Endilikda oʻzbek mahsulotlarini Yevropa bozorlarida sotish imkoniyati paydo boʻldi

    Moliya 7 Noyabr 2023 1315

    Agar 2016-yilda Yevropa ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich ikki barobardan koʻproqqa oʻsdi va 4,5 milliard dollarni tashkil etdi.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatimizni dunyoning iqtisodiy rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishdir. Har bir davlat uchun ushbu jarayonning assosiy omillaridan biri, albatta, jahon bozorida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Aynan shu yoʻnalishda soʻnggi yillarda mamlakatimizda qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

    Buning dalili tariqasida shuni taʼkidlash joizki, hozirgi kunda milliy mahsulotolarimizni Yevropa Ittifoqi bozorlarida sotish imkoni paydo boʻldi. Aholisi 500 mln dan ortiq boʻlgan YEI dunyodagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadi. Jumladan, Yevropaning toʻqimachilik sanoatida bozor hajmi 98 milliard dollarni, charm-poyabzal sanoatida 24 milliard dollarni, qishloq xoʻjaligi sanoatida 24 milliard dollarni tashkil etadi.

    Shu oʻrinda YEI bozoriga qulay shartlarda chiqish Oʻzbekiston uchun har doim dolzarb boʻlib kelgan. 2021-yilda bu borada katta qadam tashlandi. Yaʼni Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy preferensiyalar sxemasi boʻyicha benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi.

    Maʼlumot uchun: preferensiyalar bosh tizimi (GSP +) bu rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan rivojlangan mamlakatlarga eksport qilinadigan tovarlarga imtiyozli bojxona tariflari tizimi. GSP + deyarli barcha sanoat va ayrim qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qamrab oladi.

    GSP+ tizimi matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi bir qator muhim 6200 eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi bois Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdoni koʻpaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etdi.

    Jumladan, agar 2016-yilda Yevropa ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich ikki barobardan koʻproqqa oʻsdi va 4,5 milliard dollarni tashkil etdi.

    Shu bilan birga, GSP+ oddiy savdo vositasidan koʻra muhimroq. GSP+ tizimiga qoʻshilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi va sifatli boshqaruvga oid 27 asosiy xalqaro konvensiyalarini samarali amalga oshirish majburiyatini oladilar. GSP Reglamenti GSP+ oluvchilarining majburiyatlarini doimiy kuzatib borishni nazarda tutadi.