Eng faol banklar reytingi yangilandi

    Ikki xorijiy banklar ham umumiy reytingda o'z o'rinlarini 1 pog'onaga yaxshiladi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O'zbekistondagi eng faol banklar reytingini yangiladi. Joriy yilning uchinchi chorakdagi reyting yetakchilari o'z o'rinlarini saqlab qolishdi va “Kapital bank”, “Hamkor bank” va “Trast bank” eng faol banklar uchligini boshqarishda davom etmoqda. “Agrobank” va “Turon bank” tez o'sish sur'atlarini ko'rsatgan, “Xalq banki” va “Asaka bank” kabi banklarning reytingdagi pozitsiyalari biroz yomonlashgan.

    Markaz tadqiqotida banklar ikki guruhga ajratilgan, ya'ni yirik banklar va kichik banklar reytingi ushbu guruhlarning har biri uchun alohida tuzilgan. Bunda kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida yoki faqat bitta hududda faoliyat yurituvchi banklar kiritilgan.

    Yirik banklar faollik reytingidan o'rin olgan 17 ta yirik bank orasida “Kapital bank” yetakchi bo'lib, o'z o'rnini 2020-yil 2-chorakdan buyon saqlab keladi. Xususan, bankning muddatli depozitlari hajmi o'tgan chorakka nisbatan 27,1 foizga oshdi va 5,8 trillion so'mni tashkil etdi. Muddatli depozitlarning kreditlarning umumiy miqdoriga nisbati 90 foizga yetdi (bank tizimi – 24%).

    “Hamkor bank ham o'z o'rnini saqlab qoldi va umumiy reytingda 2-o'rinni egallashda davom etmoqda. Mazkur bank moliyaviy ommaboplik, aktivlar sifati va daromad olish salohiyati bo'yicha yuqori natijalarga erishdi.

    “Trast bank” daromad olish salohiyati va likvidlilik bo'yicha yetakchilikni saqlab qolgan holda, eng faol banklar uchligidan joy oldi.

    Kichik banklar faollik reytingida ishtirok etgan 14 ta moliyaviy muassasa orasida “Davr bank”, “Ziraat bank” va “Universal bank” lar kuchli uchlikka kidi. Ikki xorijiy banklar – “Tenge bank” va “O'zKDB” umumiy reytingda o'z o'rinlarini 1 pog'onaga yaxshiladi.

    Ma'lumot o'rnida aytish joiz, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O'zbekistondagi 31 tijorat banklari uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqilgan. Markaz mazkur indeksga asosan har chorakda banklar reytingini yangilab boradi. Ushbu tadqiqot bank tizimi aktivlarida xususiy sektor ulushining o'zgarishini monitoring qilish, shuningdek mamlakatimiz bank tizimida islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholash maqsadida o'tkazib kelinmoqda.

    Rauf NURULLAYEV