Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, ITSV huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va Oʻzbekistonning bir qator tijorat banklari rahbarlari ishtirok etgan ushbu muzokaralar chogʻida hamkorlikning bugungi holati, qoʻshma loyihalar amalga oshirilishi hamda sheriklikni rivojlantirishning istiqbolli sohalari muhokama qilindi.
Yu.Rigterink Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning ijobiy natijalariga yuqori baho berdi, shuningdek, YETTBning investitsiyalarni kiritish va texnik yordam koʻrsatish orqali mamlakatdagi iqtisodiy oʻzgarish jarayonlarini faol qoʻllab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirdi.
Tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning borishini batafsil muhokama qildilar. Jumladan, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda energetika, infratuzilma va uy-joy qurilishi kabi sohalarda YETTB bilan birgalikda 1,8 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilayotganligi va ishlab chiqilayotganligi aytib oʻtildi. Tomonlar uy-joy – kommunal xoʻjaligi, ekologiya, infratuzilmani rivojlantirish va xususiy sektor sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqishni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bank sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. YETTB Oʻzbekistonda moliya sektorini rivojlantirishda va davlat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishda tahliliy – texnik yordam koʻrsatishda davom etadi.
Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun YETTBning kredit-savdo liniyalarini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, YETTB xususiy va davlat investitsiyalarini birga qoʻshib, infratuzilmaviy rivojlanish loyihalari uchun aralash moliyalashtirishning innovatsion vositalarini joriy etishda texnik yordam koʻrsatadi.
Muhokama doirasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qoʻshma loyiha va kelishuvlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash hamda munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida doimiy hamkorlikning tezkor mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.
Shuningdek, “Namangan viloyatining Chust, Pop va Namangan tumanlarida suv taʼminotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash” loyihasini joriy etish uchun 70 million dollar miqdorida qarz bitimi imzolandi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida istiqomat qilayotgan 170 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mablagʻlar viloyatdagi yettita qishloq aholi punkti (Chortogʻ, Chust, Joʻmashoʻy, Qizil-Rovot, Pop, Toshbuloq va Uygʻur)ga xizmat koʻrsatuvchi suv olish va tarqatish stansiyalari va tarmoqlari, magistral quvurlar va suv tozalash inshootlarini, shuningdek, Chust va Joʻmashoʻy qishloqlarida suv tozalash inshootlari, oqova suv stansiyalari va tarmoqlarini qurish va taʼmirlash uchun sarflanadi.
Investitsiyalar qariyb 115 ming yangi foydalanuvchilarga suv taʼminoti tarmoqlariga ulanish imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli suv yoʻqotishlari yiliga 0,6 million kubometrga kamayadi.
Loyiha aholiga xavfsiz ichimlik suvi yetkazib berish, isteʼmolchilarining shaxsiy gigiyenasini yaxshilash va mavjud suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yordam beradigan suv taʼminoti infratuzilmasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirish orqali qishloq aholisini markazlashgan suv taʼminoti tizimiga ulash boʻyicha Oʻzbekiston milliy dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qiymati 20 million dollarga teng boʻlgan “Yashil shaharlar” dasturi doirasida “Samarqand shahriga elektr avtobuslarni sotib olish” loyihasini amalga oshirish borasida mandat xati va Hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Memorandumga koʻra, Samarqand shahar YETTBning “Yashil shaharlar” flagman dasturining 48-hamkor shahriga aylanadi. Dastur infratuzilmani barqaror rivojlantirish va shahar aholisining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Yashil shaharlar” dasturi doirasida YETTB ekologik muammolarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashadi. Dasturda ishtirok etuvchi har bir shahar atrof-muhitni yaxshilash uchun pilot loyihani amalga oshiradi, soʻngra Bank mutaxassislari ishtirokida joriy ekologik muammolarga qarshi choralar koʻrish va investitsiyalarni jalb qilish uchun ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash, jumladan, uy-joy va kommunal infratuzilmasini yaxshilash, havo sifatini oshirish, yer va suv resurslarining tozaligi va ommabopligini taʼminlash, qattiq va maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish, “yashil zonalar” yaratish va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmini kamaytirish boʻyicha harakatlar dasturini ishlab chiqadi. “Yashil shaharlar” dasturi doirasida hozirgi vaqtgacha ajratilgan umumiy mablagʻ miqdori 1,5 milliard yevroni tashkil etadi va unda 30 mamlakatdan 47 shahar ishtirok etadi.