Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tadqiqot davomida 2015-2021-yillarda Oʻzbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik indeksi hisoblab chiqildi va quyidagi asosiy natijalar olindi:
1. Tadqiq etilayotgan davrda indeks qiymati 43,9 dan 59,9 gacha koʻtarildi.
2. Bu vaqt oraligʻida infratuzilmalarning rivojlanish koʻrsatkichi 38 dan 64,2 gacha koʻtarildi va u indeksning ortishiga eng katta hissa qoʻshdi.
3. Eng katta oʻsish maʼlumotlarni uzatish xalqaro tarmogʻining oʻtkazuvchanlik imkoniyati (74,7 marotaba) va masofaviy bank xizmatlari tizimlaridan foydalanuvchilar (jismoniy shaxslar) soni (20,2 marotaba) kabi koʻrsatkichlar boʻyicha qayd etildi.
Oʻzbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik darajasiga oliy taʼlim bilan qamrab olishning 3,8 marotaba, internetdan foydalanuvchilar sonining 2,4 marotaba ortishi, provayderlar uchun internet-xizmatlar (tashqi kanal) uchun tariflar qiymatining 86,4 marotaba pasayishi ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
“Upwork” frilans platformasi hisobotiga koʻra, bugungi kunda frilanserlarga boʻlgan talabning kattagina qismi ( taxminan 50 foiz) hamon kichikroq va oʻrtacha kapital aylanishiga ega boʻlgan kompaniyalarning ulushiga toʻgʻri keladi. Biroq, “Fortune” 500 roʻyxatidagi (Amazon, Apple, Microsoft, Facebook, PepsiCo va boshqa kompaniyalar) yirik kompaniyalarning 33 foizi oʻz ishini autsorsingga berish uchun frilanserlar birjasiga murojaat qilmoqda. Prognozlarga koʻra, 2025-yilga borganda global frilans bozorining hajmi 13,84 trillion AQSH dollariga yetadi.
Dunyo frilans bozorining tez surʼatlar bilan rivojlanishi unga Oʻzbekistonning ham kirishi zarurligidan dalolat beradi. Bu masala qancha uzoq choʻzilsa, mamlakatimiz shuncha koʻp imkoniyatni qoʻldan boy beradi. Hozirgi vaziyatni inobatga olganda mamlakat hukumati tomonidan frilans bozori faoliyatini faollashtirish va rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Oʻzbekistonda oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolar (frilanserlar) ning huquqiy maqomi yaqinda qonuniylashtirildi va soddalashtirildi. Oʻzbekistonda frilanserlar faoliyatini davlat meʼyoriy aktlari bilan qonuniylashtirish uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini tatbiq etish koʻzda tutilgan. Mehnat guvohnomalarining joriy etilishi rasmiy roʻyxatdan oʻtmasdan yashirin iqtisodiyotda band boʻlgan fuqarolarning mehnatini qonuniylashtirishga qaratilgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati