Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugun Oʻzbekiston boʻylab, keng miqyosida amalga oshirilmoqda. Zero, dinimiz ham bogʻ yaratishga doimo targʻib qilib, bir tup boʻlsa ham daraxt ekishni odamlarga savob beradigan va vafotidan keyin ham yaxshi amallar daftarining yopilishiga yoʻl qoʻymaydigan sadaqai joriya sifatida qaragan. Zero, dunyo hayotimizning ajralmas neʼmatlaridan biri daraxtdir. Har bir inson hayotining har bir bosqichida, tugʻilishidan to vafotigacha, uning ildizidan tortib, barglari, yogʻochlari, gullari, shoxlari, soyalari, hidlari, goʻzalligi va mevalaridan bahramand boʻladigan daraxtsiz dunyoni tasavvur qilish juda qiyin.
Muqaddas dinimiz bizni tevarak-atrofimizdagi mavjudotlarga bizning manfaatimiz uchunmi yoki yoʻqmi emas, balki ularning haqlari va ularga nisbatan bizning burchlarimiz, majburiyatlarimiz va masʼuliyatlarimiz nuqtayi nazaridan qarashga chorlaydi. Alloh taolo, bu borada, Qurʼoni karimning “Takosur” surasi 8-oyatida insonlarga qarata shunday marhamat qiladi: “Soʻngra ana oʻsha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) neʼmatlar toʻgʻrisida soʻroq qilinursizlar!”. Darhaqiqat, Qurʼoni karim oyatlarida insonning yer yuzida Allohning xalifasi ekanligi alohida taʼkidlanadi. Dunyo va undagi boyliklar ushbu maqomdagi odam bolalariga omonat qilib berilgan. Binobarin, inson ilohiy qudrat amrlariga zid harakat qilsa, hayvonlardan ham pastroq mavqega tushadi. Insonning boshqa jonzotlardan farqli oʻlaroq ustunligi Alloh taolo oldida hisobdorligidadir.
Insoniyat masʼuliyatdan tashqari, savobli ishlar qilish, oʻzaro mehr-oqibatli boʻlish kabi odob-axloqqa va ezgu amallarga targʻib qilinadi. Bu, oʻz navbatida, atrof-muhitga boʻlgan munosabatga ham taalluqlidir. Ona tabiatimizga komil inson nuqtayi nazaridan qarash musulmon axloqining eng oliy fazilatlaridan biridir. Allomalarimiz oʻz asarlarida komil inson haqida soʻz yuritar ekanlar – komil insonning birinchi tamoyili shafqat ekanligini taʼkidlaydilar. Atrof-muhit va ayniqsa, atrofimizdagi tirik mavjudotlar bilan munosabatlarimizda hurmat hamda mehr-shafqat bilan bogʻ qurmoqligimiz – ana shunday oliy fazilatlardan biri hisoblanadi.
Odam bolasiga ato etilgan eng oliy tuygʻulardan biri sevgi va rahm-shafqat faqatgina insonlarga emas, balki, barcha jonli va jonsiz mavjudotlar uchundir. Bu, hatto osmon va togʻlarni ham oʻz ichiga oladi. Zero, Imom Buxoriy rivoyat qilgan bir hadisda, suyukli Paygʻambarimiz Uhud togʻi haqida shunday degan edilar: “Uhud shunday togʻki, u bizni yaxshi koʻradi, biz ham uni yaxshi koʻramiz”. Sevgi biror narsadan zavqlanish, qanoat va qoniqish, uni goʻzal koʻrish imkonini beradi. Shu jumladan atrof-muhitga boʻlgan muhabbat ham bundan mustasno emas. Tabiatga va hayvonlarga boʻlgan shafqat va sevgi, ehtimol, bu dunyoda yaxshilikning qaytishi uchun qilinadigan savobli ishlardan emasdir, ammo bu xayrli ishlarning eng oliy koʻrinishidir. Chunonchi, Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi: “Uning (sarf qiluvchining) huzurida (zimmasida) biror kimsaga qaytariladigan neʼmat yoʻqdir. U faqat eng oliy zot boʻlmish Parvardigorining “yuzi”ni istab (ehson qilur). (U) yaqinda (qiyomat kuni ato etilajak mukofotdan) rozi boʻlur” (“Layl” surasi 19-21-oyatlar).
Atrof-muhitga mehr-shafqat bilan birga, hikmat koʻzi bilan qarash va atrofimizdagi hamma narsada gʻayrioddiy bir hikmatni koʻrish axloqimizning eng oliy darajasidir. Hikmatning birinchi tamoyili itoatdir. Itoat esa ulugʻ mutafakkir bobokalonimiz Hakim Termiziy taʼbiri bilan aytganda, barcha jonli va jonsiz mavjudotlarni butun bir borliq sifatida koʻrgan holda, Uning hikmati va marhamati oldida taslim boʻlishdir. Shu jihatdan, bugungi kunda ona tabiatni asrash biz uchun qanchalik muhimligini yanada yaxshiroq anglab boryapmiz. Yurtdoshlarimizning salomatligi, iqlim sofligi va suv taʼminotining muntazamligi, oʻn minglab yillar davomida shakllangan tuproqlarimizning unumdorligini saqlanib qolishi daraxt va oʻsimliklar bilan bevosita chambarchas bogʻliq. Boshqa tomondan, goʻzal tabiatimiz boylik va baxt, farovonlik va sivilizatsiya manbai boʻlib, ularning yoʻqligi, tuzatib boʻlmaydigan yomon oqibatlari, insoniyatni achchiq oʻyga soladi.
Xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, degan ajoyib bir naql bor. Shu jihatdan, bugun mamlakatimiz miqyosida boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbirlarida jonu dildan faol boʻlsak, hadislarda aytilgandek, har birimiz ekkan daraxtimiz uchun ajru savob olib, ikki dunyo saodatiga erishamiz.
Muzaffarxon Joniyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Hadisshunoslik boʻlimi boshligʻi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)