Yer strategik jihatdan eng muhim tabiiy resursdir. Shuning uchun yerlardan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni taʼminlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Qonunchilikda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallaganlik, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanganlik va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 60 va 601-moddalarida yerni oʻzboshimchalik bilan egallaganlik va unga yoʻl qoʻyganlik uchun fuqarolarga 2,4 mln. soʻmdan – 3,7 mln. soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa 4,9 mln. soʻmdan – 7,3 mln. soʻmgacha jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olinishi, 99-moddasida esa oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda qurilishni amalga oshirilganlik uchun fuqarolarga 17,1 mln. soʻmdan – 24,5 mln. soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa 24,5 mln. soʻmdan – 36,7 mln. soʻmgacha jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi belgilangan.
Xuddi shunday, Kodeksning 65, 68,681,69 va 160-moddalarida ham yerdan foydalanish va huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarda yoʻl qoʻyilgan huquqbuzurliklar uchun fuqarolarga 245 ming soʻmdan – 735 ming soʻmgacha, mansabdor shaxslarga 735 ming soʻmdan – 1,2 mln. soʻmgacha jarima belgilangan.
Shuningdek, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng takroran sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrmaganlik uchun Jinoyat kodeksida 24,5 mln. – 36,7 mln. soʻm jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan. Shu kabi, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng takroran yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik uchun 12,2 mln. – 24,5 mln. soʻm jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan.
Yuqoridagi qonun normalarida huquqbuzarlik uchun qoʻllaniladigan jarimaning minimal va maksimal miqdorlari belgilanganligi huquqni qoʻllash amaliyotida koʻpchilik holatlarda bitta turdagi huquqbuzarlik uchun aybdorlarga nisbatan turlicha chora koʻrilishiga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, yer munosabatlarida huquqbuzarlik sonining oshib borayotgani sohadagi belgilangan minimal jarimalarning taʼsirchanligi kamligidan dalolat bermoqda.
Xususan, oʻtgan ikki yil davomida 50 mingdan ortiq holatlarda 6.000 gektarga yaqin sugʻoriladigan va 10.400 gektar boshqa yerlar oʻzboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilinganlini aniqlangan. Yer sotish, talon-toroj qilish bilan bogʻliq qilmishlari uchun 492 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Amaldagi maʼmuriy jarima miqdorlari yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallanishini oldini olish boʻyicha yetarlicha toʻsiq boʻla olmayotganligi bois, javobgarlik choralarini oshirish zarurati tugʻilmoqda. Ushbu masala yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra yer sohasidagi huquqbuzarlik uchun amalda belgilangan jarimalarning minimal miqdori chiqarilib, faqat amaldagi maksimal miqdori qatʼiy summada qoldirilmoqda.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik uchun fuqarolarga 3,67 mln soʻm, mansabdor shaxslarga 7,3 mln soʻm, sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻyganlik uchun maʼmuriy qamoq jazosi bekor qilinib, jarima miqdori fuqarolar uchun 4,9 mln. soʻm (amalda 3,7 mln. soʻm), mansabdor shaxslar uchun 12,2 mln. soʻm (amalda 7,3 mln. soʻm) belgilash koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tr uchastkasi va turar joyga boʻlgan huquqni oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazmaslik uchun fuqarolarga nisbatan 490 ming soʻmgacha boʻlgan jarima 1,2 mln. soʻmgacha koʻtarilmoqda, shuningdek jarima qoʻllash vakolati sud, prokuratura va soliq organlaridan kadastr organlariga oʻtkazilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, noqonuniy egallangan yerlarda qurilgan binolarni elektr, gaz, issiqlik, vodoprovod va kanalizatsiya kabi hayotiy muhim kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berganlik uchun javobgarlikning belgilanmaganligi yerlarni oʻzboshimcha egallashga imkoniyat yaratmoqda.
Shu sababli, endi oʻzboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan imoratlarni elektr, gaz, issiqlik, vodoprovod va kanalizatsiya tarmogʻiga ulab berganlar uchun ham maʼmuriy javobgarlik belgilanib, ularga nisbatan 7,3 ml. soʻmdan (fuqarolarga) 17,1 mln. soʻmgacha (mansabdor shaxslarga) jarima joriy qilinmoqda.
Jinoyat kodeksida ham yer munosabatlari bilan bogʻliq jazolar kuchaytirilish belgilanmoqda. Xususan, takroran yerni oʻzboshimchalik bilan egalaganda aybdorga belgilangan jinoiy jarima 24,5 mln. soʻmdan 98 mln. soʻmgacha oshirilmoqda, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarni qurilish qilgan holda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik (122,5 mln soʻmgacha jarima, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi) joriy etilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, Jinoyat kodeksiga yangi 2296-modda kiritilib, unda sugʻoriladigan yer uchastkasi yoki uning qismiga boʻlgan huquqni sotganlik yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berganlik uchun 122,5 mln soʻmgacha jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jinoiy jazosi belgilanmoqda. Ushbu jinoiy qilmish koʻp yoki juda koʻp miqdorda, bir guruh shaxslar, jinoiy guruhlar, takroran yoki retsidivist tomonidan yoxud xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligiga qarab yana-da ogʻirroq (eng koʻpi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) jazolanishi koʻzda tutilmoqda.
Loyihadagi yana muhim bir oʻzgaritish “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilmoqda, unga koʻra fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar Xalq deputatlari Kengashi qabul qilgan hujjatlar ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin boʻladi.
Yer munosabatlarida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishdan maqsad – yerlarni noqonuniy egallash, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanish kabi salbiy holatlarni oldini olish orqali sohada qonuniylikni taʼminlash hisoblanadi.
Qonun loyihasi bilan quyidagi manzilda tanishish mumkin, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.. https://regulation.gov.uz/uz/d/45194.