Endilikda fuqarolar qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni kuzatib borish mumkin

    Soʻnggi yillarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ularni manfaatdor idoralar bilan kelishish hamda keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasidan oʻtkazish boʻyicha amaldagi qonunchilikda mavjud boʻlgan tartib-taomillarga oid texnologiyalar ishlab chiqilib sohaga keng joriy etildi.

    Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (regulation.gov.uz) portalida amaldagi qonunchilikka koʻra normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga qoʻyilishi va hujjat loyihalarining manfaatdor davlat organlari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, tashkilotlar, olim va mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilishi belgilangan.

    Shu kunga qadar portalga jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun jami 8925 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shundan 592 ta Qonun, 988 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, 2541 ta Vazirlar Mahkamasining qarori, 1502 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat, 3216 ta mahalliy hokimlik qarorlari eʼlon qilindi.

    Qayd etilgan qonun hujjatlari boʻyicha jamoatchilikdan jami 36318 ta taklif kelib tushgan. Shundan 194 tasi inobatga olingan, 1851 tasi rad etilgan, 34273 tasiga javob berilmagan.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” farmonining ijrosi yuzasidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-apreldagi qarori bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimi (project.gov.uz) ishga tushirildi.

    Mazkur Yagona elektron tizim orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish (viza qoʻyish), shu jumladan ularning keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasidan oʻtkazish uchun bir vaqtning oʻzida va tezkor joʻnatish imkoniyati yaratildi. Eng muhimi, amalga oshirilgan harakatlarni avtomat tarzda rasmiylashtirish, taqdim etish va qabul qilish sanalarini qayd etish orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish va kelishish jarayonining shaffofligi taʼminlandi.

    Bu esa hujjat loyihalarini koʻrib chiqish jarayonida amalga oshirilgan harakatlar, manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha takliflari va eʼtirozlari toʻgʻrisida axborotni toʻplash va saqlash, axborot-tahliliy va statistik maʼlumotlarni shakllantirishda yagona elektron bazadan foydalanish, jarayonini real vaqt rejimida boshqarish, monitoring va nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

    Bugungi kunda tizimga 200 dan ortiq barcha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar ulangan. Tizim ishga tushirilgandan buyon Adliya vazirligi mazkur elektron dastur orqali 700 dan ortiq hujjat loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazdi va maʼqulladi.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi qaroriga koʻra tashkil etilgan sohada yana bir Yagona elektron – “e-qaror” tizimi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda eʼlon qilish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, shu jumladan, zarurat tugʻilganda manfaatdor idoralar tomonidan loyihalarga elektron koʻrinishdagi viza qoʻyiyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishish boʻyicha idoralararo elektron hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ularni ishlab chiqish jarayonini monitoring qilish borasida qator qulayliklar yaratmoqda.

    Shu asosda joriy yilning yanvar — may oylarida Qashqadaryo viloyatida “E-qaror” elektron tizimini aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment oʻtkazilmoqda. 2021-yil 1-iyuldan boshlab esa huquqiy eksperiment natijalari asosida “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etiladi.

    Yangi onlayn dasturning ustunligi shundaki, chiqarilayotgan qarorlarni toʻgʻridan toʻgʻri “E-qaror” tizimi orqali keng jamoatchilik bemalol kuzatib borishi mumkin. Oʻzbekiston tarixida ilk bor joriy yilning fevral oyida Qashqadaryo viloyati hokimining rasmiy qarori elektron raqamli imzo orqali qogʻoz ishlatilmasdan “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilindi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, zamonaviy axborot-texnologiyalarini norma ijodkorligi faoliyatining barcha bosqichlariga joriy etilishi, oʻz navbatida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchisi va loyihani qabul qilish jarayonida ishtirok etuvchi subyektlar faoliyatidagi ortiqcha sansalorlik va qogʻozbozliklarni hamda inson omilini bir muncha cheklashga, tartib-taomillarni oʻz vaqtida va tezkor amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Azizjon Xoʻjanazarov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    oʻqituvchisi