Fintex (molyaviy texnologiyalar) — innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda moliyaviy xizmatlar koʻrsatish: Big Data, sunʼiy idrok va mashinalarni oʻrganish, robotlashtirish, blokcheyn (umumiy tarmoqqa birlashtirilgan koʻplab kompyuterlarga taqsimlangan maʼlumotlarni shifrlash va saqlash), bulut texnologiyalari, biometrika va boshqalar.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tahliliga koʻra, 2013 – 2022-yillarda fintex banklarning aktivlari anʼanaviy banklarning aktivlariga qaraganda koʻproq, aniqrogʻi 105 foizga oʻsgan. Anʼanaviy banklarda esa bu koʻrsatkich 75 foizni tashkil etgan.
2023-yilda global moliyaviy texnologiyalar bozori 165,17 milliard dollarga baholanmoqda. Bu 2021-yildagiga nisbatan 57 foiz (105,41 milliard dollar) koʻp.
Fintex startaplarining eng katta ulushi Amerika (44,1 foiz), Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (36,7 foiz, 2018-yildagiga nisbatan eng katta oʻsish – 2,7-marta), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (19,2 foiz)ga toʻgʻri keladi.
2026-yilga borganda fintex sanoati 324 milliard dollargacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Bunga avtomatlashtirish texnologiyalarining rivojlanishi hamda onlayn va ilovalarga asoslangan xizmatlarning tobora kengayib borishi koʻmak beradi.
Ekspertlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy texnologiyalar bozorining yuqori oʻsish surʼatlarini prognoz qilgan holda, 2021–2030-yillarda oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 22,1 foizni tashkil qilishini kutmoqda. Natijada, Osiyo moliyaviy texnologiyalar bozori eng istiqbolli bozorga aylanib, AQSH bozorini ortda qoldiradi.
Ayni paytda Oʻzbekiston faol rivojlanayotgan fintex bozori hisoblanadi. Birinchidan, bu yerda 3 ta bank raqamli asosda faoliyat yuritmoqda (“TBC Bank” AK, “ANOR BANK” AK, “UZUM BANK” AK).
Ikkinchidan, mamlakatimizda 3 ta toʻlov tizimi operatori mavjud (uzcard, humocard, unitedfintech).
Uchinchidan, toʻlov tashkilotlari reestrida 52 ta kompaniya roʻyxatga olingan.
Toʻrtinchidan, 6 ta bank 17 ta elektron pul tizimini ishlab chiqish va ishga tushirishda qatnashdi.
Beshinchidan, moliyaviy sohada bajarilgan va sotilgan innovatsiyalar hajmi 6 yil ichida ikki barobar oshdi.