Eng zavqli dargoh

    Keyingi avlod 7 Iyul 2023 1807

    bolalarning ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom boʻlishida muhim oʻrin tutadi

    Yoz – maktab oʻquvchilari uchun eng zavqli va maroqli fasl. Albatta, har bir ota-ona yozgi taʼtilda farzandini yaxshi sharoitga ega dam olish maskanlariga joylashtirish harakatida boʻladi. Boisi, taʼtilda miriqib dam olgan bola yangi oʻquv yilini yuqori kayfiyatda, oʻzgacha ishtiyoq bilan boshlaydi.

    Ayni paytda yurtimizdagi barcha bolalar oromgohlari gavjum. Navoiy viloyatida ham bugungi kunda xuddi shunday 18 ta maskan faoliyat yuritib, ularning 11 tasi statsionar, 5 tasi kunduzgi, 2 tasi mehnat va dam olish oromgohlaridir. Ushbu maskanlarda yoz boʻyi jami 15440 nafar bolaning maroqli dam olishi rejalashtirilgan.

    “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Oftobjon” bolalar yozgi dam olish oromgohi 17 gektar maydonga ega boʻlib, oʻzining xushmanzara tabiati bilan ajralib turadi. Oromgohda bolalarning yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazishlari uchun puxta tayyorgarlik koʻrilgan. Maskan bir oraliqda 320, mavsum davomida 1300 ga yaqin bolani qabul qilish imkoniyatiga ega. Muhimi, manzilda dam oluvchilarni sogʻlomlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilgan.

    — Oromgohimizda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlarining farzandlari yoʻllanma asosida hordiq oladi. Bu yerda 41 pedagog faoliyat olib boryapti. Ular tarbiyachi, yetakchi, toʻgarak rahbari va sport yoʻriqchilaridan iborat. Dam oluvchilar qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, 14 yoʻnalishdagi toʻgaraklarga jalb etilmoqda. Shuningdek, bu yilgi mavsumdan oromgohimizda kompyuter xonasi ham tashkil etildi. Bu esa axborot texnologiyalari va dasturlashga qiziqadigan yoshlar uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratdi, — deydi oromgoh direktori Dilbar Umarova.

    Oromgohda bolalarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Zamonaviy, shinam yotoqxona, bolalar basseyni va mavjud toʻgaraklar bolalarga haqiqiy zavq bagʻishlaydi. Shuningdek, maxsus taomnomalar asosida tayyorlangan besh mahal mazali ovqat, bolalar aqliy salohiyatini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan trening mashgʻulotlar hamda ingliz tili oʻquv kursi, milliy va zamonaviy raqs, mohir qoʻllar toʻgaraklari ham oromgohning kichik mehmonlariga manzur boʻlayapti.

    Ayniqsa, mohir qoʻllar toʻgaragi qizlarga hunarli boʻlishlariga yaqindan yordm berib, ularning boʻsh vaqti yanada samarali va mazmunli oʻtishiga xizmat qilmoqda. Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqshga qiyoslanadi. Albatta, yoshlarimiz ham vaqtdan unumli foydalanib, hunar egallashga harakat qilayotgani har qancha tahsinga loyiq. Ahamiyatlisi, har bir toʻgarak yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga, tafakkurini yuksaltirishga qaratilgan.

    Maxsus dasturdan oʻrin olgan rassomlik toʻgaragi ham yoshlarning tasviriy sanʼatga qiziqishi va mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, mashgʻulotlar orqali kimdir hunar, yana biri chet tillarini oʻrganayapti va yana qaysidir bolajon sport toʻgaragida mashgʻulotlar bilan band.

    — Viloyatimizdagi oromgohlarda faoliyat yuritayotgan har bir xodim mavsum avvalida maxsus kurslarda ishtirok etdi va jarayonda ularga faoliyati yuzasidan zarur maʼlumot va tavsiyalar berildi. Hozirda dastlabki oraliqlar yakunlandi va mavsumga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilgani oʻz samaradorligini koʻrsatdi, — deydi Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Tohir Abdurahmonov.

    Shuningdek, oromgohlarda bolalar xafsizligini taʼminlash va turli noxush holatlarning oldini olish boʻyicha ham barcha chora-tadbirlar koʻrilgan. Jumladan, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar boshqarmalarining sohaviy xizmat xodimlari biriktirilib, ular tunu kun navbatchilik qilishmoqda. Bundan tashqari, oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan koʻrgazmali targʻibot materiallari hamda maxsus texnikalar yordamida bolalar bilan turli uchrashuvlar, tushuntirish ishlari, viktorinalar, koʻrik-tanlovlar va davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.

    Kelajagimiz egalari doimo eʼtiborda. Ularning ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom boʻlishi jamiyatning ertangi taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Shu maqsadda olib borilayotgan zarur chora-tadbirlar bolalar yozgi oromgohlarida yaratilgan sharoitlar misolida yana bir bor amalda oʻz ifodasini topmoqda.

    Gʻolib ABDUSALOMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri