Yerni noqonuniy olib qoʻygan mansabdorlar 55 mln soʻmgacha jarima toʻlashi mumkin

    Fikr 19 Yanvar 2021 9573

    Yer iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirishning asosiy manbai hisoblanadi. Er resurslariga nisbatan oqilona munosabatda boʻlish, undan samarali foydalanish, albatta, mamlakatimiz obodligi va farovonligiga xizmat qiladi.

    Shu boisdan soʻnggi yillarda yurtimizda yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanish borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Sababi mamlakatimiz aholisi asosiy qismining daromadi va farovonligi mana shu yerdan samarali foydalana olishimizga, uning hosildorligini qay darajada saqlab turishimizga bogʻliq.

    Lekin keyingi yillarda yer uchastkalarini olib qoʻyishda qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmaslik holatlari afsuski, koʻp uchramoqda. Maʼlumotlarga koʻra, fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan aksariyat murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida koʻp hollarda mulkdorlar huquqlari buzilganligi aniqlangan.

    Shu bilan birga, soʻnggi paytlarda joylarda hokimlik va idoralar tomonidan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish borasida qator qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani sir emas. Bunday xatti-harakatlar oqibatida, fuqarolarning yerga boʻlgan huquqlari poymol etilib, shu yerlarda joylashgan koʻchmas mulklarining daxlsizligiga putur yetmoqda.

    Joriy yilning 14-yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan katta ahamiyatga egadir.

    Unga binoan, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 2002-modda bilan toʻldirilib, unda yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.

    Soddaroq qilib aytganda, mazkur kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, yerni noqonuniy olib qoʻyish mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (22 million 300 ming soʻmdan 33 million 450 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (33 million 450 ming soʻmdan 44 million 600 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

    Yana bir muhim jihat, Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qoʻyish” uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi toʻrtta qismdan iborat yangi 2295-modda bilan toʻldirildi. Bundan buyon agar aybdor yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin, ushbu harakatni yana takroran sodir etsa, u mulkdorga zarar yetkazmagan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.

    Jinoyat kodeksiga muvofiq, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran yerlarni noqonuniy olib qoʻygan mansabdor shaxslarga BHMning 200 baravaridan 250 baravarigacha (44 million 600 ming soʻmdan 55 million 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima, 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazolar qoʻllaniladi.

    Mazkur jinoyat mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, mansabdor shaxs 3 yilgacha, koʻp miqdorda zarar keltirsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

    Bulardan tashqari, mazkur qonunga asosan yerni noqonuniy olib qoʻyish mulkdorga juda koʻp miqdorda zarar yetkazsa yoki koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda sodir etilsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra esa yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish bilan bogʻliq jinoyat boʻyicha dastlabki tergov prokuratura organlari tomonidan olib borilishi belgilandi.

    Xulosa oʻrnida aytganda, yer – davlat mulki, umummilliy boyligimiz sanaladi. Demak, yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻq. Mazkur qonun esa yer uchastkasini olib qoʻyish tartibiga rioya etmaganlik va buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Abdulla ROʻZMETOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati