼtiborli boʻlsak, yoki “yaxshi ota-ona” rolini oʻynash uchun “vijdon”ga salgina quloq solsak, “Maktabing tinchmi?” deb soʻrab qoʻyamiz. Xullas, bugun aksariyatimiz “yonma-yon” oʻz virtual olamimizda yashay boshladik...
“Farzandingizning telefoniga mana bunaqangi dasturni oʻrnatib bering, bolangizning tarbiyasiga yaxshi taʼsir qiladi... Bolam “telefon”dagi “falon” dastur asosida til oʻrganayapti... Bolangizni qayerda ekanligini bilmoqchi boʻlsangiz, telefoniga mana bunaqa “dastur” yuklab qoʻying... Voy, bolam hali yoshiga toʻlmagan, telefonning “ichi”ga kirib ketadi-ya!” Qoyil... Bular keyingi paytda ota-onalarning oʻzaro suhbatida tez-tez uchrab turadigan “maslahatlar” va “havolanishlar”.
Keyingi paytda ayollarning ham erkaklarning ham nolishlari yana bittaga koʻpaydi: turmush oʻrtoqlari telefondan bosh koʻtarmayapti(!), telefon oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonni buzib yuborishga osongina erishyapti.
Farzand tarbiyasidagi “zamonaviylik”ni yohud nomofobiya bilan xastalanganlarni chiroyli banner bilan oʻralgan qurilishga oʻxshatish mumkin. Poydevor qanday qurilyapti, devor qanday materialdan koʻtarilyapti, chidamliligi qanaqa? “Uy (uy deb boʻlsa) sotiladi, holati “korobka”. Uy deganning ichiga kirib, uyni topguningizcha yo mablagʻingiz yetmaydi yoki sabringiz...
Yonma-yon oʻz virtual olamlarimizda yashay boshlaganimizni sezyapmizmi? Tobora virtual olamning domiga kirib ketmayapmizmi?
Maʼlumotlarga koʻra, bundan oʻn besh yil avval mobil aloqadan 2,5 milliard odam foydalangan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich ikki baravarga oshgani qayd etilmoqda.
Vatan ota-onadan farzandga qoldiriladigan buyuk merosga oʻxshatiladi. Kelajak vorislarining taʼlim-tarbiyasini isloh qilish hukumat darajasidagi eng dolzarb masalaga aylangani bejizmas. Vatanni his qilish, unga munosib boʻlish uchun tarixiy tajribalar asosida kelajakka aynan bugun qadam qoʻyishimiz kerak! Demak, mobil aloqalardan qadriyatlarni elektronlashtirish(!) uchun emas, ularni keng targʻib qilishda foydalanishimiz kerak.
Keling, bir zum yaqin oʻtgan, bugungi kun uchun olis tarixdek tuyula boshlagan oʻtgan kunlarga qaytamiz. Mobil aloqalarga qadar xabarlar, maktublar oʻzaro tanish-bilishlar orqali yuborilgan. Zudlik bilan yuborilishi lozim boʻlgani esa qisqa xabar — telefonogramma boʻlgan. Xabar uzatishning ushbu usuli va uning obyektiv va subyektiv tomonlari haqida toʻxtalishdan avval, mobil ilova qanday va qay tarzda paydo boʻlgani haqidagi maʼlumotlarni eslaylik.
1973-yilda Manxetten koʻchasidagi binolardan birining oldiga kelib toʻxtagan “Motorola” korporatsiyasining mobil aloqalar boʻlimi rahbari Martin Kuper gʻishtni eslatuvchi narsani olib, “AT&T Bell Labs” kompaniyasining tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Joel Engel bilan gaplashadi. U oʻzini mobil aloqa orqali gaplashayotganini bildirish uchun Joelga ofisining old koʻrinishi juda chiroyli ekanligini aytadi va, ayni paytda, uyali telefon apparatini yaratish ustida olib borilgan 10 yillik urinishlarda Motorola kompaniyasi yengib chiqqanini bildirib qoʻyadi.
AT&T Bell Labs kompaniyasida uyali aloqani yaratish gʻoyasi 1946-yildayoq tugʻilgandi va ogʻirligi 40 kilogrammga teng trubkasi avtomobil salonida olib yurish uchun moʻljallangan, oʻzi avtomobil yukxonasiga oʻrnatilgan radiostansiya shaklidagi mobil aloqa oradan deyarli oʻn yillar oʻtib qiymatini yoʻqotadi. Ammo ushbu tashabbusdan olti yil avval, yaʼni 1940-yillarning oxirida skandinaviyaliklar Shvetsiyadagi Televerket kompaniyasining ikki xodimi — Styur Lauren va Ragnar Berglundga oddiy statsionar apparatlarga oʻxshab ishlaydigan, ammo koʻtarib yurish mumkin boʻlgan telefon yaratishni topshiradi. 1950-yilda Shvetsiyaning Liding shahridagi Vasagatan koʻchasida, oʻzining Volvo xizmat mashinasi ichida turib, avtomobil ichiga oʻrnatilgan telefondan hayajon bilan qaynonasining uy raqamini tergan Styurga keksa qaynonasi uning aqldan ozib qolganini aytib, “Sen tadqiqotlaringga juda qattiq berilib ketibsan. Albatta ruhshunos-doktorimizga borib uchrashgin”, deya maslahat beradi.
Darvoqe, masofaviy suhbatlashishni yengillashtirish maqsadida oʻylab topilgan ushbu qurilma, vaqt gʻildiragi bilan aylanib, ommaviy axborot vositalarining elekron koʻrinishini olishi va har qanday toʻsiqlarni “ojiz” qoldirishi taxmin ham qilinmagani shubhasiz. Ogʻirni yengil qilish maqsadida qilingan kashfiyotlarning baʼzilari qorli togʻning tepasiga ming mashaqqatlar bilan koʻtarib olib chiqilib, soʻng sovuqdan omon qolish uchun yoqilgan kitoblarga oʻxshaydi. Yoki ogʻirni yengil qilish uchun kichkina aravaga mumkin boʻlganidan 3–4 baravar ogʻir narsani ortvolib, qiynalib tortishdek gap.
Ana endi, xabar tarqatishning eskicha usullari va ularning obyektiv va subyektiv koʻrinishlari haqida ozgina oʻtkan kunlarga qaytsak.
“Qoʻshni, bu yongʻoqlar oʻzimizning bogʻdan. Bolalarga deb olib chiqdim.” (Aslida, bu hovlida ham yongʻoq borligiga shubha yoʻq). Oʻgʻlingiz shaharga ketayapti, deb eshitdim. Mana bu yongʻoqni oʻgʻlim Azimjonga olib borib berolarmikan, deb chiqqandim”. Bu yerda oʻzaro qoʻni-qoʻshnichilik qadriyatini koʻrish mumkin.
“Qizim, namuncha hammayoqni qogʻozga toʻldirib yuboribsan? Armiyadagi akangga xat yozdingmi yana?”... Maktubdagi birgina xato uchun u qayta koʻchirib yozilgan (bugun telefon orqali ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzaro yozishmalardagi savodsizlik haqida gapirib oʻtirmoqchi emasman. Misollar toʻlib yotibdi.). Savodsizlik uyat hisoblangan. Qavmu qarindoshlik, ota-ona va farzand oʻrtasidagi munosabatlar diydor bilan oʻlchangan.
Muloqotning onlay shakli onlayn munosabatlarni yoʻlga qoʻydi. Onlayn bozorlar shakllandi va rivojlanish bosqichiga koʻtarildi. Xizmatlar onlayn amalga oshirila boshlandi. Bilim olishning onlayn shakli, elektron kutubxonalar tashkil etilgani qulayliklar tugʻdirdi albatta. Bank xizmatlarida, bozor munosabatlarida onlayn tarzdagi qulayliklar roʻyxatini uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, oʻgʻirlikning, turli gʻoyaviy tahdidlarning, yana boshqa gʻalamislarning ham onlayn shakli paydo boʻldi. Yonginamizda, ammo oʻz virtual olamida yashayotgan ayrim insonlarni tanishimizning imkoniyati yoʻq.
Taraqqiyot har zamon uchun muhim, ammo uning insonlar farovon yashashiga, yurt tinchligiga xizmat qilishi muhimroq. Tarix 1945-yili muhandis Berush sharikli ruchka ixtiro qilganini oʻz sahifasiga muhrlab qoʻygan, lekin biz uchun qamish qalamni siyohga botirib, sharikli ruchka yaratilishiga asos solgan ajdodlarimiz chinakam tarix!
Shu nuqtayi nazardan, Ommaviy axborot vositalarining shakli emas, vazifasini anglashimiz biz uchun gʻoyat muhim. Elektron shakldagi gazetalarimizning segmentlarini, yaʼni auditoriyasini oʻziga tortib olgan turli ijtimoiy tarmoq kanallari va veb-sahifalarda eʼlon qilinayotgan xabarlarning “feyk” koʻrinishlarini jiddiy tahlil qilish vaqti yetdi. Xoʻsh, ularning ohanrabosi nimada? Albatta, odamlar orasidagi haqiqiy voqea-hodisalarning qisqa shaklda yoritilishida. Feyk xabarlar esa ana shu haqiqatlar koʻylagini kiyib olgan yolgʻondir. Miyada esa elak (filtr) vazifasini ilm-maʼrifat, maʼnaviy, mafkuraviy immunitet bajaradi.
Dunyoda har bir dardning davosi bor. Ammo kasallikka mahkum boʻlishdan avval uning oldini olishda hikmat koʻproq. Ommaviy axborot vositalarini, ayniqsa, matbuotni bugun xalq ichiga “qaytarish”imiz, virtual olam odamiga aylanmasligimiz, milliy qadriyatlarimizni elektronlashtirmasligimiz uchun ham taraqqiyot biz ekanimizni tushunishimiz, taraqqiyotni oʻzimizdan boshlashimiz lozim. Maʼrifat har qanday jaholatni yengishiga ishonch bor ekan, nomofobiyani maʼrifat bilan, maʼnaviyat bilan jilovlashimizga ehtiyojimiz bor.
Ziyoda Akbarqulova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi