Koʻrik davomida 6 ming nafarga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilari salomatligi boʻyicha dastlabki xulosalar berilishi rejalashtirilgan.
***
Kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va ularning oldini olish salomatlik uchun muhim. Ayniqsa, xalq xizmatidagi kadrlarning salomatligini asrash — oldimizga qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun ahamiyatli. Bu — oilada farovonlik, davlat xizmatida esa samaradorlikni taʼminlaydi.
Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimligi koʻmagida davlat fuqarolik xizmatchilari dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda.
— “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat koʻrsatish kafolatlangan, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Shaxruz Azimov. — Koʻp hollarda davlat xizmatchilari oʻz salomatligini tekshiruvdan oʻtkazishga imkon topisholmaydi.Bu esa baʼzi klinik belgilari kech koʻrinadigan kasalliklarning rivojlanib ketishiga sabab boʻladi. Maqsadimiz — profilaktika. Sababi, davlat xizmatchilari sogʻlom va xotirjam boʻlsagina, biz xalqchil, samarador davlat xizmatini koʻrsata olamiz.
Taʼkidlash joizki, bugun davlat xizmatchilari pediatr, terapevt, jarroh-ortoped, ginekolog, oftalmolog, dermatolog, nevrolog, stomatolog, psixolog, endokrinolog kabi bir necha turdagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtkazishmoqda.
Mutaxassislar kadrlar sogʻligining barqarorligini koʻzdan kechirib, tahlillar olib bormoqda va yuzma-yuz muloqotlar asosida ularga zarur tibbiy maslahat, tavsiyalar bermoqda. Shuningdek, davlat xizmatchilarining salomatligi toʻgʻrisidagi xulosalar, baʼzi holatlarda esa chuqurlashtirilgan koʻrik va uchun yoʻllanmalar berilmoqda. Qolaversa, koʻrik natijalariga koʻra, kasallik aniqlangan xodimlarga davolanishi uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratiladi.
Sogʻ tanda — sogʻlom aql, deganlaridek, ushbu tadbir tashkilotlarda korporativ madaniyat hamda sogʻlom turmush-tarzini keng targʻib qilishga ham yordam bermoqda. Eng muhimi, ushbu eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan keyin davlat xizmatchilari ham xalqimizga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshiradi.
Jarayon davom etmoqda.
Gulchehra Ashurova,
jurnalist