Bugun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishlarini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri sifatida baholamoqda. Mutaxassislarning fikricha, iqlim oʻzgarishlarining oldini olish hamda unga moslashish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri bu iqtisodiyotni “yashillashtirish”dir.

Shu bilan birga, aholi soni, yangi qurilayotgan xonadonlar, yangi iqtisodiy quvvatlarning ishga tushishi elektr energiyasiga boʻlgan talabni oshirmoqda. Bu esa oʻz navbatida, elektr energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, tejamkor vositalar hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda.

2023-yilning anomal sovuq bilan boshlanishi bu boradagi vazifalarni zudlik bilan amalga oshirilishi zaruratini yanada kuchaytirdi. Aholining elektr, kuz-qish mavsumida esa gazga ehtiyoji keskin ortishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushadi. Mutasaddilarning fikricha, hozirgi kunda kamida 2–3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt-soatga oshishi mumkin.

Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl — muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirish hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda amaliy ishlarga kirishilgan.

Prezidentimizning 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejash yoʻlidagi muhim hujjat desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Qaror bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturida bir qator muhim strategik maqsadlarga erishish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, qaror bilan sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha konsepsiya, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha harakatlar rejasi, 2022–2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari ham tasdiqlangan. Shu bilan birga, hujjat bilan “yashil” iqtisodiyotni joriy etish va uni rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organlari belgilanib, mutasaddi vazirlik va idoralarning bu boradagi vazifalari aniq qilib belgilab berildi.

Inson qadrini ulugʻlash uchun har bir yurtdoshimizning xonadonida yaxshi yashashiga sharoit yaratilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti bilan bevosita bogʻliq. Oʻzbekistonda bu maqsadlar uchun bir yilda 10 milliard dollarlik elektr quvvati va gaz yoʻnaltirilmoqda. Agar buning 10 foizi iqtisod qilinsa, bu 1 milliard dollarni boshqa ehtiyojlar uchun sarflash imkoniyati yuzaga keladi.

Oʻtgan yilning 10-iyun kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda ana shunday raqamlar keltirilar ekan, bugungi kunda buning eng samarali va maqbul yoʻli — muqobil energiyani qoʻllashni koʻpaytirish ekanligi alohida qayd etilgan edi.

Davlatimiz rahbari ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini eʼtirof etib, muqobil energiya uskunasini oʻrnatgan aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini taʼkidladi.

Mazkur yangi tizim 2022-yilning 1-sentyabridan amaliyotga joriy etila boshlandi. Bunda aholi va tadbirkorlarga bir qator qulaylik va imtiyozlar berildi. Jumladan, oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlash yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamgʻarmasi orqali joriy etildi. Muqobil energiya uskunalarini oʻrnatish istagida boʻlgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur emas. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal boʻladi.

Buning uchun jamgʻarma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi. Ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga uskunalarni boʻlib-boʻlib toʻlashga berish xarajatlari jamgʻarma tomonidan qoplab beriladi. Jamgʻarmaga esa ushbu kompensatsiya toʻlovlari uchun zarur mablagʻ ajratiladi.

Oʻzim hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Nurafshon shahridagi “Chigʻiriq” mahalla fuqarolar yigʻinida 312 xonadon, qator tadbirkorlik subyektlari mavjud. Ayni kunda ushbu imtiyoz va imkoniyatlar, ayniqsa, oʻtgan yil dekabrida va shu yilning yanvarida kuzatilgan sovuq ob-havo sharoitida tejamkor quyosh elektr panellarining ahamiyatini mahallamiz ahli va tadbirkorlarimizga targʻib qilyapmiz. Bu borada birinchi navbatda, tadbirkorlik subyektlariga, keyin aholi xonadonlariga quyosh panellarini oʻrnatish uchun tizimli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Eng muhimi, bu jarayon avvalo, pulni iqtisod qilish va elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolarga barham berishini har bir fuqaroga aniq misollar orqali yetkazyapmiz.

Quyosh panellari va suv isitgichlarini xonadonlarga oʻrnatish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, xususan, ushbu qurilmalarning quvvatiga qarab yaxshigina kompensatsiya toʻlanishi, bu uskunalar oʻrnatilganda fuqarolar uchun hech qanday qoʻshimcha soliq yoki toʻlovlar joriy etilmasligi, ayniqsa, quyosh panellaridan olingan energiyaning ehtiyojdan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotish mumkinligi koʻpchilikda qiziqish uygʻotmoqda.

Ahamiyatlisi, bunday qurilmalarning koʻp oʻrnatilishi mamlakat iqtisodiyotiga ham foyda. Elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingani sari, tabiiy manbalar tejaladi. Energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yoʻqotishlarni pasaytirish imkoniyati oshadi. Asosiysi, ekologik toza, “yashil” energiyaga oʻtish jarayoni faollashadi.

Odiljon ATAULLAYEV,

Nurafshon shahar “Chigʻiriq” mahalla

fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi