Koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemiologik vaziyat hanuz dunyo miqyosida beqaror boʻlib turibdi. Pandemiya barcha sohalar qatori dunyo farmatsevtika sanoati uchun ham sinov davri boʻldi. Murakkab epidemiologik vaziyat farmatsevtika sanoatini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi.
Aholining yuqori samarali dori-darmonga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish farmatsevtika sanoatining qay darajada rivojlangani bilan bogʻliq. Yurtimizda bu sohada ham salmoqli ishlar qilinmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda farmatsevtika sohasiga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida tizimdagi korxonalar soni keskin oshdi. Oʻtgan yillar davomida bir nechta meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Buning samarasi oʻlaroq, pandemiya davrida xalqimizni sifatli va arzon dori-darmon bilan taʼminlash imkoniyati yaratilgani, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan dori-darmon ichki ehtiyojni qondirish barobarida 20 ga yaqin davlatga eksport qilinganini taʼkidlash mumkin. Ammo zimmamizdagi vazifalar koʻlami keng. Mamlakatimiz aholisi koʻpayib, arzon va zamonaviy dorilarga talab yildan-yilga ortmoqda. Sohada yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratilishi esa dori-darmonlarni sifatli ishlab chiqarishda muhim omil sanaladi. Davlatimiz rahbarining “2022-2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora- tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sohani jadal rivojlantirishga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etadi.
Farmonda sohaga oid imtiyozlar, xalqaro standartlarni joriy qilish boʻyicha qator vazifalar belgilangan. Jumladan, aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyal arni joriy etish orqali tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni taʼminlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish alohida qayd etilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori-darmonni jahon bozoriga olib chiqish, 2025-yil 1-yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini barcha mamlakatlarga, jumladan, qoʻshni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yoʻl transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) 5 foizidan (avtomobil transportida tashish holatida) va 7 foizidan (temir yoʻl transportida tashish holatida) koʻp boʻlmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etish, eksportni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar qamrab olingan.
Farmonning asosiy bandlaridan birida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilishi keltirilgan. Bu investorga nima beradi?
Farmatsevtika sanoatida texnologik jihatdan ishlab chiqarish qiyin boʻlgan dorilar mavjud. Ularni ishlab chiqarish nafaqat qiyin, balki unga tikiladigan investitsiya miqdori ham katta hisoblanadi. Oʻz navbatida, bu turdagi dorilar asosan davlat tomonidan xarid qilinadigan preparatlar hisoblanadi. Misol uchun, pandemiya davrida mamlakatimizda vaksina xarid qilinib, aholiga bepul yetkazib berilmoqda. Demak, davlat tadbirkorning xaridori hisoblanadi. Tadbirkor shu turdagi mahsulotini ishlab chiqarayotgan paytda davlat tomonidan berilgan kafillik investitsiyaning maqsadga muvofiq amalga oshirilishiga yordam beradi. Agar tadbirkor kredit olib, maʼlum bir sababga koʻra, mahsulotini sota olmay qolsa, bankrotlikka sabab boʻlishi mumkin. Shu bois, mamlakatimizda yillar davomida onkologiyaga qarshi yoki vaksina turidagi zamonaviy dorilarni ishlab chiqarish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Mana endi shunday sharoit yaratilyaptiki, agarda investor qoʻyilgan talablar asosida mahsulotni sifatli, arzon, oʻz vaqtida yetkazib berish boʻyicha buyurtma olgan boʻlsa, davlat oʻz navbatida, shu tadbirkordan mahsulotini 3 yil davomida sotib olishga kafillik bermoqda. Bu davlat uchun ham, tadbirkor uchun ham manfaatli boʻladi.
Sohada yillar davomida bir necha cheklovlar mavjud edi. Masalan, yurtimizda qon preparatlarini ishlab chiqarish, aholidan qon yigʻish, uni qayta ishlash, saqlash hamda qon plazmasidan turli dorilar tayyorlash yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan edi. Sababi, bunda davlat monopoliyasi mavjud boʻlgan. Yaʼni davlatdan boshqa hech kim, xususan, xususiy sektor qonni yigʻish, saqlash va qayta ishlash hamda har xil turdagi dorilarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega emasdi. Vaholanki, mamlakatimizda qon pereparatlariga ehtiyoj oshib bormoqda. Farmonda ushbu cheklovga barham berildi. Yaʼni mahalliy tadbirkor shu turdagi dorilarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻldi.
Sohada rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan yoʻnalishlardan yana biri, bu — klinik sinovlarning xalqaro talablarga javob bermayotgani edi. Oʻzbekistonda klinik sinovlarni shu kunga qadar faqat kasallarda oʻtkazish mumkin edi. Endilikda sogʻlom koʻngillilarda klinik sinov oʻtkazishga ruxsat etildi. Umuman, hujjatda belgilangan vazifalar va imtiyozlar respublikamiz farmatsevtika sanoati taraqqiyotini yuqori pogʻonaga olib chiqishi shubhasiz.
Shu oʻrinda mavzuga oid quyidagi maʼlumotni taʼkidlab oʻtish oʻrinli boʻladi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida hozirgi kunda Markaziy Osiyoda katta ahamiyatga ega “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy- ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri barpo etilmoqda. Ushbu loyiha ikki yil avval boshlangan. Hozirgi kunda juda koʻp obyektlarda qurilish ishlari jadallashgan. Hudud ga yana qoʻshimcha ravishda ajratilgan yerda yangi investitsion loyihani amalga oshirish moʻljallangan. Bu, oʻz navbatida, farmatsevtika sanoatimizni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.