Dunyoda shunday kasb borki, uni oʻqituvchilar oʻrgatolmaydi. Oʻrgatadigan qoʻllanmayu oʻquv binolari ham yoʻq. Ularni xalq tarbiyalaydi, xalq shakllantiradi. Bu kasb egalari soʻz sanʼati ustalari — qiziqchilardir. Ular azaldan jamiyatda uchraydigan turli kamchiligu muammolarni ommaga yuzlashtirgan.

Oʻzbek qiziqchilik sanʼati deganda Yusufjon qiziq Shakarjonovdan Avaz Oxungacha boʻlgan soʻz ustalari koʻz oʻngimizda jonlanadi.

Bugungi suhbatdoshimiz oʻzining komik rollari bilan xalq qalbiga kirib borayotgan soʻz ustasi Elmurod HAQNAZAROV. Muloqotimiz davomida qiziqchilik sanʼati, kino hamda jamiyatimizda uchrayotgan muammolar, dolzarb mavzular haqida toʻxtalishga harakat qildik.

Sizdan qoʻshiqchi emas, qiziqchi chiqadi Inson bir talay orzular bilan ulgʻayadi. Kimdir sportchi, kimdir harbiy yoki shifokor boʻlishni orzu qiladi. Eng muhim qaror esa vaziyat taqozosi bilan qabul qilinadi. Bolaligimda futbolchi boʻlish orzuim edi. Ammo jarohatlar tufayli sport bilan xayrlashdim. Bugungi kungacha turli sohalarda oʻzimni sinab koʻrdim: oʻqituvchilik, operatorlik, toʻylarda boshlovchilik qilganman, zavodda ham ishlaganman… Bilasizmi, nima ish qilishingizdan qatʼi nazar, topayotgan daromadingizda baraka boʻlmasa, qiyin ekan. Avvaliga menda ham topganim barakasiz boʻlaverdi. Bu orada Fargʻona politexnika institutiga hujjat topshirib, talaba boʻldim. Oʻsha vaqtlarda oilaviy ahvolimiz u qadar yaxshi emasdi, oʻqishga piyoda qatnaganman.

Qiziqchilikka kirib kelishimning oʻzi qiziq boʻlgan. Bir kuni dadam uyda rahmatli Hojiboy Tojiboyevning konsertini koʻrib oʻtirgandi. Ustoz bir payt “Hozir ishi yurishmaganning hammasi qoʻshiq aytyapti”, dedi. Dadam kulib yubordi. Bu holat menga alam qilgan. Sababi, oʻsha vaqtlarda qay bir sohaga bosh qoʻshmay, ishim yurishavermasdi. Oilamga moddiy jihatdan qarasha olmasdim. Keyin xonanda Otabek Muhammadzohidning uyiga borib, sizga shogirdlikka tushaman, deganman. Aka meni eshitib koʻrib, sizdan qoʻshiqchi chiqmas ekan degan. Oradan vaqt oʻtib, qayta tayyorlanib, uchinchi marta bordim. Doʻstlari bilan davra qurib oʻtirgan ekan. Yana oʻsha gap.

Shunda “Ustoz, toʻgʻrisini aytsam, institutga kontrakt asosida kirganman. Mayli, ashula aytmasam ham, yoningizda yursam boʻldi. Keyinchalik “E, bu Otabekning shogirdi Elmurod Haqnazarov-ku”, deyishadi. Soʻng toʻylarga chaqirishadi, pul ishlab kontraktimni toʻlayman”, deganimda kulib yuborishgan. Otabek aka oʻshanda “sizdan qoʻshiqchi emas, qiziqchi chiqadi”, degan edi. Bora-bora QVZga qoʻshilib, turli tanlovlarda qatnashganman. “Avvaling xor boʻlsa boʻlsin, oxiring xor boʻlmasin”, deyiladi-ku bir qoʻshiqda. Hech qachon qiziqchilik sohasidan pul topish mumkinligi haqida oʻylamaganman. Nasiba ekan, mana bugun shu sohaning nonini yeb, roʻzgʻor tebratib yuribman.

Qiziqchilik — eng qiyin kasb

Bu kasbda birinchi ustozim — xalq. Hayotda hamma narsani, yutuqlarni ham, kamchiliklarni ham shu xalq ichidan topdim. Sohaga qiziqishga sababchi boʻlgan ustozlarim — Hojiboy Tojiboyev, Muhammadsidiq Shiryayev. Ularning ijodini kuzatib sohaga qiziqishim yanada ortgan. Qiziqchilik dunyodagi eng qiyin kasb. Misol uchun, oʻqituvchilikni ham, jarrohligu hunarmandlikni ham oʻrganish mumkin. Ammo qiziqchilikni hech qayerda oʻrganib boʻlmaydi. Bu kasbni egallayotgan insonlarga chin isteʼdod, iqtidor berilgan boʻlishi kerak.

Ayrim “kinochi”lar unutib qoʻygan muhim narsa…

Bugungacha bir necha marta konsert berdim. Bir necha yil ilgari kinoda rol ijro etishni taklif qilishdi. Qishloq hayoti mavzusida olinishi kerak ekan. Rejissyor doʻppini koʻrsatib, “buning nomi nima edi?” deyapti. Men u roldan voz kechdim. Qanday qilib oʻzi olayotgan kinoning muhitini, mazmunini bilmaslik mumkin?

Masalaning boshqa bir tomoni odamni oʻylantiradi. Bolaligimizdan koʻrib oʻsgan “Shum bola”, “Dev bilan pakana”, “Shaytanat” kabi kinolar nafaqat oʻz davrida, balki bugungacha ham sevib koʻriladi. Yoki yaqinda olingan “Tengiz”, “Ilhaq” kabi filmlar oʻzbek kino olamiga yangicha ruh olib kirdi. Demak, kino sohasiga umumiy hukmni oʻqish qiyin masala. Ammo gʻalvirni suvdan koʻtarsak, bu kabi kinolar bugun anqoning urugʻidek gap. Sanʼat juda murakkab soha. Eng yaxshi aktyor, eng yaxshi rejissyor, katta mablagʻ boʻlgani bilan yaxshi ssenariy boʻlmasa, bari befoyda. Yaxshi kino olish uchun yaxshi ssenariy boʻlishi kerak. Kino bir necha kishining qarashlari bilan cheklanib, hayotdan uzilib qolmasligi shart.

Baʼzi kinochilar muhim narsani unutib qoʻygan: bizda shakllangan qadriyatlarning asosiy belgilari mehr-oqibat, kattaga hurmat — kichikka izzat, vatanparvarlik, eng muhimi, milliylik ufurib turishi lozim. Chunki bular muqaddas tushunchalar. Bizda ogʻa-ini bir parcha yer yoki mol-mulk uchun bir-biri bilan jiqqamusht boʻlmagan. Mabodo boʻlganda ham uni ommaga olib chiqish, shunday xunuk holatni hammaga koʻrsatish shart emas. Axir kino, ayniqsa, yosh avlodga ibrat boʻlishi kerak emasmi? Vaholanki, koʻrsatishga, maqtanishga arzigulik fazilatu xislatlari bisyor xalqmiz! Hozir nima boʻlyapti? Qaynona-kelin, boy-kambagʻal, xiyonat va bundan-da battar mayda-chuydalar. Bu bilan nima demoqchimiz oʻzi, tomoshabinga nimani koʻrsatmoqchimiz?

Oʻtmishga bir qarang, qaysi asar yoki qaysi tarixiy maʼlumotda oʻzbek degan millat faqat shunaqa mayda muammolar bilan oʻralashib qolgani yozilgan… Biz katta-katta olimlaru tarixiy shaxslarning avlodi emasmizmi? Nimaga ular ilgari surgan gʻoyalarni emas, toʻrt-beshta rejissyorning hayotiy gʻiybatlarga asoslangan kinolarini tomosha qilishimiz kerak?

Televizor bu — koʻzgu. Xohlaysizmi-yoʻqmi, unda namoyish etilayotgan kinolaru koʻrsatuvlar yoshu kattaga birday taʼsir qiladi.

Ronalduning tugʻilgan yilini biladiganlar...

Oʻtgan yilgi konsertimda matematika va geometriya oʻqituvchisi rolida dars berishim kerak boʻlgan bir epizod bor edi. Sahnada Ronalduning rasmini koʻrsatib, “bu kim” desam, ishonasizmi, tomoshabinlar uning ismi, vatani u yoqda tursin, tugʻilgan yiliyu nechta bolasi borligigacha sharillatib aytib beryapti! Messini ham xuddi shunday taʼriflashdi. Keyin Muhammad al-Xorazmiyning suratini koʻrsatdim. Zal jim-jit… Tasavvur qilyapsiz-a? Biz zamonaviy taraqqiyotga asos solgan, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan oʻz bobolarimizni tanimaymiz.

Yana bir achinarli holat. Bizda ichki boʻlinishlar — qishloqi, shaharlik, boy yoki kambagʻal, degan tushunchalar shakllanib qolgan. Tasavvur qiling, Vashington shahri aholisida “sen Las-Vegasdan kelgansan”, degan tushuncha yoʻq. Ular biz barchamiz amerikaliklarmiz, deyishadi va bundan gʻururlanishadi. Londonlik kishi ham boshqasiga “u liverpullik” yoki “Manchesterdan kelgan”, deb barmoq niqtamaydi. Toʻgʻri, bir zamonlar qora tanli, oq tanli, degan qarashlar boʻlgan. Lekin bugun u Afrikadan kelganmi yoki Osiyodan, “Biz amerikalikmiz” deydi. Keyingilari esa, “britaniyalik” ekanidan faxrlanadi. Yaʼni shu davlat manfaati uchun birgalikda harakat qiladi. Butun qoniga singib ketgan shu tushuncha.

Bizda nega bunday salbiy qarash shakllangani odamni jiddiy oʻylantiradi. Dunyoga bir qarang. Bugun zamon shiddatli, oʻzgaruvchan. Hamjihat boʻlgan, birlashgan xalqgina yutadi. Taraqqiyotga erishadi. Shunday ekan, biz ham “Men oʻzbekman!”, “Biz oʻzbekmiz, oʻzbekistonlikmiz!” deb baralla aytishni oʻrganishimiz kerak. Shu gʻoya atrofida, bir bayroq ostida birlashib, harakat qilishimiz zarur. Mana shunda bizga nisbatan boshqalarning qarashini oʻzgartira olamiz. Misol uchun, deylik ayrim davlatlarda oʻzbek desa, boshqacharoq qarashadi. Nima uchun, bilasizmi? Sababi, biz oʻz yurtimizni qoʻya turaylik, uzoq xorijda yurganimizda ham bir-birimizning kovushimizga suv quyamiz.

Yana bir masala. Poytaxt koʻchalarida yurib, oʻzga yurtga tushib qolgandek his qilaman oʻzimni. Reklamayu peshlavhalardagi eʼlonlarni koʻrib, odamning ichi muzlab ketadi. Baʼzan oʻzaro muomala-muloqotda ham zarurat boʻlsa-boʻlmasa, oʻrischayu inglizcha aralashtirib gapirayotganlar kammi? Keyingi paytlar turkchayu arabchani aralashtirish ham “urf” boʻlyapti. Holbuki, bizning chiroyli, goʻzal ifoda usullariga boy tilimiz bor.

Sanʼatkorning eng katta yutugʻi

Xohlaysizmi-yoʻqmi, odam eʼtibor kutadi, oʻzgalar eʼtirof etishini istaydi. Bir gal konsertdan soʻng nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiyadan ham murojaatlar boʻldi. Hatto qamoqxonadan qoʻngʻiroq qilishdi. “Birinchi koʻrganimizda kuldik, keyingisida yigʻladik, uchinchisida tushunib yetdik”, deyishdi. Shunday eʼtiroflardan keyin koʻngil koʻtariladi-da.

Sanʼatkorning yutugʻi — manzil tanlamaydi. Koʻtarayotgan muammolari chegara bilmaydi. Uning eng katta gʻalabasi ham shu, aslida.

Masʼuliyat har bir insondan meros qolishi kerak

Har kim millatning emas, avvalo, oʻzining masʼuliyatini his qilishi kerak. Yaʼni dehqon ham, choʻpon ham, sanʼatkor ham oʻz ishini ustalik bilan bajarishi lozim. Millat deganda umummanfaat yotadi. Umummanfaatning asosi baribir shaxslarga borib taqaladi. Bir shaxs masʼuliyatini umummasʼuliyatdan ayro tasavvur qilmaslik kerak. Bizning vazifamiz odamlardagi ayrim kamchiligu muammolarni kulgi vositasida yana xalqning oʻziga koʻrsatish, koʻzgu tutish. Qiziqchilikning yutugʻi ham shunda. Agar ikki soatlik konsertda xalq yerda, sanʼatkor osmonda yursa, buning foydasi yoʻq.

Masʼuliyat har bir insondan meros qolishi kerak. Qush uyasida koʻrganini qiladimi, yoʻqmi, buni bilmayman. Ammo inson atrofida koʻrgan ishlarini qilishi tabiiy. Har kim masʼuliyat orqali nafaqat oʻziga, balki jamiyatga ham naf keltira oladi.

Bizdan ustozlar qachon, qanday va nechta kitob oʻqiganimizni soʻrab turardi. Hozirgacha ham shunday. Kerak boʻlsa, buning ortidan dakki ham eshitgan kunlarimiz boʻlgan. Qiziqchilik sohasida sizdan eng koʻp soʻraladigan narsa — soʻz. Buning tabiiy yoʻsinda ortib borishiga kitob sababchi. Qiziqchi, ayniqsa, soʻzni, nima deyotganini his qilishi kerak. Shu oʻrinda Erkin Vohidovning bir gapi yodimga keldi: “Odamlarda tafakkur kuchi ortgani sari tasavvur kuchi kamayib bormoqda. Zavq-shavq oʻrnini sovuq hisob-kitob egallamoqda. Aql va yurak bahsida hissiyot yengilib, quruq mantiq gʻalaba qilmoqda. Bu jamiyat uchun xatarli hol. Oʻzbek askiyani unutsa, doʻstona hazillarni esdan chiqarsa, soʻzning latofatini anglamay qolsa, bu falokatdir”.

Odamlarga kulgi ulashish katta baxt. Tabiat qoʻynidagi qorlarni quyosh eritadi. Ammo odamning yuziga kulgi yugurtirish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bitta qiziqchi minglab, millionlab odamlarga kayfiyat ulashadi. Tabiiyki, kayfiyati yuqori insonning ish unumdorligi oshadi, kasal ham boʻlmaydi. Tilagim — hayotda kulib, kuldirib yashaylik. Shunda kunlarimiz baxtiyor oʻtadi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Cardor TOLLIBOYEV yozib oldi.