2023-yil 10-25-sentyabr kunlari Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan Jahon merosi qoʻmitasining 45-sessiyasida Buyuk ipak yoʻlining Zarafshon — Qoraqum koridorida joylashgan 31 ta madaniy meros obyekti YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan edi. Ular orasida Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Qosim shayx majmuasi, Mirsaid Bahrom maqbarasi, karvonsaroy, sardoba hamda Mavlono Orif Deggaroniy masjidi madaniy meros obyektlari ham bor.
Navoiy viloyatiga qadami yetgan kishi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan qadim Karmanada joylashgan koʻhna meʼmoriy yodgorliklardan biri — Qosim shayx majmuasini albatta ziyorat qiladi. Ushbu majmua 500-yillik tarixga ega boʻlib, tumandagi Xoʻja Xisrav mahallasi hududida joylashgan.
Inshoot yassaviya tariqatining shu yerlik yetakchisi, shayx Xudoydod valiyning shogirdi, Markaziy Osiyoda nom qozongan diniy-siyosiy arbob Qosim shayx Azizon Karminagiy nomi bilan bogʻliq.
1558-yilda Qosim shayx uchun xonaqoh sifatida bunyod etilgan majmua mustaqillik yillarida taʼmirlanib, asl shakl-shamoyili va goʻzalligiga ega boʻldi. Bu yodgorlik xonaqoh, xilxona, masjid, ayvon va boshqa qoʻshimcha xonalardan iborat. Xonaqoh chordogʻi tarhli va qoʻsh gumbazlidir. Ichki gumbaz osti iroqi muqarnaslar bilan toʻldirilgan. Tarhining uch tomoni peshtoqli, janubiy peshtoq hashamatliligi bilan ajralib turadi va tevaragi oʻtgan asrning boshlarida devor bilan oʻralgan. Qoʻshimcha binolar, yaʼni ziyoratxona, masjid va ayvon qurilgan.
Xonaqoh qoʻshdevor boʻlib, maxsus devor oraligʻi birgina sham bilan qizdirishga moʻljallangan. Bitta shamdan hosil boʻlgan issiq havo bino haroratini moʻtadil saqlab turishga xizmat qilgan.
— Ushbu majmuani shayboniy Abdullaxon II oʻziga pir deb bilgan Qosim shayx Azizonga atab qurdirgan, — deydi tarixchi Amriddin Abutolipov. — Majmua tashqi va ichki gumbazdan iborat. 1910-1911-yillarda Buxoroning soʻnggi hukmdori Amir Olimxon tomonidan ushbu majmuaga monand bir bino barpo etilgan. Ayni vaqtda ushbu tarixiy yodgorlik bilan yaqindan tanishish uchun mahalliy va xorijiy sayyohlar soni yildan yilga ortib bormoqda.
Xonaqohning sharqiy tomonida Qosim shayx sagʻanasi bor. Sagʻana marmar va Abdullaxon gʻishti deb ataluvchi tosh bilan qoplangan. Ayrim joyiga Qurʼoni karim oyatlari yozilgan marmartosh terilgan. Hozir bu toshlarning baʼzilari saqlanib qolgan.
YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan tarixiy majmualardan yana biri Karmana tumanidagi X-XI asrlarga mansub Mirsaid Bahrom meʼmoriy yodgorligidir. Ushbu tarixiy kompleks maqbara va moʻjaz masjidni oʻz ichiga oladi.
Mirsaid Bahrom maqbarasi — noyob inshoot. U Oʻzbekiston hududidagi eng kichik maqbara. Koʻpchilik ayrim qismlari tufayli uni Buxorodagi somoniylar maqbarasiga oʻxshatadi. Maqbara binosi kvadrat shaklida hamda ixcham gumbazli. Kirish qismida juda chiroyli arka mavjud. Unda kufiy xatida yozuv bitilgan. Butun devor geometrik qoplamadan iborat. Binoning ichki qismida marmar qabrtosh mavjud. Qabr ustiga esa qimmatbaho gazlama yopilgan. Binoning ichki devori gumbazni koʻtarib turuvchi sakkiz qirrali arkalardan iborat. Arkalarda yogʻochdan oʻyib ishlangan naqshlar saqlanib qolgan.
Maqbara bir necha bor taʼmirlanib, hozir dastlabki koʻrinishini yoʻqotgan. Taʼmirlash jarayonida old tomoni pishiq gʻishtdan qayta terilgan. Inshoot meʼmoriy ashyolarining oʻzaro mutanosibligi va naqshlari ixchamligi bilan ajralib turadi.
Tarixiy kitoblarda yozilishicha, Mirsaid Bahrom yirik savdogar boʻlgan. U Karmanadan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli orqali Afgʻoniston, Eron hamda arab davlatlariga borib, savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Orttirgan mol-dunyosidan koʻp xayr-ehson berib, xalq orasida obroʻ-eʼtibor qozongan. U fiqh va tarix ilmini puxta egallagan.
— XI asrda Karmana qadimiy Buyuk ipak yoʻlidagi eng gullab-yashnagan, rivojlangan shaharlardan boʻlgan, — deydi tarixchi Ramazon Egamov. — Mirsaid Bahrom davrida bu hududda karvonsaroy ham qurilgan. Hududning har tomonlama rivojlanishi va xalq farovonligida uning xizmati beqiyos boʻlgan. Shu bois, uning vafotidan keyin bu yerda hashamatli maqbara qurilgan. Necha asrdan buyon yodgorlik bir necha marta taʼmirlandi. Hozir bu yerda ziyorat turizmi uchun barcha sharoit mavjud.
YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan tarixiy yodgorliklardan yana biri Karmana tumani Hazora qishlogʻidagi Mavlono Orif Deggaroniy jome masjididir. Ilmiy xulosalarga koʻra, ushbu majmua Markaziy Osiyodagi eng qadimiy masjid boʻlib, XІ asrda bunyod etilgan.
Masjid Deggaron qishlogʻi hududida boʻlgani uchun shu nom bilan atalgan. “Deggaron” soʻzi “qozon yasovchi” maʼnosini bildiradi. Bunga sabab qishloqda qozon yasovchi hunarmandlar istiqomat qilgan. 1910-yili Buxoro amiri Abdulahadxon masjidning oldi va bir yoniga ayvon qurdirgan. Bu ayvonlar 1980-yillargacha mavjud boʻlgan.
Mavlono Orif Deggaroniy 1313-yilda Hazora qishlogʻining Deggaron dahasida tugʻilgan. Asl kasbi doʻkondor boʻlib, boʻz toʻqish bilan shugʻullangan. U Said Amir Kulolning eng yaqin shogirdlaridan boʻlib, alloma, atoqli tarbiyachi, naqshbandiya tariqati rivojiga muhim hissa qoʻshgan zot edi.
Mavlono Orif XIV asrda — taxminan 1313-1380-yillarda yashab oʻtgan. Qabri shu yerda boʻlgani uchun masjid ham Mavlono Orif Deggaroniy deb atalgan. Ayni vaqtda ushbu masjid va atrofi katta ziyoratgoh hamda koʻrkam manzilga aylantirilgan.
Karmanadagi qadimiy karvon yoʻli boʻyida Raboti Malik karvonsaroyi joylashgan. XI asrga oid saroy qoldiqlari — omon qolgan peshtoqlarga mahalliy aholi “Buxoro darvozalari” deb nom bergan. Karvonsaroy XI asrning 70-yillarida qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim tomonidan qurilgan. XII asrning birinchi choragida qoraxoniylar sulolasining yana bir vakili Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon tomonidan taʼmirlangan. Arxeologik tadqiqotlar paytida bu noyob binoning murakkab tuzilishi aniqlangan. U mustahkam devorlar bilan oʻralgan va ikki qismga boʻlingan.
Ushbu maskan XI-XII asrlarda qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan turkiy hukmdorlarning choʻldagi mustahkam qarorgohi vazifasini oʻtagan. XIII asrdan boshlab XVIII asr boshlariga qadar Raboti Malik savdo karvonlari uchun karvonsaroy vazifasini oʻtagan. Qarorgohda yashash xonasi, oshxona, hammom, masjid va otxonalar mavjud boʻlgan.
Bugun karvonsaroylarning saqlanib qolgan xarobasi va kirish peshtoqinigina koʻrish mumkin. Karvonsaroy birinchi marta XIX asrning oʻrtalarida tilga olina boshladi. Uning tashqi koʻrinishi sayohatchilarning suratlariga asosan, shuningdek, oʻtgan asr arxeologik qazishmalari natijalariga koʻra, tabiatshunos A.Lemanning yodgorlik eskizi asosida qayta tiklangan. Bu tarixiy yodgorlik Samarqand va Buxoroni bogʻlovchi yoʻlda, yaʼni turizm halqasida joylashgani sababli sayyohlarning qadami uzilmaydi.
Raboti Malik karvonsaroyi yaqinida diametri 13 metr keladigan gumbaz ostida suv taʼminotiga xizmat qilgan sardoba hovuzi joylashgan. Olimlarning taʼbiri bilan aytganda, “yer osti koʻza”sining aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq gʻishtdan qurilgan. Unda muzday toza suv butun yoz boʻyi saqlangan. Sardoba karvonsaroy kabi yolgʻiz yoʻlovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qoʻnalgʻa vazifasini oʻtagan.
Bu inshoot suv tanqis yerlardagi maxsus hovuz boʻlib, gumbaz shaklida qurilgan. Pishgan gʻisht va gil tuproqdan ishlangan sardobaga kirish uchun eshik ham oʻrnatilgan. Qadimda sardobadan suv ichish uchun barcha yoʻlovchi va karvonlar toʻxtab oʻtgan. YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan mazkur yodgorlik hamisha sayyohlar bilan gavjum.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri