Oʻtgan yilgi oʻrganishlar natijasida Qoʻqon shahrida davomat juda pastligi aniqlangach, oʻquvchilar davomatini yuzdan aniqlash tizimi tajriba sifatida joriy qilindi. Ota-ona – maktab – mahalla hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan ushbu tizim oʻz yaxshi samarasini berdi, davomat oʻsishi 15 foizni tashkil etdi. Oʻquvchilarni maktabga qatnash davomatini yaxshilashga qaratilgan davomatni nazorat qilish axborot tizimi endi barcha taʼlim maskanlarida yoʻlga qoʻyiladi.

Taʼlim sohasida ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va viloyatda tatbiq etish maqsadida eng yaxshi oʻqituvchilardan tashkil etiladigan delegatsiyalar xorijiy davlatlarga yil davomida viloyat hokimligi tomonidan tajriba oʻrganish va malaka oshirish uchun yuboriladi. 

Maktab dasturiga kiritilgan har bir fan boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan oʻqituvchilar uchun mavjud ustamalarga qoʻshimcha ravishda viloyat hokimligining maxsus ustamasi joriy etiladi. Bu ustama bir oʻquv yili davomida toʻlab boriladi, uning talablari hamda nizomi ishlab chiqilib, barcha pedagoglarga yetkaziladi. Bu haqda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov aholiga qilgan murojaatida maʼlum qildi.