Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning turizm salohiyati, mamlakatning jahon tarixida tutgan oʻrni va madaniy merosi haqida Buyuk Britaniya uchun bosma va targʻibot materiallarini chop etish, xalqaro madaniy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha hamkorlik istiqbollari hamda yurtimizning sayyohlik salohiyatini butun jahon miqyosida ommalashtirish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv davomida Buyuk Britaniya vakillari Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, soha rivojida ommaviy axborot vositalarida targʻibotni kuchaytirish va targʻibot materiallarini koʻpaytirish muhimligini taʼkidladilar. Shuningdek, targʻibot materiallarini chop etish va madaniy tadbirlarni tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston hududlarining noyob sayyohlik yoʻnalishlari taqdimoti boʻyicha “Turistik filmlar va videoroliklar tanlovi”ni oʻtkazish, “Oʻzbekiston pazandalari” jurnali va “Discovering” ilmiy nashrini chop etish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.