Energetika sohasidagi atamalar lugʻati yana-da takomillashtiriladi

    Bugungi kun holatiga kelib ushbu lugʻatni toʻldirish va takomillashtirishga ehtiyoj sezilmoqda. Shu munosabat bilan barchadan ushbu lugʻatni toʻldirish va takomillashtirishga qaratilgan takliflarni kutib qolamiz.

    Maʼlumki, elektr energetikasi sohasidagi juda koʻp atamalar rus tili va boshqa tillardan kirib kelganligi va tegishli terminologik lugʻatlar mavjud boʻlmaganligi sababli uzoq yillar mobaynida rus tilida yuritilib kelingan.

    Elektr energetikasi sohasida yagona terminologik lugʻatlarning mavjud emasligi sabab, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni va ilmiy-texnik adabiyotlarni oʻzbek tilida ishlab chiqilishida oʻz-oʻzidan har-xil va qarama-qarshi fikrlar kelib chiqqan.

    Yuzaga kelgan holat esa rus tilida mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni oʻzbek tilida qaytadan ishlab chiqish yoki yangi hujjatlarni ishlab chiqilishidan avval elektr energetikasi atamalarining ruscha-oʻzbekcha va oʻzbekcha-ruscha lugʻati yaratilishi kerakligini toqazo etgan.

    Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” (oldingi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energetikasi sohasida davlat inspeksiyasi “Oʻzdavenergonazorat”) tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika instituti bilan hamkorlikda “Elektr energetika atamalari va taʼriflarining ruscha-oʻzbekcha va oʻzbekcha-ruscha lugʻati” kitobi tayyorlanishiga kirishildi.

    Taʼkidlash joizki, bugungi kunda kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dolzarb masalalardan. Shu bois ushbu nashrga alohida eʼtibor qaratilib, uning muhim jihatlari belgilab olindi. Jumladan, energetika sohasida ish boshlayotgan yosh kadrlarni sohadagi bilim va tajribalarini oshirishda va ilmiy adabiyotlarga eʼtiborini kuchaytirish, oʻzbek tilida yaratilgan normativ hujjatlar va qoidalarni hamda sohada oldimizda turgan muhim vazifalarni hal etishga xizmat qiladi.

    Olti ming atamaga izoh berilgan ushbu lugʻat barcha aloqador ilmiy-tekshirish institutlari, oliy oʻquv yurtlari, idoralar va yirik sanoat ishlab-chiqarish korxonalari bilan rasmiy ravishda kelishilgan holda tayyorlandi.

    Ushbu lugʻatdan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat shakliga oʻtkazish rejasi”ga muvofiq bir qator faqat rus tilida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilgan holda oʻzbek tilida qaytadan moslashtirilib amalga kiritildi.

    Mazkur oʻquv qoʻllanmani 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalari doirasida bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtish, uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, atamalarni yana-da boyitish davr taqozosidir.

    Abdurasul USMONOV,

    “Oʻzenergoinspeksiya” Normativ-huquqiy hujjatlarni

    ishlab chiqish boshqarmasi boshligʻi