BMB Zaʼfaron brendi ostida yetishtirilayotgan zaʼfaron mahsulotining eksport hajmini oshirish va uning geografiyasini kengaytirish maqsadida Control Union Certifications (Niderlandiya) tashkiloti bilan hamkorlikdagi Euro Cert kompaniyasi yordamida USDA organic sertifikatini olish boʻyicha ishlar yakuniga yetdi.
Uzoq yillar davomida Euro Cert kompaniyasi mutaxassislari tomonidan zaʼfaron plantatsiyasida mahsulotni ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, terib olish, qayta ishlash va saqlash, qadoqlash jarayonlari toʻliq oʻrganib chiqildi. Mahsulot esa Yevropaning eng murakkab boʻlgan sinov laboratoriyalaridan bir necha marotaba muvaffaqiyatli oʻtdi.
USDA organic — bu AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat. Sertifikatlash faqat malakali va vakolatli USDA organic xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. USDA yoki Milliy organik standart mamlakat fuqarolarini sogʻlom va tabiiy organik mahsulotlar isteʼmoliga oʻtkazish uchun noyob milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda USDA organic deb belgilangan mahsulotlar kamida 95 foiz ekologik toza tabiiy ingrediyentlarni oʻz ichiga olishi kafolatlanadi.
BMB Zaʼfaron mana shunday murakkab hisoblangan qator xalqaro tashkilotlarning eng nozik sinov laboratoriyalaridan muvaffaqiyatli oʻtdi. Bundan tashqari, BMB Zaʼfaron brendi ostidagi mahsulot Yevropaning “Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas”, “Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente” (Italiya), “QC LAB McCormick France” (Fransiya) hamda Chong Kiningson (Koreya Respublikasi) laboratoriyalarida ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvdan oʻtkazilib, ISO 3632-1/2011 xalqaro standartlari asosidagi tahlil natijasida rang, hid va taʼm koʻrsatkichlari boʻyicha I kategoriya sifat darajasi sertifikatiga ega boʻldi. Bunday sertifikat shu kungacha sanoqli kompaniyalar mahsulotlariga berilgan.
Shuningdek, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA — Food and Drug Administration) Oʻzbekistondan AQSHga BMB Zaʼfaron brendi ostida zaʼfaron mahsulotini import qilishga ruxsat berdi.
Endilikda BMB Zaʼfaron tarixida yangi bosqich boshlandi. Yaʼni uning eksport geografiyasi yanada kengayib, AQSH va Shimoliy Amerika qitʼasi bozorlariga kirib borish hamda zabt etish boʻyicha yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.