Yer qoplamasini buzmasdan turib quvurni qanday taʼmirlash mumkin?

    Odatda quvurlari yorilganda suv yer yuzasiga oqayotganidan keyin avariya brigadalari kelib, oʻsha joyni kovlab, asfaltni buzishadi. Quvurdagi nosozik qayerda ekan, deb xazina izlagandek qazib ketishadi. Ishdan chiqqan joyini topgach, payvandlab yoki xomut bilan bogʻlab, yerni yana koʻmib qoʻyaverishadi. Agar quvur juda eskirgan boʻlib, hamma joyidan suv chiqaversa, uni butunlay olib tashlab, yangisi yotqiziladi.

    Oqibatda asfalt qoplamali yoʻllar buzilib, ortiqcha mablagʻ sarflanadi. Bundan tashqari, texnik nosozlikni bartaraf etish uchun yoʻllar toʻsib qoʻyiladi, bu esa tirbandlikni keltirib chiqaradi. Bularning hammasi shu yerlik aholi uchun noqulaylik tugʻdiradi. Xoʻsh, siz-u bizga tanish boʻlgan bu holatga barham toptirish boʻyicha qanday innovatsion yechim bor?

    — Bu muammoga yangi ikki bosqichli texnologiya orqali yondashamiz, — deydi “Maya International” qoʻshma korxonasi direktori Xurshid Turdaliyev. — Birinchisi, sunʼiy yoʻldosh texnologiyasi orqali yer ostidagi biz koʻrmayotgan yemirilishlar aniqlanadi va olib kelingan uskunalar bilan suv quvuridagi yoriqning aniq nuqtasi belgilanadi. Shundan keyin aynan oʻsha joyning oʻzi 1 metr atrofida qaziladi. Suv quvurining holati toʻliq oʻrganib chiqilgach, agar uning qolgan qismlari hali yaroqli boʻlsa joyida xomut yoki payvandlash orqali taʼmirlanadi. Mabodo quvur yaroqsiz deb topilsa, ikkinchi bosqichda uning almashtirilishi kerak boʻlgan qismiga asfaltni buzmasdan, ichiga maxsus suyuqlik yuboriladi. Natijada quvurning ichida yana yangi quvur paydo boʻladi va bu hosil boʻlgan yangi quvur yana 50 yil xizmat qiladi. Atigi ikkita quduq qazish bilan ish bitadi: biridan material kiritilsa, ikkinchisidan ortiqcha chiqindilar chiqarib tashlanadi.

    Ushbu qoʻshma korxona “Suvsoz” DUK taʼsischiligida Isroil davlatining “Maya International Holistic Solutions” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2019-yilda tashkil etilgan boʻlib, shu kungacha kompaniyaning maxsus dasturi — sunʼiy yoʻldosh orqali Toshkent shahri yer osti oqava va suv quvurlaridagi 1200 taga yaqin nosozlik holatlari aniqlangan, 900 tasi joyida bartaraf etilgan. Yer osti suv quvurlaridagi koʻrinmas nosozliklarning oldindan koʻrsatilishi va shahar hokimligi hamda “Suvsoz” DUK tomonidan ularning oʻz vaqtida toʻgʻrilanishi natijasida suvning isrof boʻlishi oldi olingan. Shu kungacha bu borada 4 milliard soʻmga yaqin mablagʻ tejab qolindi

    Mazkur qoʻshma korxonaga 2020-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya orqali kiritilgan mablagʻ hajmi 1 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkichni 4 barobarga oshirish moʻljallangan.