Tobora intensiv rivojlanib borayotgan mamlakatimiz hayoti oʻz taraqqiyotining har tomonlama muvozanatli boʻlishi uchun jiddiy qadamlarni qoʻymoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonning jahondagi imijini oshirish va ichki siyosatini ham yurgizish mutaxasisslarga har zamondagidan ham masʼuliyatli vazifalarni yuklayapti. Aslida jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch aynan sifatli taʼlim koʻrgan, malakali mutaxassis sifatida shakllangan kadrlar sanaladi.
Qator rivojlangan davlatlarda inson resurslarini shakllantirishdan tortib, ularga chuqur bilim berish, amaliy malakalarini oshirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratishgacha boʻlgan jarayonlarga yetarlicha kapital sarflanadi. Shuning uchun ham raqobatli bugungi munosabatlarda har bir shaxs jamiyatda oʻz oʻrnini munosib egallashga harakat qilishi talab etilmoqda. Buning samarali yechimlarini topishga tizimli harakatlar ham boshlangan.
Joriy yilda mamlakat miqyosidagi eng dolzarb vazifalar bir maqsad doirasida birlashgani barchamizni oʻzimizdan boshlab oʻzgarishga chorlamoqda. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida 2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”deb nomlab berishlari bejizga emas. Har tomonlama oʻylangan va jamiyatning har bir aʼzosiga oid vazifalarni yuklaydigan bu masʼuliyatli yil aynan inson kapitaliga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirishga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatga molik. Bu esa, eng avvalo, ijtimoiy davlat degan tushuncha bilan hamohanglikni koʻz oldimizga keltiradi. Asosiy qonunimizda mustahkamlanib qoʻyilishi koʻzda tutilgan bu tushuncha kelgusi yillarda jamiyatda insonning qadrini koʻtarishga yoʻnaltirilgan siyosat bilan bevosita bogʻliqligini eslashning oʻzi kifoya.
Taʼkidlanayotgan inson kapitali va ijtimoiy davlat tushunchalari bugungi kunda eng asosiy trendga aylanayotgani jamiyat uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega taʼlim tizimida ham koʻplab islohotlarni amalga oshirishni talab etadi. Maktabgacha taʼlim bolalarimizning jamiyatga moslashuvi bilan shugʻullansa, maktab taʼlimi mustahkam bilimlar fundamentini barpo etishi, oliy taʼlim tizimi esa hamma sohalarni rivojlantirishga kuchi va malakasi yetadigan yoshlarni tarbiyalash ishini isloh qilishi zaruriyatga aylandi. Buning uchun esa taʼlim tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, har tomonlama yangilash orqali sifatni oshirish, ilgʻor gʻoyalarni olib kirish orqali natijani oshirishga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirmogʻimiz zarur.
Prezidentimiz Murojaatnomada aytganidek: “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir!” Barcha saʼy-harakatlarimiz aynan mana shu gʻoya atrofida amalga oshirilishi zaruratini bugungi ziddiyatli, masʼuliyatli zamon koʻrsatib turibdi. Qaysi bir sohaga qaramaylik, ilgʻor fikrlovchi va ayniqsa fidoyi mutaxassislarga ehtiyojning kundan kunga ortib borayotganini koʻramiz. Murojaatnomada taʼlim tizimining har bir boʻgʻini uchun alohida vazifalarning eng muhimlari belgilab berildi.
Shu oʻrinda oliy taʼlim bosqichidagi vazifalar xususida toʻxtalmoqchiman. Bilamizki, bu jabhada ikki ishtirokchi – pedagoglar va talabalar tizimning bosh harakatlantiruvi kuchi hisoblanadi. Hozirda aynan ularning yondashuvlarini oʻzgartirish, yangilash taqozo etilmoqda. Albatta, bu jarayonda boshqaruv maʼmuriyatining ham oʻrni alohida.
Oliy taʼlimning majoziy maʼnodagi ikki qanoti bor. Biri taʼlim boʻlsa, ikkinchisi ilm-fan hisoblanadi. Bu aksiomaga aylangan haqiqat. Ammo ularning talab darajasida boʻlishi yoʻllarini muttasil izlash, qanday vositalardan foydalanish kerakligi ustida bosh qotirish lozim. Bugungi kun talablari shuni koʻrsatmoqdaki, oliy taʼlimning bu qanotlarini kuchga keltiradigan yana ikki muhim vosita mavjud. Ulardan biri tarbiya, ikkinchisi yangilikka intilish – innovatsiyadir. Koʻplab rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim tizimida aynan mana shu ikki jihatga alohida eʼtibor sababli oliy taʼlim tizimi oʻz oldiga belgilagan maqsadlariga erishib kelmoqda. Bu nimalarda aks etadi?
Oʻqituvchidan hamma bilimlarni oʻrgatishini talab qilish toʻgʻrimi?
Dastlab, talabalarning oʻqishga munosabatini oʻzgartirish zarur. Bu avvalo, oliy taʼlim muassasasini tanlashdan boshlanadi. Zero, maqsadli tanlov – ishning yarim natijasi degani. Universitetda baho uchun emas, bilim olish uchun oʻqish, bu– ikkinchi talab. Oʻqituvchidan hamma bilimlarni aytib berishni, oʻrgatishni talab qilishga boʻlgan yondashuvni oʻzgartirishi zarur. Chunki maktabda alohida chegaralangan doiradagi standart asosidagi bilimlarni olib oʻrgangan endigi talaba yangi bosqichda bu qarashini oʻzgartirishi lozim. Oliy taʼlim muassasalari bir qolipga solingan yagona darslikdan emas, balki ilm-fanga yoʻnaltirilgan sohasiga oid ilmiy resurslar bazalaridan foydalanishni oʻrganishi kerak. Talaba materiallarni tahlil qila olishi va oʻzi mustaqil bilim olishga intilishi, bu bilan muttasil shugʻullanishi zarur. Bu analitik qobiliyatlarni yuzaga chiqaradi, rivojlantiradi. Holbuki, har bir sohada bu muhim jihat. Talaba talabchan boʻlishi joiz. Oʻziga, doʻstlariga va oʻqituvchiga nisbatan ham. Loqaydlik, oʻz kelajagiga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Xorijiy tillarni jiddiy oʻrganish muhim. Chunki, shoirimiz Avaz Oʻtar aytganidek, “til vositai, robitai olamiyondir”, yaʼnikim, til bilmoq – jahonga yoʻl ochmoq, dunyo eshiklari kalitlariga ega boʻlmoq. Yettinchidan, badiiy kitoblarni koʻproq oʻqigan talaba har tomonlama kamol topishi – dunyoqarashi ortishi, til bilimi kengayishi, badiiy nutq ifodalarini oʻzlashtirishi va foydalanishi, estetik tafakkuri kengayishiga erisha oladi.
Dunyo charxpalagi tezlashmoqda
Xoʻsh, professor-oʻqituvchilarga nisbatan qanday islohotlarni amalga oshirmogʻimiz zarur? Albatta, sifatli taʼlimga erishish har birimizdan oʻziga xos talabni bajarishimizni taqozo etadi. Avvalo, yuguruk zamonda oʻz vaqtimiz va talabalar vaqtini qadrlash, shunga oʻrgatish kerak. Oʻz ustimizda muntazam ishlashimiz, yangilanib borayotgan ilm-fan resurslar bazalaridagi yangiliklardan muntazam boxabar boʻlishimiz muhimdir. Dunyo charxpalagi tezlashib borayotgan ayni davrda xorijiy til va zamonaviy axborot texnologiyalaridan erkin foydalana olish talab etiladi. Bu nafaqat resurslardan samaralari foydalanish, balki oʻzi ilmiy tadqiqot natijalari bilan ham oʻrtoqlashish, xorijiy hamkasblar bilan muntazam ilmiy muloqotda boʻlish uchun asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Qolaversa, rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim dargohlarida ishlash uchun ilmiy darajaga ega boʻlish eng zaruriy talab. Afsuski, bizda bu majburiy talab boʻlmagan, shu tufayli barcha oʻqituvchilarimiz ham ilmiy daraja olgan emas. Hozirgi kunda oliy taʼlimga eʼtibor kuchaygani, oylik maoshlarning ortgani, imkoniyatlar kengaygani bu ishga kirishishda motivatsiya boʻlyapti. Doktoranturaga qabul kvotalarining keskin ortgani ham aynan mana shu vazifalarni oʻz muddatida bajarish uchun asos boʻlmoqda.
Yoshlarga oʻrnak boʻlish uchun oʻziga talabchan boʻlishi, talaba bilan boʻlajak mutaxassis, hamkasb sifatida muhokamaga kirishishga zamin yaratishi zarur. Erkin fikrlovchi va muloqotda soha egasi boʻlishga intilayotgan yoshlarni toʻgʻri yoʻnaltirishi, motivatsiya berishi va fikrlarini tinglashi, munosabat bildirishi, ekspert sifatida baholashi kerak. Oltinchidan, professor-oʻqituvchi eng katta motivator boʻlishi oʻta muhim. Chunki u soha egasi – yaxshi mutaxassis, shuningdek, oʻzida namuna koʻrsatuvchi Ustoz, kelajakka ishonch ruhini tarbiyalovchi inson.
Bugungi kunda xorijiy ilmiy resurslar bazalariga kirgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, ularga xalqaro iqtiboslikni oshirish professor-oʻqituvchilarning dolzarb vazifasi boʻlib turibdi. Chunki jahondagi universitetlarning bahosi ham aynan ulardagi ilmiy faoliyat koʻrsatkichlari bilan belgilanadi. Biz ham bunga yetib keldik. Endi oʻqituvchilarimizga aynan bu talablarni kundalik ehtiyojga aylantirishimiz, ularga ham motivatsiya berishimiz lozim.
Bu talablar bugungi kunda taʼlim jarayoninig sifatli boʻlishida nihoyatda muhimdir. Chunki oliy taʼlimda taʼlim va ilmni ajratib boʻlmaydi, olimlarning intellektual mulklarini taʼlim jarayoniga joriy etish, amalayotga tatbiq etish orqali zamon talabiga mos mutaxassis yaraladi. Aks holda yaratilgan ilm natijasi qogʻozdagina qolib, befoyda narsaga aylanib qolishi mumkin.
Dunyo bilan hamqadam boʻlib
Ayni kezda taʼlim bilan bogʻliq boshqaruvchilar, maʼmuriyat oldidagi vazifalar ham dolzarb ekanligini ham qayd etish oʻrinli. Oliy taʼlim muassasasini zamonga mos harakatga keltirishda maʼmuriyatning ham oldida jiddiy vazifalar mavjud. Bu vazifalar eng avvalo, aynan yil nomi bilan hamohang tarzda insonga eʼtiborni kuchaytirish bilan bogʻliq. Talaba yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish – ularga taʼlim olish, ilm bilan shugʻullanishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratishga zamonaviy infrasturkturasiz erishib boʻlmaydi. Talabalarning tarbiyasi uchun muhim ishlarni amalga oshirish, ularni badiiy adabiyotlar bilan taʼminlashga koʻp eʼtibor qaratish kerakki, kitoblargina bizni jaholatdan qutqara oladi. Kitob soʻnggi paytlarda bizlarni qiynayotgan olomon madaniyatga ergashuvlarning oldini oladi, hayotga va dunyoga ongli baho berishga oʻrgatadi.
Yoshlardan Vatanga, yurtga, sohaga, universitetiga fidoyi boʻlishni talab qilish uchun oʻzimiz – maʼmuriyat masʼullari ham fidoyi boʻlib, buni amalda oʻrnak qilib koʻrsata olishimiz kerak. Aks holda, ishonch yoʻqoladi va talabalar fidoyilikni balandparvoz gapdek qabul qiladi.
Universitetga taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlarini yetarlicha ilgʻor tajribalarni olib kirishimiz kerak. Bunda talabalarni ham, oʻqituvchilarni ham soha rivojlangan mamlakatlarga, universitet va ilmiy markazlarga stajirovkalarga yuborishni tashkil qilishimiz, dunyo koʻrishlariga va dunyoqarashlari kengayishiga imkon berishimiz zarur. Shuningdek, taʼlim jarayoniga kuchli metodikaga ega xorijiy mutaxassis professorlarni jalb etish imkoniyatlarini topishimiz, ularni taklif etishimiz nafaqat oʻquv jarayoniga taʼsir etadi, balki professor-oʻqituvchilarimiz uchun ham fikrlashish, oʻrganish sharoitini hosil qiladi.
Bir vaqtning oʻzida ikkita universitet diplomi
Xoʻsh, aytib oʻtilgan vazifalar ijrosi yoʻlida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining boshlagan ishlari nimalardan iborat va yangi rejalari qanday?
Avvalo, taʼlim jarayonini boyitish, kengaytirish asosida yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxasissliklarning ochish boʻyicha zamon talablariga xos tarzda quyidagi taʼlim yoʻnalishlar ochildi. Milliylikning yoʻqola borish xavfi kuchaygan bir paytda Sharq mamlakatlari tarixi, milliy qadriyatlariyu mentalitetini, bugungi kunini oʻrganishga qaratilgan “Antropologiya va etnologiya” yoʻnalishi ochilib, xorijiy sharq tillari, asl manbalar asosida bu soha boʻyicha kadrlarni tayyorlash ishiga kirishildi. Bakalavr, magistratura va doktorantura uzviyligi va uzluksizligida antropologiya, etnologiya, etnografiya sohalariga eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, magistraturada sharq falsafasida alohida ahamiyatga ega eng katta taʼlimot – tasavvuf manbashunosligi va germenevtikasi nuqtayi nazardan tadqiq eta oladigan kadrlar tayyorlash ham yangi mutaxassislik doirasida yoʻlga qoʻyildi.
Oʻz navbatida, Prezidentimiz Murojaatnomasidagi “Bugungi kunda Oʻzbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng eʼtirof etayotgani ham ayni haqiqatdir”, degan fikrlarini eslatmoqchiman. Demak, bizda tobora murakkablashib borayotgan xalqaro munosabatlarni toʻgʻri baholay oladigan, Vatanimiz manfaatlarini jahon maydonida har tomonlama himoya qila oladigan xalqaro siyosatshunoslarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu sababli ham “Xalqaro munosabatlar” yoʻnalishida kadrlar tayyorlash ishiga alohida taʼlim yoʻnalishi sifatida kirishildi. Oxirgi yillarda siyosatshunoslik, jahon siyosati kabi yoʻnalishlardan farqlanuvchi bu yoʻnalishga alohida urgʻu qaratilmoqda. Bundan tashqari Sharq xalqlari tillarini mukammal biladigan, ular jurnalistikasini oʻrganib, ilgʻor tajribalarini mamlakatimizda joriy etishga kuchi yetadigan mutaxassislarni yetkazib berish maqsadida “Xalqaro jurnalistika” yoʻnalishining ochilgani ham ahamiyatga molik.
Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish har qachongidan ham dolzarb. Bu borada “Tashqi iqtisodiy faoliyat”, shuningdek, tashqi investitsiyalarni jalb etishda muhim boʻlgan “Turizm” yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlana boshlagani sharqshunoslik boʻyicha qator yangi yoʻnalishlar boʻy koʻrsatayotganini namoyon etmoqda.
Ayniqsa, fanlar va sohalararo integratsiyani kuchaytirish, multidissiplinar sohalar dunyoda talabgir boʻlayotgani bois bu yoʻnalishda ham yangiliklar qilishimiz lozim boʻladi. Akademik mustaqillik berilgan universitet sifatida Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiyadagi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qoʻshma taʼlim dasturlarining ochilgani yoshlarimiz uchun bir vaqtning oʻzida 2 ta universitet diplomlariga ega boʻlish imkoniyatlarini yaratdi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda bir qator yirik forumlar, sammitlar, xalqaro miqyosda yuqori darajagi tadbirlar tashkil etildi. Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda oʻnlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini koʻrsatib, yuksak eʼtiroflarni namoyish etmoqda. Bu kabi nufuzli tadbirlar yuzlab sharqshunos yoshlarning koʻngilli tarjimon sifatida ishtirok etgani ular uchun ham tajriba maydoni, ham katta motivatsiya boʻldi.
Bilimlarini sinab koʻrish istagidagi volonterlar safi kengayib borayotgani albatta bizni quvontiradi. Demak, tarjimashunoslar, ayniqsa sinxron tarjimonlarni tayyorlash ishimiz ham oʻz samaralarini koʻrsatmoqda. Bu borada sinxron tarjimonlar uchun Jahon bankining akademik innovatsiyalar fondi granti asosida 140 ming dollarlik loyiha yakunlanib, yangi tarjima laboratoriyamiz ishga tushirilayotgani ham yangi imkoniyatdir.
Taʼlimning sifatli boʻlishiga erishish yoʻlida oʻquv dasturlarini yangilash, kredit-modul tizimini amalga oshirish, elektron universitet tizimiga toʻliq oʻtish, zamonaviy oʻquv adabiyotlari yaratish, har jabhani raqamlashtirish boʻyicha alohida rejalar tuzildi.
“Yevroturcologica.uz” elektron platformasi yaratiladi
Murojaatnomada aytilgan vazifa ijrosi asnosida Prezidentimiz tomonidan yaqin kunlarda yangi maʼmuriy islohotlar toʻgʻrisidagi Farmoni imzolandi. Unga koʻra optimizatsiya qilingan vazirliklar orasida oliy taʼlimga masʼul vazirlik – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etildi. Endilikda yuqorida aytilgan tizimning 2- qanoti – fanni, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va ayniqsa, innovatsiyalarni yaratishga eʼtibor yuqori oʻringa chiqdi deyishimizga asos bor. Aynan shu masala oʻqituvchilar va talabalar orasida innovatsiyalar yaratishga qiziqishni kuchaytirishi, ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kuchaytirishga diqqat qaratishni talab etadi. Bu borada innovaitson loyihalarni davlat dasturlari doirasida va universitet hamda hamkor tashkilotlar bilan birganlikda yaratish yoʻllarida faoliyat olib borilmoqda. Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishga qaratilgan buddaviy obidalarning 3D formatdagi turmarshrutlarini yaratish loyihasi, ishlanayotgan inklyuziv taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan audio yozuvli darsliklar, mobil ilovalarni yaratish, xorijiy sharq tillaridan zamonaviy elektron lugʻatlar, darsliklar, tadqiqotlar yaratish, shuningdek, Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish loyihalari ham shular jumlasidan.
Xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish universitetning ustuvor vazifalaridandir. “Dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettiramiz. Bundan keyin ham asosiy eʼtiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qoʻshni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz boʻlgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz”, dedi Prezidentimiz. Bu borada yuqoridagi vazifalar doirasida talabalar, tadqiqotchilar va professor-oʻqituvchilarni xorijiy stajirovkalarga yuborilishining aniq rejalari ishlab chiqildi.
Talabalarning amaliyotini xorijiy hamkor tashklotlarda oʻtkazish, chet ellik olimlarni hamkorlikka chorlash, dars jarayonlariga jalb etish boʻyicha ham maqsadli rejalar ishlab chiqildi. Talabalarimiz Koreya, Misr, Fransiya, AQSH, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarda oʻqib, malaka va tajriba orttirib kelmoqda. Xorijiy hamkorlar, xalqaro tashkilotlarning granti asosida investitsiyalarni jalb etish ishimiz ham davom etadi. Turkiyaning TIKA tashkiloti, Yaponiyaning Mitsubishi kabi kompaniyalari, Jahon banki ham bu borada universitetimiz uchun kattagina mablagʻ sarflashdi.
Dunyoning tarqqiy etgan universitetlari qatoridan joy olish ham strategik maqsadlarimizga kiradi. Bu boradagi saʼy-harakatlarimiz samarasi oʻlaroq “THE – Times higher education” xalqaro reytingida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 400 dan 1001 oʻringacha boʻlib, 2022-yilda reporter maqomiga erishdik.
Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy koʻrgazma xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va anʼanalariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini Prezidentimiz Murojaatnomada taʼkidlab oʻtdi. Yaqinda Parijda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada aynan bizning sharqshunos bitiruvchilarimiz – olimlarning maʼruza bilan qatnashgani, shuningdek, yirik xorijiy mutaxassislarning maʼruzalarida olimlarimiz nomi eʼtirof etilgani universitetimiz tanlagan taʼlim sifatini oshirish yoʻli toʻgʻri yoʻnalishda ekanligidan dalolat bermoqda.
Zotan, “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan aqida kundalik maqsadimiz, intilishimiz va amaliy ishimizga aylansagina, inson kapitali orqali taraqqiy etgan, ilgʻor davlatlar qatoridan oʻrin olishga erishamiz.
Gulchehra RIXSIYEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori