Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi

    Ta'lim 12 Iyun 2020 12923

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil “Ilm ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish Yili” deb nom berildi. Bu ham bejiz emas, chunki taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-yo‘nalishi Aholi va yoshlarning kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasidagi tadbirkorlikka jalb qilish doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi davlat hokimiyati organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, respublika miqyosida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etishni davom ettirmoqda.

    Ushbu Beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish borasida yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratish, ularni kompyuter texnologiyalari, dasturlash asoslari va robototexnika, kompyuter o‘yinlari va kibersportni yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida bugun Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanida joylashgan Axborot-kutubxonasi markazi binosida tashkillangan navbatdagi Raqamli texnologiyalari o‘quv markazi sanitariya-epidemiologiya talablarga rioya etilgan holda ochildi.

    Markazda ko‘rkam va shinam xonalar tashkillashtirilgan, zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi. O‘quv markazida yiliga Dang‘ara tumanining 2 mingga yaqin yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika asoslarini, zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘rgatish hamda bu sohada mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilib belgilandi.

    Qolaversa, markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini o‘rgatish, turli o‘yinlar bo‘yicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy o‘yinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

    Umuman olganda, 2020-2021 yillarda viloyatda shunday 19 ta markaz ochilishi rejalashtirilgan, jumladan, joriy yilning o‘zida Bag‘dod, Rishton tumanlari va Farg‘ona, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarida raqamli texnologiyalar markazlari ishga tushiriladi.