Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan shahar boʻlimi ish yurituvida fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining 2019-yildagi buyrugʻiga koʻra fuqaro B.K.dan undiruvchi X.U foydasiga ikki nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Davlat ijrochisi tomonidan fuqaroga farzandlari taʼminoti uchun belgilangan pulni oʻz vaqtida toʻlash lozimligi ogohlantirilgan. Ammo, ota bunga eʼtiborsizlik bilan qaraydi va qarzdorlik 17 oydan beri toʻlanmay keladi. Bu ish boʻyicha toʻplangan hujjatlar sudga yuborildi va boʻlib oʻtgan majlisda unga nisbatan 10 sutkalik qamoq tayinlandi.

Yana bir fuqaro, Z.M ham uzoq vaqtdan beri aliment toʻlamasdan kelayotgan masʼuliyatini unutgan otalardan. Boʻlmasa, davlat ijrochisi tomonidan majburiyat bir necha bor eslatilmas edi. Fuqaro boʻlsa “ana toʻlayman” “mana toʻlayman” deb vaqtdan yutish payida boʻladi. Oylar oʻtib qarzdorlik salkam 7 million soʻmga borib yetdi. Boʻlib oʻtgan sudda fuqaro boʻyicha toʻplangan hujjatlar atroflicha koʻrib chiqilib, taraflar eshitildi. Sud davomida unga qarzdorlikni bartaraf etish uchun imkoniyat ham berildi. Biroq, u bundan ham toʻgʻri xulosa qilmadi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan 10 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi. Boʻlib oʻtgan sud davomida yana 11 nafar qarzdor otaning maʼmuriy huquqbuzarlik masalasi koʻrib chiqilib, ularga ham tegishlicha choralar koʻrildi.

Shu oʻrinda alohida qayd etish joizki, Byuroning Namangan shahar boʻlimi tomonidan aliment undiruvlari bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash doimo nazoratda. Huquqni muhofaza qilish idoralar, hokimlik va sudlar bilan aliment toʻlovchilar bilan profilaktika tadbirlar oʻtkazib, amaldagi qonunchilik yuzasidan tushuntirishlar berib kelinmoqda. Jumladan, kuni kecha Namangan shahridagi “Yoshlar markazi” da boʻlib oʻtgan tadbir ham voyaga yetmaganlarning huquq manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.

Otabek Otajonov,

MIB Namangan shahar boʻlimi boshligʻi