Haq vasfini istaganda – mumtoz adabiyotga, umr dilbarligidan to'lqinlanish hissiga chanqoq bo'lganda – zamonaviy adabiyotga, hayotiy maqsadlarimni yanada teranlashtirmoqchi bo'lganda – jadid davri adabiyotiga yuzlanish odatim bor. Balki bu qishloq maktabida kutubxonachi bo'lgan onamning yoki bolaligimizdanoq shaxsiy kutubxonamiz bo'lishi shartligini uqtirgan otamning ta'siridir, balki qadimiy qo'lyozmalarni o'qish, matnni anglash, unda yashashni o'rgatgan ustozlarim sharofatidandir. Har ne bo'lganda ham, Alloh so'zni his etish ilhomini berganiga qayta-qayta shukr qilaman. Ana shu shukr shavqi bilan atrofimdagilarni o'qishga undayveraman. O'qish orqaligina boyib ketish mumkin emasdir, ammo undan-da ulug'rog'ini – kimligingni unutmaslik, o'zligingni anglash imkonini qo'lga kiritasan. Zero, “Al-Misoq”dagi va'damiz ham shu emasmidi, aslida?
Zaynobiddin Abdirashidovning “Jadidlar. Mahmudxo'ja Behbudiy” risolasini mutolaa qilarkanman, ana shunday fikrlar xayolimdan o'tdi...
Davrlar o'tishi bilan maqsadlar qayta takrorlanadimi yoki asrlardan beri millatni xor etgan muammolarimiz o'zgarmadimi, bilmadim, ammo bugungi kunimizda ham jadid ma'rifatparvarlarimizning aytganlariga, bitganlariga ehtiyojimiz baland. Chunki ularni qiynagan masalalarga hanuz davo topmadik. Hozir ham soch-soqol, ko'ylakning uzunligiyu ro'mol masalasida tongotargacha davom etgulik bahslar bor-u, rivojlanish yo'q. To'ylarda mashshoqning boshidan changallab pul sochguvchi qo'llar ilmu urfonga kelganda akashak... Dardimiz bor, darmonning yo'li ham, ammo uni o'zimiz yopaveramiz, yopaveramiz.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bu kabi yuksak g'oyalarni faoliyatining asosi etib belgilagan ma'rifatparvar allomalarimiz ilmiy merosini ommalashtirish maqsadida “Jadidlar” rukni ostida kitoblar to'plami nashr etilganligi xayrli qadamlardan bo'ldi. Mazkur to'plamda Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ishoqxon to'ra Ibrat, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon, G'ulom Zafariy singari jadidlarning hayoti va ijodi, asarlarining qisqacha tahlili, ularning faoliyati e'tirofi, hikmatli so'zlari o'rin olgan.
To'plamning elektron nusxasi qo'limga kelib tushishi bilan dastavval Munavvar qori Abdurashidxonov, so'ngroq Mahmudxo'ja Behbudiy to'g'risidagi kitoblarni o'qib tugatdim. Har ikki asar mualliflari – Sotimjon Xolboev hamda Zaynobiddin Abdirashidov ilmiy faoliyatini asosan jadidchilik harakati tadqiqiga bag'ishlagan chin olimlar ekanligi ham asarlardagi voqealar, raqamlar, tafsilotlarning ishonchliligini yanada oshiradi. Bugun men ko'proq “Jadidlar. Mahmudxo'ja Behbudiy” risolasiga to'xtalmoqchiman.
YAshayotgan kunimiz, farovon hayotimizga jonini qurbon qilish orqali poydevor yaratganlar nomini yaxshiroq anglashni istagan kishi risola mutolaasidan so'ng Behbudiy bu ro'yxat avvalida ekanligini anglaydi. Uning biografiyasidagi alg'ov-dalg'ovli voqealar shiddati, armonlari birgina Mahmudxo'janing emas, millat sifatida birikolma(ydi)gan, dunyoga fazilatlarini emas, illatlarini yoyinlayotgan o'zbekning ham afsusi bo'lishi shart. XX asr boshida choyxonadan bo'shamagan, bedana urishtirishdan bo'lak g'ami bo'lmagan, erk istagan sara yigitlarning qatl etilishini pana-panalarda shunchaki tomosha qilgan, bilimsizlikni, jaholatni illat deb bilmagan, “qadimchi” va “jadidchi”ga ajralgan jamiyat hozir ham shu kabi muammolar girdobida: kelinning sepiga qanday mato solmoq kerak, to'yning qaysi restoranda bo'lishiyu qaysi otarchiga mahliyo bo'lish, odamlarning og'izini ochirib qo'yish – shular bugunimizning maqsadlariga aylandi.
Biroq hanuz o'z tilimizning huquqlarini tiklolmaymiz, ma'rifatni millatning bezagiga aylantira olmaymiz. Risolada ayni mavzularga Mahmudxo'janing munosabati, u taklif qilgan echimlar, milliy birlik va muxtoriyat masalasi, maktab, maorif, teatr, noshirlik, gazeta-jurnal chop etish va o'qish mashaqqatlari borasida so'z yuritiladi. Risola mutolaasi yakunlangani sari Behbudiy shaxsiyati haqidagi tasavvurlar yanada oydinlashib boraveradi. Butun bir sovet hokimiyatchiligi nega aynan bitta shaxsni yo'qotish uchun shuncha fitna o'ylab topgani xususidagi shubhalarga dalillar topila boshlaydi.
Davrimizning zabardast olimlari va boshqa ma'rifatparvarlar tomonidan bildirilgan Behbudiy faoliyati borasidagi e'tiroflar unga qiziqishning yanada ortishiga xizmat qiladi. Behbudiydan keltirilgan iqtiboslar uning asarlarini to'la o'qish uchun o'quvchida katta rag'bat hosil qiladi.
“Turkiston jadidchilik harakatining boniysi” (Begali Qosimov ta'rifi)ning sirli vafotidan so'ng bitilgan marsiyalardagi ta'riflar o'rinli ekanligiga zarra qadar shubha qolmaydi:
Sani mundin buyon Turon, ko'rolurmu, ko'rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu topolmasmu?
Agar sizda jadidchilik harakati haqidagi tasavvurlaringiz yanada kengayishini istasangiz, chin vatanparvar qanday bo'lmog'i kerakligini o'zingiz uchun kashf etmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu kitobni mutolaa qilishingizni tavsiya etamiz. Tarix takrorlanadi, deyishadi. Agar zalolatga botgan, ilmdan yiroq, ma'rifatsiz o'tmish kunlari bugunga aylanmasligini istasangiz, o'qiganlaringizdan ibrat oling, tafakkur qiling. Farzandlarimizga ham ayni shu teran tafakkurni meros qoldirmoqni o'rganaylik.
Dildora Rahmonova,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali katta o'qituvchisi