Tadqiqotda hududiy iqtisodiyotda keng qoʻllaniladigan RCA (Revealed comparative advantage) va HHI (Herfindahl–Hirschman index) indekslar tizimidan foydalanildi va tanlab olish jarayoni Oʻzbekistondan 2022-yilning yanvar-noyabr oylarida Qozogʻistonga eksport qilingan 59 ta tovar va xizmatlar boʻyicha oʻtkazildi.
Qozogʻiston yetakchi savdo hamkorimiz boʻlib, Oʻzbekiston eksportida dunyo mamlakatlari orasida Rossiya, Xitoy va Turkiyadan keyin 4-oʻrinni egallaydi. Tadqiqot davomida Qozogʻiston bozori uchun eng jozibador boʻlgan quyidagi 11 xil tovar va xizmatlar aniqlandi:
I guruh – eksporti nisbatan diversifikatsiya qilingan sabzavot va mevalar, toʻqimachilik mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari. Bu tabiiy resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarishning nisbatan past kapital sigʻimi va mahalliy aholining tadbirkorlik yoʻnalishidagi faolligi bilan bogʻliq.
II guruhga eksport konsentratsiyasining oʻrtacha darajasiga ega boʻlgan rangli metallar, plastmassalar, choʻyan va poʻlat kiritildi. Bunda resurslar bilan taʼminlanganlik (uglerod xomashyosining qazilma konlari - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo viloyati; temir rudasi Toshkent va Samarqand viloyatlari; rangli metall rudasi - Navoiy, Toshkent viloyatlari) ishlab chiqarishning kapital sigʻimi va yirik biznesning ustunlik roli asosiy omillar boʻldi.
III guruhga elektr uskunalar (Toshkent shahri), avtomobillar (Andijon va Samarqand viloyatlari), energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar (Andijon viloyati) va xizmatlar (Toshkent shahri) kirdi. Ushbu tovarlar eksportining konsentratsiyasi murakkab texnologik jarayon, yuqori malakali kadrlar, investitsiyalar va innovatsiyalarga ehtiyoj bilan bogʻliq.
Umuman, Qozogʻiston bozorida Oʻzbekiston hududlari mavqeining mustahkamlanishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni izlab topish tovarlar va xizmatlar boʻyicha eksportni quyidagilar hisobiga diversifikatsiya qilishga bogʻliq:
- hududlar (Andijon, Samarqand, Jizzax, Xorazm viloyatlari) dan avtomobillar, energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar, elektr asboblarni eksport qilishning potensial afzalliklarini kengaytirish;
- yuqori qoʻshimcha qiymatli, yuqori sifatli toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim-kechaklarni eksport qilishga oʻtish (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari).
- hududiy eksport imkoniyatlarini oshirishning drayveri sifatida yuqori texnologiyali mahsulotlar (organik kimyoviy moddalar - Buxoro va Toshkent viloyatlari; tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari - Samarqand va Andijon viloyatlari; oʻlchov asboblari - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari)ni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati