Energetika tizimi mavsumga shaymi? – Vazir javob berdi

    Energetika 23 Noyabr 2023 572

    Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan “Hukumat soati”da deputatlarning mamlakatimizda energetik barqarorlikni taʼminlash va energetika sohasini qish mavsumiga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildilar.

    Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga energetika vaziri J.Mirzamahmudov javob berdi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirishning “drayveri” boʻlgan energetika sohasiga strategik yoʻnalish sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada elektr energiyasi samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilyapti.

    Xususan, iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga joriy etish maqsadida 2022-yilda umumiy qiymati 700 mln. AQSH dollaridan ortiq boʻlgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 1 374 megavatt boʻlgan 6 ta issiqlik va 100 megavatt quvvatli 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

    “Hukumat soati”da deputatlar aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, energiyani tejaydigan ilgʻor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdilar.

    Ushbu savolga energetika vaziri tomonidan atroflicha maʼlumot berildi. Bugungi kunda ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida hududlarda 831 km magistral, 29 ming 562 km taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari, 8 ta magistral podstansiyadagi transformatorlar hamda 10 ming 158 ta transformator punktini mukammal taʼmirlash ishlari toʻliq yakunlandi. 961 km past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 228 ta transformator punkti yangilandi. Shuningdek, Fargʻona, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahridagi podstansiyalarning quvvati 400 MVtga oshirildi.

    Belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida qish davri uchun 258 ta har xil quvvatli transformatorlar, 70 tonna sim, 80 km kabel va 490 tadan ortiq muftalardan iborat avariyaviy zaxira yaratildi.

    Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, muqobil energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish va ekspuatatsiya qilish, ularga xizmat koʻrsatadigan korxonalarini tashkil etish, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha savollar berdi.

    J.Mirzamahmudov qayd etishicha, jahondagi sodir boʻlayotgan energiya resurslariga boʻlgan talabning ortishi va iqlimning oʻzgarishi fonida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish dolzarb masalaga aylandi. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

    Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini qurish boʻyicha21 ta elektr energiyasini sotib olish boʻyicha bitimlar, 5 ta oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish shartnomasi, 2 ta asosiy shartlarni belgilovchi kelishuv va 13 ta anglashuv memorandumi imzolandi.

    Vazirning axborotiga koʻra, joriy yilda umumiy quvvati 2 817 MVt boʻlgan 8 ta loyiha doirasida dastlabki 1 517 MVt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 897 MVt boʻlgan 3 ta quyosh elektr stansiyasini hamda Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, Navoiy viloyatidagi 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 111 ta “Goldwind” shamol turbinalaridan qurilish maydoniga 23 ta toʻliq komplekt turbinalar keltirilib, shundan16 tasi oʻrnatildi, 33 ta turbina asoslarining qurilish ishlari yakunlandi. Tarmoq jadvallariga muvofiq, dastlabki100 MVt quvvat joriy yil dekabr oyida ishga tushadi. Stansiya 2025-yil avgust oyida toʻliq ishga tushiriladi.

    Bundan tashqari, Toshkent viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining tarmoq jadvallariga muvofiq dastlabki 100 MVt quvvati joriy yilning dekabr oyida tarmoqqa uzatiladi.

    Qayd etilganidek, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023-yil 21-noyabr holatiga respublika boʻyicha 402,3MVt quyosh panellari va 1 103,4 ming litrli geliokollektorlar oʻrnatilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 852,5 mln kub metr tabiiy gaz va 900,7 mln kVt soat elektr energiyasi tejalgan.

    Yoqilgʻi energetika resurslarini tejash chora-tadbirlari, shuningdek, iqtisodiyotning energiya sigʻimi yuqori boʻlgan tarmoqlarida modernizatsiya qilishga qaratilgan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi natijasida asosiy mahsulotlar ishlab chiqarishning energiya sigʻimlilik darajasi koʻrsatkichi 2019-yildagi 14,6 foizdan 2022-yilda 8,98 foizni tashkil qilgan holda 5,62 foizli punktga kamaygan.

    Shuningdek, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha boshqa bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

    “Hukumat soati”da deputatlarvazir oldiga bir qator savollarni qoʻydi. Xususan, xalq vakillari aholi va ijtimoiy soha obyektlariga suyultirilgan gaz oʻz vaqtida yetkazib berilmayotgani sabablari bilan qiziqib,kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish, uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlariniuzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlashboʻyicha savollar berdilar. Shuningdek, quyosh panellari oʻrnatilgan xonadonlarni tarmoqqa ulash, energiyani elektr tarmoqlari korxonalariga sotish uchun shartnoma tuzishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalarga masʼullar eʼtiborini qaratdi.

    Savol-javoblarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar sohada erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, energetika tizimidagi koʻrsatkichlarni yanada oshirish, energiya resurslaridan oqilona va mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish boʻyicha tegishli taklifva tavsiyalarni berdilar.

    Muhokamalar soʻngida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.