Endi davlat korxonalariga eksklyuziv imtiyozlar va davlat kafolatlarini taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi departament boshligʻi Sanjar Qurbonaliyev maʼlum qildi.

    Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi ilgʻor xorijiy tajribaga asosan ishlab chiqilgan. Strategiya talablaridan kelib chiqib tegishli qonunchilik normalari muvofiqlashtirildi. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbarlari va kuzatuv kengashi aʼzoligiga nomzodlarni shakllantirish tartibi ishlab chiqildi.

    Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida tegishli huquqiy hujjatlar asosida 500 dan ortiq davlat korxonalarini xususiylashtirish va qariyb 600 ta korxonani qayta tashkil etish va tugatish belgilandi. Natijada 2021-yilda davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 30 foizga qisqartirishga erishildi.

    Bugungi kunda Strategiyada belgilangan “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 2 mingdan ortiq korxonalar xatlovdan oʻtkazilib, ularni sotish, qayta tashkil etish va tugatish boʻyicha taklif tayyorlandi. Bu boradagi ishlarni davom ettirgan holda 2025-yilgacha davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish koʻzda tutilmoqda.

    Strategiya normalarini amaliyotga tatbiq etish, jumladan yirik korxonalarga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlarni aniqlash, dividend siyosati va ahloq kodeksini ishlab chiqish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida 5 ta xalqaro va mahalliy kompaniyalar jalb etilib, bu borada ishlar boshlab yuborildi.

    Endilikda davlat ishtirokidagi korxonalar va xususiy sektorga teng sharoitlar yaratish maqsadida davlat korxonalariga eksklyuziv imtiyozlar va davlat kafolatlarini taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi.

    Korxonalar boshqaruv organlariga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida Kuzatuv kengashi mustaqil aʼzolari uyushmasi tashkil qilindi. Bugungi kunda 54 ta davlat korxonalarining kuzatuv kengashlariga 71 nafar mustaqil aʼzolar jalb etilgan. Taʼkidlash joizki, joriy yildan boshlab, korxona rahbarlari va kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolati muddati uch yilgacha uzaytirildi – oldin bir yil edi.