YETTB Boshqaruvchilar Kengashining yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 2 Iyul 2021 1013

    Joriy yil 1-iyulda videokonferensiya shaklida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilari Kengashining yillik yigʻilishi oʻtkazildi.

    Tadbirda bankning 71 aksiyadorlaridan, shu jumladan, 69 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya bankidan Boshqaruvchilar va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, Bank rahbariyati va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

    Tadbirning ochilish marosimida Buyuk Britaniya Gʻaznachiligi rahbari Rishi Sunak, YETTB Boshqaruvchilari Kengashi raisi Paskal Donoxou, YETTB Prezidenti Odil-Reno Basso va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

    Yigʻilish kun tartibiga bankning 30 yillik faoliyati natijalari, pandemiya oqibatida roʻy bergan global iqtisodiy inqirozni yumshatish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar samarasi, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi moliyalashtirish vositalari va mexanizmlarini joriy etish istiqbollari, shuningdek, bir qator moliyaviy va institutsional masalalar muhokamasi kiritildi.

    YETTB Prezidenti yaqin kelajakda Bank faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini, jumladan, pandemiyadan kelib chiqadigan iqtisodiy oqibatlarni yumshatish, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishni kengaytirish, “yashil” investitsiyalar va aksiyador mamlakatlar iqtisodiyotini raqamlashtirishni eʼlon qildi. 2025-yilga kelib bank investitsiyalarining yarmi iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, koviddan keyingi davrda xalqaro savdo va investitsiyalardagi toʻsiqlarni bartaraf etish hamda buzilgan yetkazib berish zanjirlari va savdo aloqalarini tiklash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tadbirda Bankning Oʻzbekiston tomonidan Boshqaruvchisi, YETTB Boshqaruvchilari Kengashi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.

    U oʻz nutqi davomida Oʻzbekistonning YETTB bilan koʻp qirrali hamkorligida erishilgan salmoqli natijalarini qayd etdi: bozor islohotlarini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, kapital bozorini rivojlantirish, davlat ulushi boʻlgan davlat korxonalari va tijorat banklarini xususiylashtirish, energetika, transport va boshqa tarmoqlarni isloh qilish.

    Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston bilan hamkorlik boshlanganidan buyon YETTB 97 ta loyihani amalga oshirish uchun mamlakat iqtisodiyotiga jami 2,4 milliard yevrodan ortiq investitsiya kiritgan. Shundan 48 ta loyiha xususiy sektorga tegishlidir.

    Oʻtgan uch yil mobaynida YETTB bilan yillik bitimlar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston uch marotaba birinchi 10 ta mamlakat roʻyxatiga kirgani, joriy yilning besh oyi yakunlariga koʻra esa tuzilgan bitimlar boʻyicha 40 ta mamlakat oʻrtasida birinchi oʻrinni egallagani alohida taʼkidlandi. 2021-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra bank tomonidan umumiy qiymati 382 mln dollar boʻlgan 8 ta loyiha maʼqullandi.

    Oʻzbekiston tomonidan iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish doirasida koʻrilgan choralar qayd etildi: Davlat rahbarining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Qarori va qayta tiklanuvchi energiyani qoʻllab-quvvatlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli qonun hujjatlari qabul qilindi, Oʻzbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy quvvatini 8 GVga oshirishni rejalashtirgan 2030-yilgacha energetika sohasini rivojlantirishning Bosh rejasi tasdiqlandi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston energetika sektorini dekarbonlashtirish boʻyicha uzoq muddatli “Yoʻl xaritasi” kelishib olindi, YETTBning “Green Cities” dasturi va “Green economy” moliyalashtirish mexanizmi orqali hamkorlikni chuqurlashtirishning qoʻshimcha yoʻllari koʻrib chiqilmoqda.

    Koviddan keyingi davrda iqtisodiy tiklanish davomida YETTBning aʼzo-mamlakatlar bilan hamkorligini yana-da chuqurlashtirish boʻyicha takliflar berildi.

    Oʻz nutqlari davomida boshqa mamlakatlardan YETTB Boshqaruvchilari pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish, YETTBga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotini tiklash jarayonida Bankning rolini faollashtirish, shuningdek, Bank aksiyadorlarining ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorligini mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilish zarurligini taʼkidlab, umumiy pozitsiyani bayon qildilar.

    Yigʻilish yakunida Bank faoliyatining kelgusi istiqbollarini belgilab beruvchi qator qarorlar qabul qilindi. Jumladan, 2021-2023-yillarga moʻljallangan YETTB strategiyasini amalga oshirish rejasi tasdiqlandi. YETTB faoliyatining geografiyasini Afrika va Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlarga kengaytirish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Jumladan, YETTB Boshqaruvchilari Kengashining navbatdagi yigʻilishi 2022-yilda Marokashda boʻlib oʻtishi va Bank Boshqaruvchilari Kengashining yangi raisi etib Bankning Portugaliyadan Boshqaruvchisi, ushbu mamlakat moliya vaziri Juan Leau saylanishi maʼlum qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Qarorgohi London shahrida joylashgan. Oʻzbekiston 1992-yil 30-apreldan YETTB aʼzosidir.