Endi karantin vaqtida qaysi mehmonxonalar ishlayotganini onlayn koʻrish mumkin

    Xorijdan kelayotgan va karantinni oʻz hisobidan mehmonxonada oʻtkazishni istagan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “HotelPro” MCHJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida BookHotel.uz sayti yaratildi.

    BookHotel.uz saytida karantinga joylashtirilayotgan fuqarolarning imkoniyatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli narx toifasidagi mehmonxonalar roʻyxati joylashtirilgan. Veb – resurs qabul qilishni amalga oshirayotgan va qabul qilishni kutayotgan mehmonxonalar toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega. Bu yerda barcha zarur maʼlumotlar: mehmonxonaning joylashgan joyi, nomer fondi, bogʻlanish uchun maʼlumotlar, koʻrsatiladigan xizmatlarnibilish mumkin, shuningdek yashash uchun taklif etiladigan sharoitlarni koʻrish ham mumkin (mehmonxonalar fotosuratlari).

    Karantin talablari asosida fuqarolarni joylashtirish uchun yetarli sharoitlar yaratgan va karantinga fuqarolarni qabul qilishga rozi boʻlgan mehmonxonalarning ushbu roʻyxati, karantinga joylashtirilgan fuqarolar va roʻyxatga olingan bronlar hisobiga mehmonxona toʻlishiga qarab saytda muntazam ravishda yangilanib boradi.

    Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 30-iyundagi qaroriga muvofiqOʻzbekistonga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolar va Oʻzbekistonda doimiy yashash joyiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda oʻz hisoblaridan mehmonxonalarda karantin muddatini oʻtashlari mumkinligini eslatib oʻtamiz.

    Bir reys bilan Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan fuqarolar sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan mehmonxonalarga tartib boʻyicha joylashtiriladi va ularning xavfsizligi uchun Milliy gvardiya tomonidan tunu-kun qoʻriqlash tashkillashtiriladi.

    Aholi oʻrtasida koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 9 ta mehmonxonadan (har bir narx toifasi boʻyicha 3 tadan mehmonxona) iborat roʻyxat shakllantirildi va u davriy ravishda yangilanib bormoqda. Bunda eng past narx taklif qilgan mehmonxonalar tanlab olinadi.