FAO va Qishloq xo'jaligi vazirligi hamkorligida yangi loyiha ishga tushirildi

    Loyiha hududi sifatida Farg'ona vodiysi tanlandi.

    Loyiha “Qishloq xo'jaligini raqamli transformatsiya qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish”, deb nomlanadi. Yangi loyihani ishga tushirish marosimi poytaxtimizda “O'zbekiston qishloq xo'jaligini bilim, innovatsiyalar va raqamlashtirish orqali transformatsiya qilish” mavzusida o'tkazilgan seminarda bo'lib o'tdi.

    Loyiha innovatsiyalarni joriy etish va butun qishloq xo'jaligi oziq-ovqat sektorini raqamli o'zgartirish bilan bog'liq muammolarni hal qilishga qaratilgan. Innovatsion va raqamli qishloq xo'jaligini rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish va fermerlar, tadbirkorlar o'rtasida o'zaro bilim almashishni takomillashtirish, milliy va mahalliy darajada ilmiy-maslahat xizmatlari bo'yicha aniq tasavvur va yo'l xaritasiga ega bo'lish loyiha oldiga qo'yilgan vazifalardan biridir. Loyiha hududi sifatida esa Farg'ona vodiysi tanlandi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) qishloq uy xo'jaliklarini kuchaytirish va tadbirkorlikni rag'batlantirish uchun yangi xizmatlar, vositalar va yondashuvlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi. Tashkilotning taraqqiyot uchun kommunikatsiyalar bo'yicha xodimi Sofi Treinen ta'kidlaganidek, “Barcha ishtirokchilar — fermerlar, davlat, xususiy yoki akademik sektor vakillari bo'ladimi, ular milliy, mintaqaviy yoki tuman darajasida jarayonga jalb qilinishi lozim. Bizning shiorimiz hech kimni ortda qoldirmaslikdir, shuning uchun biz nafaqat turli muassasalar, balki jamoalar, yoshlar, ayollar va qariyalar bilan ham muloqot qilishimiz zarur. Shuningdek, biz avlodlar o'rtasida bilim almashinuvini ta'minlashimiz kerak”.

    Seminar davomida innovatsiyalar va raqamlashtirish bo'yicha ikkita ko'p tomonlama ishchi guruh tuzildi va ularning a'zolari belgilandi.