Fargʻona politexnika instituti kimyo-texnologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Sardorbek Xolmamatov yaroqsiz shinalarni qayta ishlash orqali muqobil yonilgʻi olish texnologiyasini kashf etdi. Yangi loyiha atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatib kelgan bir qancha omillarni bartaraf etish imkonini beradi. Bu bejiz emas, albatta.

Foydalanishdan chiqarilgan bir dona yaroqsiz rezina ballon tabiatga asrlar davomida zarar keltiradi. Boisi, uning tarkibida rezina, neft, metall, sintetik moddalar mavjud. U tabiiy sharoitda 500 ming yilgacha chirimaydi. Yoqib yuborilsa, atmosferaga zaharli karbonat angidrid tarqaladi. Bu tabiat, atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Iqtidorli talabaning ilmiy izlanishlari mazkur muammolarga yechim boʻladi.

Oddiy oilada kamolga yetgan Sardorbek maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq bilimga chanqoqligi, izlanuvchanligi va harakatchanligi bilan tengqurlaridan ajralib turardi. Fanlarni oʻzlashtirish bilan birga kimyo va fizika boʻyicha chuqur bilim olish maqsadida qoʻshimcha fan toʻgaraklariga qatnadi, oʻqidi, izlandi.

Farzandining ilm-fan, ixtirochilik borasidagi intilishi oila aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ixtirochilik yoʻlidagi saʼy-harakatlari yigitni Fargʻona politexnika instituti sari yetakladi. Bilim maskani yosh iqtidor egasining hayot tarzi, kundalik ishlarida oʻziga xos qanot boʻldi. Xayolida charxlanib yurgan gʻoya va tashabbuslarni roʻyobga chiqarish, ilmiy asosda boyitishga undadi. Bunda ustozlar koʻmagi, nazariy bilimlar amaliyot asosida uygʻunlashgan oʻquv jarayonlari samarasi katta boʻldi. Dastlab oddiy qiziqishdan boshlangan izlanishlar koʻlami kundan kunga kengayib bordi, yangi tahlillar, natijalar boʻy koʻrsatdi.

— Bugun insoniyat duch kelgan eng katta muammolardan biri energiya taqchilligidir, — deydi yosh tadqiqotchi. — Energiyani ishlab chiqarishda asosiy manba neft mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keladi. Ular oʻrnini qoplovchi muqobil yonilgʻi manbalari yoʻq. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida qattiq chiqindi — yaroqsiz shinalardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanib, yonilgʻi olish texnologiyasini ishlab chiqdik. Bu yoʻl orqali yaroqsiz ashyolarning tabiatda toʻplanishi, yoqib yuborilishi bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldi olinadi. Bir tonna yaroqsiz shina yoqilsa, atmosferaga 750 kub metr zararli gaz chiqadi. Bu, avvalo, inson salomatligi va atrof-muhit musaffoligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, turli xastaliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi. Yaroqsiz shinalar quyosh taʼsirida kichik moddalarga aylanib, ekin maydonlari, suv havzalariga ham zarar keltiradi. Ustozim Gʻulomqodir Mirzaqulov bilan yaroqsiz shinalardan pirolis jarayoni, yaʼni yuqori haroratda kislorod va boshqa oksidlanuvchilar ishtirokida parchalash orqali yonilgʻi olish texnologiyasini joriy qildik. Natijada gazlar, suyuq va qattiq mahsulotlar hosil boʻldi. Bular dizel oʻrnini bosuvchi yonilgʻi, poʻlat, tabiiy gaz va sirtfaol modda (absorbent)lardan iborat. Mahsulotlar xalq xoʻjaligi va sanoat tarmoqlari uchun muhim xomashyo vazifasini oʻtaydi. Tahlillarimizga koʻra, bular tabiiy dizel mahsulotiga 98 foiz oʻxshash. Ularning zamonaviy katalizatorlar yordamida tozalangani sifatni oshirish imkonini berdi. ­Texnologiyada chiqindi deyarli boʻlmaydi. Olingan gazni oʻziga yoʻnaltirib, yonilgʻi sifatida foydalanish mumkin. Bir tonna yaroqsiz shinadan 500 litr muqobil yonilgʻi olsa boʻladi. Uning atmosferaga zararli jihati yoʻq. Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvi ish samaradorligimizni yanada oshirish, yangi tadqiqotlar ustida ishlash va izlanishlarga daʼvat etdi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan tatbiq etilayotgan startap loyihalarni moliyalashtirish uchun imtiyozli mablagʻ ajratilayotgani ilm-fan rivoji yoʻlida yangi imkoniyat eshiklarini ochish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Yosh kashfiyotchining ilmiy izlanishlari “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovida istiqbolli loyihalar qatoridan joy oldi.

— Loyihadan koʻzlangan maqsad va umidimiz katta. Shu kunga qadar bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlarda bunday ijobiy natijalar kuzatilmagan, — deydi Fargʻona politexnika instituti kimyo-texnologiya fakulteti dekani, texnika fanlari doktori Gʻulomqodir Mirzaqulov. — Yosh tadqiqotchi bu yoʻnalishda oʻziga xos izlanishlar olib bormoqda. Amaliy natija va tahlillar quvonarli. Loyihani sanoatlashtirish borasida ishlar bajarilyapti. Loyihalarimiz shu bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Ayni kunda yomgʻir suvidan foydalanib, sugʻorish murakkab boʻlgan hududlarda “yashil zona”lar tashkil qilish ustida ishlayapmiz. Yurtimizda yogʻingarchilikning oʻrtacha yillik hajmi 186, adir va togʻoldida 300-550 millimetrni tashkil etadi. Togʻli hududlarda esa 800-900 millimetrgacha yetib, 70-90 kungacha yogʻingarchilik kuzatiladi.

Hisob-kitobga koʻra, 1 kvadrat metr tom sathidan oʻrtacha 186 litrga teng yomgʻir suvini toʻplash mumkin. Bu sugʻorish murakkab yerlarni oʻzlashtirish, suv bilan taʼminlash orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish imkonini beradi. Tabiiy yomgʻirdan yigʻib olingan suv quvurlar yordamida bevosita oʻsimlik ildizi atrofiga kichik meʼyorlarda tomizib sugʻorilishi hisobiga mehnat sarfi kamayadi. Qoʻshimcha ish oʻrinlari ochiladi. Yana bir jihati, yomgʻir suvidan foydalanib, bir kishi kuniga oʻrtacha 71 litrgacha ichimlik suvni tejashi mumkin. Ishlab chiqarish jarayoni, maishiy xizmatlar, uy xoʻjaligi, avtomobil yuvish shoxobchalarida yomgʻir suvidan foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali ichimlik suv sezilarli miqdorda tejaladi. Loyiha iqlim sharoitidan kelib chiqib, mavjud resurslarni iqtisod qilish va isteʼmolchilarning suvga munosabatini oʻzgartirish imkonini beradi.

Bilim olish igna bilan quduq qazishga qiyoslanadi. Uning zamirida sabr-toqat, mehnat va izlanish kabi hayotiy haqiqatlar mujassam. Yosh tadqiqotchi Sardorbek Xolmamatov bu mezonga amal qilib, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida oʻz bilim va salohiyatini namoyon etayotir.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri