Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda ilk bor yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yozgi taʼtil davrini mazmunli tashkil etish maqsadida yangi ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. 

Loyihaning muhim jihati shundaki, bolalar oromgohlarda oʻz tengdoshlari bilan bir xil sharoitlarda dam olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa ularning ijtimoiylashuvi, yangi doʻstlar orttirishi va mazmunli vaqt oʻtkazishiga xizmat qiladi.

Maʼlum qilinishicha, loyiha ishtirokchilari uchun yoʻllanmalar hamda dam olish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab berilmoqda.

Ayni vaqtda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 1062 nafar bola oromgohlarga yuborilgan boʻlib, ular uchun sogʻlomlashtirish tadbirlari boshlangan.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, mazkur tashabbus yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning baxtli bolaligini taʼminlashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyihalardan biri hisoblanadi.