2021-yilgi soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlarida QQS (15%), foyda soligʻi (15%, alohida toifalar uchun 20%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (12%), yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi (2%), qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi (0,95%), ijtimoiy soliq (xoʻjalik yurituvchi subyektlar - 12% va byudjet tashkilotlari - 25%), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4%) stavkalarini saqlab qolinishi nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, 2021-yilgi soliq siyosati Soliq kodeksining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini, eksport qiluvchilarni yana-da qoʻllab-quvvatlashni, soliq yukining adolatli taqsimlanishini va tabiiy resurslaridan samarali foydalanilishini oshirilishini taʼminlashni nazarda tutuvchi soliq islohotlarini davom ettirishga qaratilgan.
Qonun loyihasida Soliq kodeksi tarkibiga aksiz soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining stavkalarini, shuningdek ushbu stavkalarni qoʻllash bilan bogʻliq ayrim normalar kiritilishi nazarda tutilgan. 2020-yil uchun ushbu stavkalar Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilangan edi.
2021-yil uchun ushbu stavkalar quyidagi tarzda oʻzgartirildi:
a) aksiz soligʻi boʻyicha import va ishlab chiqarish uchun aksiz soligʻi aksariyat stavkalarini tenglashtirish nazarda tutiladi. Shu bilan birga, mutlaq miqdorda belgilangan aksiz soligʻi stavkalari indeksatsiya qilingan
(2020-yil 1-apreldan ularning nazarda tutilgan indeksatsiyasini bekor qilinganini hisobga olgan holda).
Shu munosabat bilan, aksiz soligʻi stavkalari 2021-yil 1-fevraldan boshlab indeksatsiya qilinmoqda. Bunda, alkogolli mahsulotlar, shu jumladan pivoga, shuningdek tamaki mahsulotlari uchun 2 bosqichda: 2021-yil 1-fevraldan boshlab - 2020-yilda ularni indeksatsiya qilinishi rad etilganligini hisobga olgan holda, hamda 2021-yil 1-sentyabrdan - oʻrtacha 7,5 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Import boʻyicha 73 ta tovar pozitsiyasiga aksiz soligʻini bekor qilish taklif etilmoqda, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari (20 turdagi tovarlar (sharbatlar, pishloq, tvorog, margarin, unli qandolat mahsulotlari, kolbasa va shunga oʻxshash goʻsht mahsulotlari va h.k.)), elektrotexnika tovarlari boʻyicha (35 turdagi tovarlar (muzlatgichlar, televizorlar, gaz plitalari, changyutgichlar, kir yuvish mashinalari va h.k.)) va h.k. Bu tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlarni taʼminlashga imkon beradi.
Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslar uchun mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilmoqda.
b) yer soligʻi boʻyicha qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun, respublika hududlari kesimida mutlaq kattalikda, ularni 15 foiz indeksatsiya qilinishini hisobga olgan holda, bazaviy soliq stavkasi belgilanmoqda;
Qishloq xoʻjaligiga moʻlljanlanmagan yerlar uchun yer soligʻi stavkalarini har yillik indeksatsiya qilinishi stavkalar mutlaq kattalikda (soʻm) belgilanganligi bilan izohlanadi va yer soligʻining byudjet umumiy tushumlaridagi ulushini saqlab qolishga imkoniyat beradi.
Bunda, soliq stavkalarining aniq miqdori mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularning nufuzli tuman va iqtisodiy rivojlanishiga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda Soliq kodeksida belgilangan stavkalar asosida aniqlanadi.
v) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha soliq stavkasi soliq toʻlovchilarning toifalari kesimida, shuningdek belgilangan maqsadlarda ishlatiladigan suv hajmi qismida belgilanmoqda, bu soliqni hisoblab chiqarish maqsadida har xil maqsadlar uchun ishlatiladigan suv resurslari hajmining hisobini alohida yuritishni taqozo etadi. Ushbu chora-tadbirlar suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha soliq stavkalari 15 % ga, ushbu stavkalarni sanoat korxonalari uchun belgilangan yagona soliq stavkasiga bosqichma-bosqich yetkazish maqsadida, iqtisodiyotning alohida tarmoqlari uchun 30 foizga indeksatsiya qilinmoqda. Kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari uchun suv resusrlaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020-yil darajasida saqlab qolinmoqda, qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorish uchun ishlatiladigan suv hajmi va baliqlarni oʻstirish (yetishtirish),
shu jumladan dehqon xoʻjaliklari uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha esa 1 kub metri uchun 40 soʻm yagona soliq stavkasi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan tushum hajmidan qatiy nazar quyidagilar hisobiga QQS toʻlaydigan korxonalar doirasini kengaytirish nazarda tutilgan: alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish boʻyicha turgʻun savdo shahobchalari, shuningdek, bozorlar va savdo komplekslari.
Bu faoliyatni amalga oshirishga teng sharoitlarni yaratish va soliq boʻyicha QQS toʻlovchi korxonalardan foyda ulushini ushbu soliqni toʻlamaydigan shaxslarga taqsimlab oʻtkazish hisobiga tushumlarni pasaytirishni oldini olishga imkon yaratadi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi PF-5978-sonli Farmoni bilan 2020-yil 1-apreldan 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd. soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar ushbu soliqni har choraklik asosida hisoblash va toʻlash huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan. Ushbu normani kelgusida ham saqlab qolish va uni Soliq kodeksida doimiy ravishda nazarda tutish taklif etiladi.
Qonun loyihasida valyuta tushumi summasi tushishidan qatʼiy nazar haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan (toʻlanadigan) QQSni hisobga olish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bu konsignatsiya (toʻlovni kechiktirish) shartlari bilan eksportga tovarlarni joʻnatishni amalga oshiruvchi eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashga va aylanma mablagʻlarini band qilishni oldini olishga imkon beradi. Ushbu huquq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF- 5989-sonli Farmoniga muvofiq faqatgina toʻqimachilik korxonalarida mavjud edi.
Pensiyalarni hisoblash tartibini soddalashtirish maqsadida jismoniy shaxslarning ayrim toifasi uchun ijtimoiy soliq stavkalarini unifikatsiya qilish taklif etiladi. Shunday qilib, Qonun loyihasida oʻzini-oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar, “Usta-shogird” maktablari oʻquvchilari - ular 25 yoshga toʻlguniga qadar ishlagan davri, dehqon xoʻjaliklari, shuningdek mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) tashkilotlarda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga kamida 1 bazaviy hisoblash miqdorida ijtimoiy soliq tulanishini nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha kamaytirilgan stavkaning 0,2 dan 0,4 foizgacha va alohida obyektlar va yer uchastkalariga nisbatan yuridik shaxslarning yer soligʻi stavkalariga qoʻllaniladigan kamaytiruvchi koyeffitsiyentning 0,1 foizdan 0,25 foizgacha oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bu ularni mol-mulk soligʻi va yer soligʻining bazaviy stavkaga bosqichma-bosqich yetkazish imkonini beradi.
Eslatib oʻtamiz: mol-mulk soligʻi boʻyicha kamaytirilgan stavka va yer soligʻi stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyent avval soliq imtiyozlari berilgan obyektlarga nisbatan 2020-yil 1-yanvardan kiritildi. Ushbu choralar koʻchmas mulk obyektlaridan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkalarini toʻliq hisobini yuritishni taʼminlash maqsadida kiritilgan.
Fermer xoʻjaliklari uchun yagona yer soligʻini bekor qilish bilan birga (2020-yil 1-yanvardan), yer soligʻini hisoblab chiqarish maqsadida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni normativ qiymatdan kelib chiqib soliq solish tartibi saqlab qolingan. Mazkur davrdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlari mavjud boʻlgan boshqa yuridik shaxslarga ham ushbu tartib tatbiq etildi. Bunda, meva-sabzavotchilik qishloq xoʻjaligi korxonalari (2019-yil 1-yanvardan) uchun yer toifasi (sugʻoriladigan
va sugʻorilmaydigan) va ball bonitetiga qarab belgilangan stavkadan kelib chiqib yer soligʻini hisoblab chiqarish tartibi saqlab qolingan.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga yagona soliq solish tartibini belgilash maqsadida, Qonun loyihasida meva-sabzavotchilik qishloq xoʻjaligi korxonalarini qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining normativ qiymatidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar kabi yer soligʻi stavkasini belgilagan holda, yer soligʻini hisoblab chiqarishga qaytish nazarda tutilmoqda.
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha alohida qurilish foydali qazilmalari boʻyicha stavkalar unifikatsiya qilinmoqda. Bu noruda foydali qazilma konlarini oʻzlashtirish va ularni, ayniqsa daryo oʻzanlaridan, samarali qazib olishini taʼminlashga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining amaliy taʼsiri va samaradorligini monitoring va tahlil qilish doirasida mutaxassislar, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek soliq maslahatchilari va ekspertlarning takliflaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha alohida Qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Qonun loyihasi bilan www.mf.uz veb-saytida tanishish mumkin.
Moliya vazirligi Axborot xizmati