Bugun jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish yoʻlidagi “Buyuk yuksalish” davri siyosati haqida mushohada yuritar ekanmiz, shu yashovchan hikmat umrimiz mazmuniga aylanib borayotganini teran anglash qiyin emas. Zero, mana shu toʻrt omil bundan yetti yil avval Yangi Oʻzbekiston islohotlarining negizi sifatida belgilangan edi.
Prezidentimizning joriy yil 22-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi bosib oʻtgan sharafli yoʻlimizni yana bir bor sarhisob qilish va kirib kelayotgan yangi yil marralarini yanada baland olishga undayotir.
Shu oʻrinda baʼzi mulohazalarni aytib oʻtsak. Kishilik jamiyati paydo boʻlibdiki, insonlar hamisha yaxshilik sari intilgan, hech bir jamiyat yoki davlatchilik mohiyati yoʻqki, toki uning maqsadi oʻzni qoralovchi siyosatga yoʻgʻrilgan boʻlsin. Faqat tarixda katta-kichik xatolar uchrab turadi, talqinlar rang-barangligi kuzatiladi, turli koʻngilsizliklar boʻlishi ham tayin.
Masalaga shu nuqtayi nazardan yondashganda, Prezidentimiz rahbarligida boshlangan xalqparvar siyosat faqat va faqat adolat tamoyillari asosiga qurilganini koʻrishimiz mumkin. Bu yoʻlda maqsadimiz aniq belgilandi: biz endi tarixdagi xatolarni takrorlamaymiz, xalq manfaatlari uchun ishlaymiz, uzoq yillar ortga surib kelingan muammolarni tezkorlik bilan hal etishga kirishamiz, davlat fuqarolarga xizmat qilishiga erishamiz. Agar xolis oʻylab koʻrsak, xalqimizni mana shu muhim jihatlar birlashtirib turganini, nimagaki erishgan boʻlsak, shu tamoyillar poydevor ekaniga guvohmiz.
Oidlik ruhi
Oʻtayotgan har bir kun — sinov. Hech bir kun boshqasiga oʻxshamaydi. Shunday ekan, bir tutam umr mazmunini boyitish, mahobatli hayotni sevish va qadrlash, falsafasi bilan shuhrat qozongan yaxshilik va tiriklik yoʻlini boyitish maqsadida qayon ketyapmiz oʻzi, degan savol tugʻilishi tabiiy.
Bu savolning javobi murakkab, oʻz navbatida, gʻoyat zalvarli. Bugun dunyo oʻzgarib boryapti, deymiz. Aslida-chi? Fikrimizcha, dunyo oʻz joyida turgandek, faqatgina bu jahon sahnida siyosiy tutumlar yangilanmoqda.
Prezidentimiz Murojaatnomasida taʼkidlagani: “Hammamiz koʻrib-bilib turibmiz — bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yer yuzida iqlimning keskin oʻzgarishi, suv va boshqa resurslar kamayishi bilan bogʻliq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda. Xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda”.
Shunday murakkab sharoitda Prezidentimiz konseptual Murojaatnomasida kelgusi rivojlanishimizning oltita muhim yoʻnalishini belgilab berdi.
Bu haqda toʻxtalishdan oldin, bu galgi Murojaatnomaning eng muhim oʻziga xos jihatlarini aytib oʻtishimiz kerak boʻladi.
Birinchidan, Murojaatnoma Oʻzbekiston aholisi 36 milliondan oshgan bir pallada taqdim etildi.
Eʼtibor bering, nufusimiz safiga har yili qariyb 900 ming yangi avlod qoʻshilmoqda. Bunday demografik oʻsish yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, mentalitetimizga xos yuksalish, fayzu barakaga intilish muhiti hosilasi, albatta. Qolaversa, koʻp millatli xalqimizda kelajakka boʻlgan mustahkam ishonch shakllanayotgani samarasidir.
Ikkinchidan, poyoniga yetayotgan sinovli yilda Oʻzbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylangani alohida eʼtirof etilib, bunday katta yutuqlarga erishishda fidoyilik koʻrsatgan barcha yurtdoshimizga minnatdorlik bildirildi.
Butun dunyoda ishonch ruhi soʻnib borayotgan, bu, oʻz navbatida, oʻzaro bogʻliqlikda rivojlanish tendensiyalarini kun tartibida qoʻyayotgan bugungi sharoitda har bir davlat tashqi siyosatiga zalvarli vazifalar qoʻyadi. Shunday murakkab vaziyatda Oʻzbekiston insoniyat taqdiri bilan bogʻliq hayotiy ahamiyatli vazifani uddalagani va jahon siyosati markazlaridan biriga aylangani har birimizda faxr hissini uygʻotadi.
Uchinchidan, Murojaatnomada belgilangan istiqbolli vazifa va rejalar joriy yil yakunini, yangi yil avvalini kutib oʻtirmasdanoq, katta maʼmuriy islohotlar bilan boshlab yuborildi.
“Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qoʻl boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti keldi”, dedi Prezidentimiz.
Ertasi kuni matbuotda Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Bu ikki hujjat mamlakatimizda natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratishda mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Shu kunlarda bu boradagi islohotlar jadal olib borilmoqda.
Toʻrtinchidan, bu galgi Murojaatnomada eng koʻp ishlatilgan soʻzlar “taʼlim”, “maktab”, “aholi”, “shaxs”, “xalq”, “Konstitutsiya”, “investitsiya”, “tadbirkorlik”, “mahalla” boʻldi.
Umuman olganda, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy yordam, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xalq farovonligini oshirish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, yoshlar va taʼlim kabi masalalar davlatimiz rahbari Murojaatnomalarining ajralmas qismiga aylangan.
Shu maʼnoda, bu safar ham jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishiga muhim eʼtibor qaratildi. Bu, oʻz navbatida, Taraqqiyot strategiyamizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadlariga toʻla hamohangdir.
Beshinchidan, Murojaatnomada asosiy eʼtibor taʼlim siyosatiga qaratildi.
Oʻzbekistonda taʼlim sohasiga ajratilayotgan mablagʻ yil sayin ortib bormoqda. Masalan, 2021-yilda davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni, xususan, uzluksiz taʼlim tizimi va ilm-fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan sohaga 2197 milliard soʻm, ilm-fanga 168 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan edi. Bu koʻrsatkich Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boʻyicha 2,9 trillion soʻmni, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 22,1 trillion soʻmni tashkil etdi. 2022-yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 4,1 trillion soʻm, Xalq taʼlimi vazirligiga 25,8 trillion soʻm ajratildi.
Oltinchidan, mavjud muammo va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ochiq aytilib, ularga aniq yechimlar koʻrsatildi.
Prezidentimiz milliy rivojlanishimizning yangi davriga dadil qadam qoʻyayotganimizni, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan oʻzgarishlar yuz berayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlab, hali oldinda qiladigan ishlar koʻpligiga urgʻu berdi. Bu boradagi chora-tadbirlar, vazifalar oltita yoʻnalish boʻyicha aniq taklif va yechimlar asosida belgilandi.
Bular: ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtish, “ijtimoiy davlat” tamoyilini Konstitutsiyada mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilash, ekologiya, ayniqsa, suv masalalariga jiddiy yondashish, erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashni Konstitutsiyada aks ettirish va nihoyat, iqtisodiyotda mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni koʻpaytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilash.
Yettinchidan, Prezidentimiz Murojaatnomasining yana bir muhim va farqli jihati shundaki, konseptual hujjatda ilk bor eʼtibor va sifat koʻrsatkichi diqqat markazida boʻldi.
Bu shundan dalolatki, biz rivojlangan mamlakatlarga xos hayot darajasiga erishish, yangi jamiyat qurishdek katta yoʻlga chiqdik. Yangi Oʻzbekistonning jozibador qiyofasini shakllantirish bosh maqsadimizga aylandi.
Murojaatnomadagi olti yoʻnalishda koʻzda tutilgan maqsad va vazifalar tahliliga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasi, ixcham va samarali davlat boshqaruvini tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, energetika tizimini takomillashtirish va sud-huquq tizimini isloh qilish yangi bosqichda davom etadi.
Bugun jamiyatimizda oʻzaro totuvlik va birdamlik ruhi shakllanmoqda. Bunga juda katta ehtiyoj sezayotganimiz ham bor gap. Chunki dunyoning global siyosatida oʻzaro ishonch muhiti soʻnib borayotgan bir sharoitda xalqlararo bagʻrikenglik, doʻstlik ruhi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Toʻgʻri, bu juda qiyin muddao. Bir oʻylab koʻring, dunyoda radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar urchib borayotgan bir sharoitda maʼnaviy merosni saqlab qolishning oʻzi oson emas. Nimagaki, bunday tahlikali zamonda faqat maʼnaviy yuksak kishilargina bagʻrikenglik, hamjihatlik, oʻzaro doʻstlik va birgalikda rivojlanish maqsadlarini teran anglashi mumkin.
Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz Murojaatnomasiga eʼtibor qaratish oʻrinlidir. Davlatimiz rahbari taʼkidladiki, biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz.
Bu muhim masalada alohida Milliy dastur qabul qilamiz.
Aslini aytganda, yangi milliy jamiyatlashuvimizning bosh maqsadi ham shunday belgilangan. Jamiyatimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat-maʼrifat sohasini rivojlantirish, ustoz-murabbiylar qadrini yuksaltirish, yoshlarni turli mafkuraviy tiyiqsiz oqimlarga qarshi tarbiyalash bosh maqsadimiz boʻlgan.
Yuqorida umr mazmunini boyitish, hayotni sevish va qadrlash, yaxshilik va tiriklik yoʻlini mustahkamlash maqsadida qayon ketyapmiz, degan savol qoʻyib, uning javobi murakkab va gʻoyat sermazmun ekanini aytgan edik. Murakkabligi shundaki, dunyoda axborot texnologiyalari kishilarni, xususan, yoshlarni gʻoyat pishiq qamrab olgan. Bunday muhitda yashayotgan hech kimga oson emas, boisi, texnologiyalar, avvalo, hislarni soʻndiradi, mustaqil fikrlash, jozibador hayotdan zavqlanish, atrofdagi voqea-hodisalardan hayajonlanish tuygʻusini oʻtmaslashtiradi, mehr-oqibat mezonlari ortga suriladi.
Sermazmunligi esa — oidlik baxti. Shunday murakkab zamonda yashayotgan har bir insonning hayotdan umidi boʻladi. Bu umid, istaymizmi-yoʻqmi, baribir jamiyatlashuv bilan daxldor sezgilar hosilasi oʻlaroq paydo boʻladi va yashaydi.
Odamlarning atrofdagi voqea-hodisalarga aralashuvi, davlatchilik tuzumi va joriy etilayotgan qonun-qoidalarga munosabati, ular uchun qaygʻurishi yoki xursandligining asl manbasi ham, avvalo, yashayotgan umid tufaylidir. Aytmoqchimizki, bu kabi tuygʻu kurtagi jamiyatga nisbatan oidlik shamoyilini yuzaga keltiradi. Shu tariqa jamiyatimizning yangi qiyofasi shakllanadi.
Yangi Oʻzbekistonni qurishdek ezgu maqsadlarimiz yoʻlida mana shu qiyofa haqida koʻp gapirayotganimiz ham bejiz emas. Chunki Yangi Oʻzbekiston fuqarolari bugungi islohotlarga aslo befarq emas. Biz birlashish yoʻlini tanlaganimizni tasodifga yoʻyish ham katta xatodir. Nimagaki, biz bugun fikrli jamiyatda yashayapmiz. Fikr tarbiyasiga yoʻl ochdik. Har bir fikr ulgʻayib boryapti. Buning asosi esa Prezidentimiz Murojaatnomasida juda oʻrinli keltirilgan. Oʻzingiz yana bir mushohada qiling-a: “...qanchalik qiyin boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Koʻzlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yoʻlda niyati ulugʻ, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.
Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz”.
Bu katta ishonch va tayanch qudrati bizni birgina yoʻlga boshlaydi — islohotlarga oidlik baxtiga.
Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat
Insonlarni yaxshi yo yomonga ajratish bizning eʼtiqodga toʻgʻri kelmaydi. Har bir inson, avvalo, betakror moʻjiza, alohida bir xilqat, Allohning yaratgan marhamati. Shu bois, milliy tutumlarimizdan kelib chiqib aytamizki, jamiyatda inson qadri yuksak boʻlishi kerak. Keyingi yillarda hayotdan topgan haqiqatimiz shu boʻldi, desak mubolagʻa emas.
Prezidentimiz Murojaatnomasini diqqat va teran tushunish istagi bilan oʻrgansak, koʻz oldimizda nihoyatda keng koʻlamli va yangi islohotlar davri boshlanayotganini sezamiz. Keling, shu oʻrinda kelgusi taraqqiyotimizning konseptual asosi boʻladigan Murojaatnomadan ayrim iqtiboslar keltirib oʻtamiz.
“Taraqqiyotga faqat mashaqqatli mehnat va jasoratli mehnat orqali erishiladi”, “Inson qadri, insonni eʼzozlash — eʼtiborimizdagi eng asosiy masala”, “Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, haj va umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani bizga kuch va gʻayrat bagʻishlamoqda”, “Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlashga har tomonlama qodirmiz”, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, “Bu — mening Konstitutsiyam”, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, “Mahalla — tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻonidir”, “Hech kimning unutishga haqqi yoʻq — qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat”, “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi”.
Eʼtibor qilsak, bu kabi iqtiboslarda bosh urgʻu inson qadrini yuksaltirishga yoʻnaltirilgan. Shu bois, bugun baralla aytishimiz mumkinki, Yangi Oʻzbekistonda hech kim mehr va eʼtibordan chetda emas.
Endi oʻzingiz oʻylab koʻring, har yili safimizga qoʻshilayotgan minglab goʻdaklar bizning kelajagimiz emasmi?! Ularni kamolga yetkazish, hech kimdan kam qilmay, toʻkis kelajak yaratish baxti ham katta savob emasmi?!
Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, reja va vazifalar zamirida ham ana shu qutlugʻ sharafga yoʻl ochish maqsadi mujassam, aslida. Zero, eʼtibor va sifat tajassumi hayotni bezatuvchi mohiyat ekanini bugun barchamiz yaxshi anglaymiz.
Yaxshilikni bilmoq ham fazilat
“Zamonni qoralama, bolam, — derdi ota-bobolarimiz. — Noshukurlik boʻladi. Qorin gʻamini yengish oson, inson bir burda nonga toʻyadi. Qanoatda gap koʻp. Lekin non topish uchun oʻzligingni unutma. Elni uyatga qoʻyma”.
Bu tarbiya bizni shukronalik sari yetaklab kamol toptirdi. Oʻrtada har zamonning oʻz yoʻrigʻi boʻldi, yoʻrgʻalovchilar koʻp boʻldi. Birov oʻrga tortdi, birov qirga. Ammo xalqimizning oʻyi buzilmadi, kamtarin, kamsuqum yashab keldi.
Ellik yilda el yangi, deydi xalqimiz. Bugun bizning farzandlarimiz kamolga yetdi. Zamonni oʻzgartiryapmiz. Bugun kechagidan, ertaga bugundan yaxshi yashash istagi zohir. Shukrki, mustaqilmiz, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukmron, har tongda oʻzgacha fayzni koʻramiz.
Yaqinda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning maqolasi chop etildi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: Alloh taolo diyorimizga Oʻzining aziz neʼmati — tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizlarni oʻrab turgan son-sanoqsiz neʼmatlar qurshovida yashayotganimizga amin boʻlamiz. Qurʼoni karimda Rabbimiz bunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha soʻragan narsalaringizni ato etdi. Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz”.
Shularni oʻylab, koʻnglimizdan koʻp sohir tuygʻular oʻtadi. Har bir otgan tong, har bir oʻtayotgan kunimiz uchun behisob shukr keltirishimiz kerak. Zero, bugungi qut-baraka va davlatimiz rahbari jonbozligida erishayotgan yutuqlarimiz zamirida ham, avvalo, shukronalik, kamtarinlik va hamjihatlik hikmati zohir.
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi tom maʼnoda bizni oliy maqsadlarga eltuvchi va oʻzimiz istayotgan farovon hayot sari chorlovchi yoʻlchi yulduz boʻlib qoladi. Bu borada belgilangan vazifalarni choʻng mehr va fidoyilik bilan uddalasak, marra bizniki boʻladi!