Fargʻona viloyatining soʻlim aholi punkti – Shohimardon qishlogʻidan oʻtgan “Koʻksuv” daryosi boʻyida bunyod etilgan mazkur mikroGESda 2 ta gidroagregat oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali yiliga oʻrtacha 13 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Buning natijasida yiliga 3,5 mln metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish hamda 5 ming 400 ta xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga erishiladi.
Ahamiyatlisi, GES ishga tushirilishi orqali 8 nafar yangi ish oʻrni yaratildi.
Maʼlumot uchun: bugungi kunda Shohimardon qishlogʻidagi 1 205 ta xonadonda 7 000 nafar aholi istiqomat qiladi. Mazkur mikroGES markaziy tarmoqdan uzilgan holda ham qishloq aholisiga elektr energiyasini yetkazib bera oladi.
Hudud aholisi va 40 dan ortiq ulgurji isteʼmolchilar tomonidan 2023-yilda 9,8 mln kVt·soat elektr energiya isteʼmol qilingan. Endilikda mahalliy isteʼmolchilardan yiliga oʻrtacha 3,2 mln kVt·soat elektr energiyasi ortishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 430 kVt quvvatga ega “Vodil” mikroGES foydalanishga topshirildi.
Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 2,17 mln kVt·soatni tashkil qilib, 904 xonadon, yaʼni, “Yuqori Vodil” MFYda yashovchi aholi ekologik toza elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlanadi. Ushbu mikroGES ishga tushirilishi natijasida yiliga oʻrtacha 615 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Loyihani ishga tushirish orqali 6 nafar yangi ish oʻrni yaratildi.
Maʼlumot uchun: “Yuqori Vodil” MFY hududidagi 1 907 ta isteʼmolchi tomonidan 2023-yilda 869,6 ming kVt·soat elektr energiya isteʼmol qilingan. Mazkur mikroGES ishga tushirilishi natijasida mahalladan ortgan oʻrtacha yillik 1,3 mln kVt·soat elektr energiyani qoʻshni Boʻston va Obod mahallalaridagi isteʼmolchilarga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.